Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Uy desa uy emas, chayla desa chayla... Inson esa farzandlari bilan yashamoqda

Uy desa uy emas, chayla desa chayla... Inson esa farzandlari bilan yashamoqda

Saxovatli hamyurtlarimiz uchun shu manzaraning o‘zi kifoya.

Foto: «Xabar.uz»

Insoniyat bor ekan, kimdir badavlat, yana kimdir kamtarona umr kechiradi. Ammo shunday insonlar ham borki, ularning hayoti turli sabablarga ko‘ra kamtarona degan tushunchani ham ortda qoldirib, faqirlik sari yuz tutadi va atrofdagilarning ko‘magiga muhtoj bo‘lib qoladi. «Xabar.uz» axborot-tahliliy portali yurtimizning turli burchaklarida yashovchi kam ta’minlangan, saxovatli insonlarning yordamini umid bilan kutayotgan vatandoshlarimiz haqida lavhalar tayyorlashda davom etadi.

Namangan shahriga qilgan safarimiz davomida Mingterak fuqarolar yig‘ini Saxovat ko‘chasi 34-uyda istiqomat qiluvchi Gavhar Rahimova xonadonida bo‘ldik va ta’bir joiz bo‘lsa, hayratda qoldik. Avvalo mana shu qurilma (uy desa uyga o‘xshamaydi, chayla desa chaylaga) o‘zining aniq manzili, kadastr hujjatlariga egaligi, bir oila shu manzilda ro‘yxatda turgani juda qiziq.

Gavhar Rahimovaga tegishli uy-joy. Foto: «Xabar.uz»

Bu manzilda 47 yoshli yolg‘iz ayol Gavhar Rahimova o‘zining uch farzandi bilan istiqomat qilib kelmoqda. O‘zbek millatiga xos oriyatni Gavhar opa o‘ziga ham, farzandlariga ham singdirgan. Chunki har qancha so‘ramaylik, farzandlari suratga tushirishimizga va bu mavzuni ko‘tarishimizga rozi bo‘lishmadi. Ayniqsa, o‘smir qizi ko‘ziga yosh olib o‘zini olib qochdi. Shundan so‘ng bu oila a’zolarining suratlari va videolavhasidan voz kechib, faqat uy-joyning o‘zi bilan cheklanishga qaror qildik. Zero, saxovatli hamyurtlarimiz uchun shu manzaraning o‘zi kifoya.

Shu bir xonaning o‘zida oila qishlab chiqqan. Foto: «Xabar.uz»

Albatta, mahalla, shahar ma’muriyati, sektor rahbariyati ham bu oila holidan xabardorlar va alohida nazoratga olishgan. Ularning sa’y-harakati bilan hovli tomonida chog‘roqqina uyning poydevori qo‘yilgan. Ma’lum sabablarga ko‘ra to‘xtab qolgan ish yana davom ettirilishi mo‘ljallangan.

Mutasaddilar va faollar sa’y-harakati bilan chog‘roqqina uyning poydevori qo‘yilgan. Foto: «Xabar.uz»

Ammo arg‘amchiga qil quvvat deydilar. Mana shunday uyning ichida, na poli, na bir bo‘yrasi bo‘lgan sharoitda quruq yerga sholcha solib qishlab chiqqan, ochilsa yiqilib tushadigandek eshikdan kirgan sovuqda bolalarini qanoti ostiga olib yashayotgan bu ayolga, o‘sib-unayotgan va tabiiyki, ehtiyojlari oshayotgan farzandlarga har qanday ko‘mak ortiqchalik qilmaydi.

Shunday ekan, xayrni nasiya qilmaylik, azizlar. Turmush tashvishlari qaddini egib qo‘ygan va yoshiga yosh qo‘shib yuborgandek tuyuladigan opamizga yordam berishning ayni vaqti!

Moddiy yordam berishni istaganlar quyidagi plastik kartaga atagan mablag‘larini o‘tkazishlari mumkin: 8600 0904 9872 7500

Plastik karta mahalla faollaridan biriga, xolis insonga tegishli.

Faqat sizdan kichik iltimos — o‘tkazilgan mablag‘lar hisoboti uchun o‘tkazgan mablag‘ingiz miqdorini +998909931346 raqamiga telegramm yoki SMS orqali yuboring.

Alloh har birimizni saxovatga qodir qilsin!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring