Umid Ahmadjonov Andijon olimpiya zaxiralari kolleji faoliyatidan norozi bo‘ldi

O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti va futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonovning Andijonga safari davom etmoqda.
Kunning muhim tashriflaridan biri Andijon olimpiya zaxiralari kollejiga bo‘ldi. Bu yerda Umid Ahmadjonov yosh sportchilar bilan muloqot qildi. Ularning muammolari, o‘quv jarayonida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar tinglandi.
MOQ rasmiy saytida yozilishicha, Ahmadjonov kollej faoliyatidan mutlaqo norozi bo‘lgan.
«Kollejga qabul qilish kvotalari, o‘quvchilar soni masalasida xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan. Masalan, xar yili sport maktabiga 100 nafar, kollejga 100 nafar o‘quvchi qabul qilinar ekan. Bu umumiy hisobda 200 nafar yosh sportchi degani. Ushbu 200 kishilik kvota 29 xil sport yo‘nalishiga taqsimlangan. Ajablanarlisi, voleybol uchun qabul qilish kvotasi uch nafarni tashkil qilar ekan. Uch nafar o‘quvchi bilan qanday qilib voleybolni rivojlantirishimiz mumkin?
Biz nima uchun jamoaviy sport turlarida oqsaymiz deb dod solamiz. Olimpiya zaxiralari kollejlarida qabul shu tarzda bo‘ladigan bo‘lsa, mana shunday munosabatni ko‘radigan bo‘lsak qanday qilib sportning bu turini rivojlantiramiz? Birorta jamoaviy sport turida o‘quvchilar to‘liq jamoa shaklida qabul qilinmagan. Nafaqat voleybol, balki, basketbolda bitta guruhda uch nafar, gandbolda uch nafar, futbol olti yoki yetti nafar o‘quvchi bor. Vaholanki, futbolni bir jamoada 11 kishi o‘ynaydi».
Shu sababli, kollejga o‘qishga qabul qilish mexanizmi qayta ko‘rib chiqilishi kerakligi ta’kidlandi. Endi Olimpiya zaxiralari kollejlari Milliy olimpiya qo‘mitasi nazoratiga o‘tgach, bu jihatlarga albatta e’tibor qaratiladi.
«Kollejga kirib, ma’lum bir sport turida muvaffaqiyatga erisha olmayotgan o‘quvchilarni nima uchun kollejda majburan ushlab turishimiz kerak? Undan ko‘ra viloyatning eng iqtidorli sportchilari bu yerda tahsil olsa bo‘lmaydimi», — degan Umid Ahmadjonov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter