Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Lutfullo Tursunov

Har bir mashaqqat ortida imkoniyat yotadi.

Vashingtonda yangi format: Tinchlik kengashi geosiyosiy maydonni o‘zgartiradimi?

Vashingtonda yangi format: Tinchlik kengashi geosiyosiy maydonni o‘zgartiradimi?

Bugun Vashington shahrida yangi xalqaro format — Tinchlik kengashining dastlabki yig‘ilishi o‘tkaziladi va unda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etadi.

Mazkur sammit G‘azo sektoridagi inqirozni bartaraf etish, tiklanish jarayonlarini muvofiqlashtirish va gumanitar yordamni safarbar etishga bag‘ishlanadi. Ammo voqelikda bu yig‘ilishning ahamiyati faqat gumanitar kun tartibi bilan cheklanmasligi ayon bo‘lmoqda.

Tinchlik kengashi nima va u qanday maqsadni ko‘zlaydi?

Tinchlik kengashi AQSh prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan 2025 yil sentyabrda ishlab chiqilgan G‘azodagi mojaroni to‘xtatish va uni tiklash bo‘yicha keng qamrovli rejaga tayanadi. 17 noyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xavfsizlik Kengashi tomonidan ushbu reja qo‘llab-quvvatlanib, tegishli rezolyusiya qabul qilingani loyihaning xalqaro-huquqiy asosini mustahkamladi.

Kengash Nizomi 2026 yil 22 yanvar kuni Davosda, Jahon iqtisodiy forumi doirasida 19 davlat rahbarlari tomonidan imzolandi.

Kengashning asosiy vazifasi qurolli to‘qnashuvlardan jabrlangan hududlarda tinchlikni tiklash, boshqaruvni samarali yo‘lga qo‘yish va rekonstruksiya jarayonlarini xalqaro hamkorlik asosida muvofiqlashtirishdan iborat.

Kengash geosiyosiy “klub”mi?

Forbes nashrida chop etilgan tahliliy maqolada ekspert Uesli Aleksandr Hill ushbu tashabbusni oddiy gumanitar format emas, balki geostrategik tuzilma sifatida baholaydi. Unga ko‘ra, Tinchlik kengashi ishtirokchilari AQShning raqiblari ham, an’anaviy ittifoqchilari ham emas. Ular global kuch markazlari o‘rtasida muvozanat saqlashga intilayotgan “o‘rta qudratli davlatlar”dir.

Hillning ta’kidlashicha, bu davlatlar global energetika oqimlari, strategik minerallar va yangi transport yo‘laklari markazida joylashgan. Ular uchun Vashington bilan yaqinlashuv sarmoya manbalarini diversifikatsiya qilish, iqtisodiy mustaqillikni kuchaytirish va sanksiyaviy bosimlarni minimallashtirish imkoniyatini beradi.

Shu ma’noda, Tinchlik kengashi diplomatik, iqtisodiy va energetik muvofiqlashuv platformasi sifatida ham shakllanmoqda.

O‘zbekiston global ishtirokchi sifatida

O‘zbekistonning mazkur tashabbusdagi ishtiroki tasodifiy emas. So‘nggi yillarda rasmiy Toshkent tashqi siyosatda muvozanatli, ko‘p vektorli va pragmatik yondashuvni namoyon etmoqda.

Ekspert O‘zbekistonni “Markaziy Osiyoning yuksalib borayotgan o‘rta qudratli davlati” sifatida ta’riflaydi. Prezident Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilgan iqtisodiy islohotlar 2025 yilda YaIMning 7,7 foiz o‘sishiga xizmat qildi. Energetika, infratuzilma va yuqori texnologiyalar sohasida AQSh bilan 105 milliard dollargacha baholangan loyihalar muhokama qilingani ham strategik yaqinlashuv belgisidir.

Shu bilan birga, O‘zbekiston mis, uran va nodir yer elementlari kabi strategik minerallar zaxirasiga ega. Bu esa global ta’minot zanjirlari qayta shakllanayotgan sharoitda mamlakat ahamiyatini yanada oshiradi.

Ilk yig‘ilishdan kutilayotgan natijalar

19 fevral kuni bo‘lib o‘tadigan ilk yig‘ilishda G‘azoni tiklash va gumanitar yordam uchun 5 milliard dollar ajratish bo‘yicha majburiyatlar e’lon qilinishi kutilmoqda. Biroq mazkur uchrashuvning ahamiyati bundan ham kengroq bo‘lishi mumkin. Unda ishtirok etayotgan davlatlarning ko‘pchiligi AQSh bilan munosabatlarda uzoq vaqt “ikkilanish” pozitsiyasida bo‘lib kelgan. Ularning aksari na raqib, na an’anaviy ittifoqchi hisoblanadi. Bu mamlakatlar muhim geostrategik hududlarda joylashgan bo‘lib, jahonning yirik kuchlari bilan hamkorlik va savdoni muvozanatlashtirib keladi. Tinchlik kengashi ular uchun AQSh bilan eng yuqori darajada muloqot qilish maydoniga ham aylanmoqda.

Ushbu tarixiy uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevdan tashqari, Indoneziya Prezidenti Prabovo Subianto, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi, Turkiya Prezidenti Rajab Toyyip Erdo‘g‘on, Qatar Amiri Tamim bin Hamad Ol Soniy, Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif ham qatnashishi kutilmoqda. Shuningdek, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Vashingtonga tashrif buyuradi. Ular 2025 yil avgust oyida Oq uyda tinchlik kelishuvini imzolashgan edi.

Bu sammit AQSh va “o‘rta qudratli davlatlar” o‘rtasida yangi muloqot formati yaratishi, energetika va transport loyihalari bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishi, Markaziy Osiyo davlatlarining global geosiyosatdagi rolini mustahkamlashi, G‘azo masalasida BMTdan tashqari qo‘shimcha muvofiqlashtiruvchi mexanizm shakllanishiga turtki berishi mumkin.

Albatta, ekspertlar, loyihaning uzoq muddatli taqdiri AQSh ichki siyosatiga bog‘liqligini ta’kidlashadi. 2029 yildan keyingi ma’muriyat uni davom ettiradimi yoki yo‘q, bu hozircha ochiq qolayotgan savol.

Tashqi siyosatdagi faollik

O‘zbekiston uchun Tinchlik kengashidagi ishtirok faqatgina G‘azo masalasida pozitsiya bildirish bilan cheklanib qolmaydi. Agar loyiha muvaffaqiyatli bo‘lsa, Toshkent uning asoschilaridan biri sifatida tarixda qoladi. Format miqyosi cheklangan taqdirda ham, reputatsion xavf past, diplomatik foyda esa mavjud. Eng muhimi, O‘zbekiston bu orqali o‘zini global muammolar muhokamasidan chetda turuvchi emas, ularni hal etishga hissa qo‘shayotgan mas’ul davlat sifatida namoyon etmoqda.

Tinchlik kengashi transformatsiya davridagi xalqaro munosabatlar bo‘shlig‘ini to‘ldirish uchun yaratilayotgan format, deb baholanmoqda. Agar u samarali boshqarilsa, kelgusi o‘n yillikda geosiyosiy arxitekturaning muhim poydevoriga aylanishi mumkin.

O‘zbekiston mazkur jarayonda kuzatuvchi emas, balki ishtirokchi sifatida maydonga chiqmoqda. Bu esa Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatida muvozanat, pragmatizm va global mas’uliyat muhim o‘rin tutishini yana bir bor isbotlaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring