Xususiylashtirish: Uzcard’dagi davlat ulushi qolganlar o‘rtasida taqsimlab olindi
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi «Yagona umumrespublika protsessing markazi» MChJ (Uzcard)dagi davlat ulushlari xususiylashtirilganligi to‘g‘risida qo‘shimcha axborot berdi.
Unga ko‘ra, joriy yil 20-avgust kuni mazkur Jamiyatning davlatga qarashli ulushlarni xususiylashtirish to‘g‘risidagi axborotdan so‘ng Jamiyatning qolgan 4 nafar ishtirokchilari (K.Akbarov, T.Azadov, O.Agzamxo‘jayev hamda M.Usmonovlar) davlat ulushlarini sotib olish istagini bildirgan.
Natijada, bunga qadar 5 ta bank (O‘zmilliybank – 51 foiz, «O‘zsanoatqurilishbank», «Asaka bank», «Ipoteka-bank» va «Aloqabank»ga mos ravishda – 6 foizdan)ga tegishli bo‘lgan Jamiyatning ustav fondidagi 75 foiz davlat ulushi Jamiyatning qolgan 4 nafar ishtirokchilariga, imtiyozli huquq («Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida»gi Qonunining 20-moddasiga ko‘ra)dan foydalangan holda, o‘z ulushlarining miqdoriga mutanosib ravishda har biriga 18,75 foizdan (jami 210,1 mlrd. so‘mga, -tahr.) sotish yuzasidan oldi-sotdi shartnomalari imzolangan.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning may oyida Jamiyat ustav kapitalidagi 75 foiz ulush Oybek Tursunovga tegishli ekani haqidagi xabarlar paydo bo‘lgan, biroq o‘sha yilning avgustiga kelib, u Uzcard ta’sischilari ro‘yxatidan chiqqan va mazkur 75 foiz ulush yuqoridagi beshta davlat bankiga o‘tkazilgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter