Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

UNWTO: Samarqandda birinchi yalpi majlis bo‘lib o‘tdi

UNWTO: Samarqandda birinchi yalpi majlis bo‘lib o‘tdi

«Silk Road Samarkand» sayyohlik majmuasining kongresslar zalida Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasining yubiley 25-sessiyasi doirasida birinchi yalpi majlis bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda 140 ta davlatdan delegatlar, turizm vazirlari va turizm ma’muriyatlari rahbarlari, xalqaro va mahalliy tashkilotlar, milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishni UNWTO Bosh Assambleyasining 25-sessiyasini o‘tkazish bo‘yicha O‘zbekiston hukumati tashkiliy qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ochib berdi.

«O‘zbekiston hukumati Bosh Assambleyaning 25-sessiyasiga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida so‘nggi ikki yili davomida turizmga oid vazifalarni belgilab oldi, zarur huquqiy va biznes asoslari yaratildi. Biz muhim infratuzilmaga, jumladan, tarixiy joylarni tiklash, ko‘priklar va yo‘llar qurish, suv va energetika tizimlarini yangilashga 1 milliard dollar sarmoya kiritdik.

Shuningdek, xususiy sektordan qo‘shimcha 2 milliard dollar jalb etildi. Xususiy tadbirkorlar tomonidan Samarqand shahrida 60 ta yangi mehmonxona barpo etildi, yana 40 ta mehmonxona ta’mirlandi, Samarqand aeroportida yangi terminal qurilib, foydalanishga topshirildi, shuningdek, Markaziy Osiyodagi eng yirik MICE turizm majmuasi bo‘lgan «Silk Road Samarkand» turistik markazi qurildi. Bundan tashqari, ushbu loyihalarning aksariyati yashil investitsiyalardir. Masalan, bugungi kunda majmuada foydalanilayotgan elektr energiyasi tog‘ yonbag‘rida o‘rnatilgan ulkan quyosh batareyasidan olinadi», – dedi A.Abduhakimov.

Yalpi majlisda nutq so‘zlagan UNWTO Bosh kotibi Zurab Pololikashvili tashkilot tomonidan amalga oshirilgan ishlarga alohida to‘xtaldi. Xususan, UNWTO boshqa tashkilotlar, davlatlar bilan aloqalarni yaxshilaganini, butun dunyoda turizm bozori kengayayotganini ta’kidladi.

«2023 yilda budjetning muntazam daromadi 14,3 million yevroni tashkil qiladi. So‘nggi ikki yil ichida moliyaviy menejmentda misli ko‘rilmagan muvaffaqiyatga erishdik: UNWTO budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan budjetini ikki baravar oshirdi. Bu mablag‘lar tashkilotga a’zo davlatlarda turizm sohasi rivoji uchun sarflanadi, — dedi Zurab Pololikashvili. — UNWTO hozirda 58 millat vakillaridan iborat 186 nafar xodimga ega. Biz yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirdik. Shuningdek, gender tengligiga ham amal qilyapmiz. Kelajakda Argentina, Xitoy, Hindiston, O‘zbekiston kabi davlatlardagi faoliyatimizni yanada kuchaytirish niyatidamiz. Maqsadimiz turizm sohasida ta’limni kuchaytirish, investitsiyalarni oshirish va izchil islohotlar orqali turizm sohasini yanada rivojlantirishdir. Qolaversa, tashkilot safini yanada kengaytirish harakatidamiz».

Zurab Pololikashvili UNWTOga a’zo davlatlarga tashkilotga bo‘lgan ishonch uchun minnatdorlik bildirdi.

Yig‘ilishda tashkilot faoliyatiga oid hisobot tinglandi. Shuningdek, turizm sohasiga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring