O‘zmilliybank va Xitoy Eksimbanki hamkorlik kelishuvini imzoladilar
O‘zbekiston va Xitoy moliyaviy hamkorligi yangi strategik bosqichga chiqdi
2025 yil 27–29 oktyabr kunlari «O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki» AJ (O‘zmilliybank) delegatsiyasi Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan «Innovatsiyalar, transformatsiya va yangilanish davridagi global moliyaviy rivojlanish» mavzusidagi «Financial Street Forum – 2025» konferensiyasida ishtirok etdi.
Forum doirasida O‘zmilliybank delegatsiyasi va Xitoy Eksport-import banki (Xitoy Eksimbanki) direktorlar kengashining raisi Chen Xuayyuy o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi hamda strategik hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolandi.
Hamkorlikning yangi bosqichi
Muzokaralar davomida tomonlar 20 yildan ortiq davom etayotgan o‘zaro manfaatli hamkorlik natijalarini sarhisob qildilar. Ushbu davr mobaynida Xitoy Eksimbanki ko‘magida O‘zmilliybank O‘zbekistonda jami 1,8 mlrd AQSh dollar miqdoridagi qator yirik infratuzilmaviy va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirdi. Mazkur mablag‘lar mamlakat iqtisodiyotining asosiy tarmoqlarini – energetika, transport, telekommunikatsiya, sog‘liqni saqlash, ta’lim, suv xo‘jaligi va sanoat sohalarini rivojlantirishga, shuningdek kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan.
Imzolangan kelishuv ikki tomonlama hamkorlikni yangi strategik darajaga olib chiqishni, shuningdek milliy valyutalarda o‘zaro hisob-kitoblarni kengaytirishni nazarda tutadi. Bu esa o‘z navbatda ikki davlat o‘rtasidagi moliyaviy munosabatlarning barqarorligini oshirish va valyuta operatsiyalarini diversifikatsiya qilish bo‘yicha belgilangan yo‘nalishga muvofiqligini tasdiqlaydi.
Uzoq muddatli ustuvor yo‘nalishlar va yangi imkoniyatlar
Tomonlar 2023 yil may oyida Sian shahrida birinchi «Markaziy Osiyo – Xitoy» Sammiti doirasida imzolangan 2 mlrd yuanga teng kredit liniyasi muvaffaqiyatli amalga oshirilganini qayd etdilar.
Kelgusi hamkorlik uchun istiqbolli yo‘nalishlar sifatida qayta tiklanuvchi energiya manbalari, metallurgiya, transport infratuzilmasi, turizm, aeroportlarni modernizatsiya qilish va xizmatlar sohasini rivojlantirish kabi loyihalar belgilab olindi.
Xitoy Eksimbanki yuan valyutasida moliyaviy instrumentlardan foydalanish doirasini kengaytirishga hamda yuan ekvivalentida 100 mln. AQSh dollari miqdorida yangi kredit liniyasini ochishga tayyorligini bildirdi. Bu esa, o‘z navbatida, ustuvor investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish va milliy valyutalarda hisob-kitoblarni barqarorligini mustahkamlash imkonini beradi.
O‘zbekiston-Xitoy iqtisodiy hamkorligi
O‘zmilliybank va Xitoy Eksimbanki o‘rtasidagi hamkorlik O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik munosabatlari doirasida izchil rivojlanib, ikki davlat rahbarlarining shaxsiy e’tibori tufayli yuqori darajaga ko‘tarildi.
So‘nggi yillarda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikda sezilarli o‘sish kuzatilmoqda. 2024 yil natijalariga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 14 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi, xitoylik kompaniyalarning ishtirokidagi investitsiya loyihalari umumiy portfeli esa 60 mlrd AQSh dollariga yetdi. 2024 yilda Xitoydan 10 mlrd dollardan ziyod investitsiya o‘zlashtirildi, 2025 yilda esa bu ko‘rsatkich 15 mlrd dollardan ortiq bo‘lishi rejalashtirilgan.
Bugungi kunda mamlakatimizda Xitoy kapitali ishtirokida 3 500 dan ziyod korxona faoliyat yuritmoqda. Bu ikki davlat o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalari izchil rivojlanib borayotgani va Xitoyning O‘zbekistondagi investitsiyaviy faoliyati kengayib borayotganidan dalolat beradi.
Ma’lumot uchun:
Xitoy Eksimbanki – 1994 yilda tuzilgan davlat moliyaviy instituti. Bank Xitoyning uchta siyosiy bankidan biri bo‘lib, mamlakatning tashqi iqtisodiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan.
2024 yil natijalariga ko‘ra, Eksimbankning jami aktivlari - 886 mlrd dollarni, kapitali – 54 mlrd dollarni, sof foydasi esa 400 mln dollarni tashkil etdi.
Bank xalqaro loyihalarni moliyalashtirishda faol ishtirok etib, «Bir kamar – bir yo‘l» tashabbusini amalga oshirishda muhim rol o‘ynaydi, hamda Xitoyning xorijiy hamkorlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarini mustahkamlashga hissa qo‘shadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter