Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xalqchil bo‘lmagan qonunni qabul qilyapmiz – deputat

Xalqchil bo‘lmagan qonunni qabul qilyapmiz – deputat

Qonunchilik palatasida deputatlar davlat moliyaviy tizimi hamda beg‘araz yordam doirasida kelayotgan tibbiy asbob-uskunalardan foydalanish tartibini takomillashtirish munosabati bilan «O‘zbekiston Respublikasining Budjet kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Ma’ruzachi deputatning qaydicha, qonun loyihasi bilan Budjet kodeksining 64-moddasiga juz’iy o‘zgartirishlar kiritilgan.

Mazkur qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ma’qullangan edi.

O‘tgan majlisda mazkur loyiha bilan sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatini oshirish hamda tibbiy asbob uskunalardan samarali foydalanish maqsadida bepul tibbiy yordam huquqiga ega bo‘lmagan shaxslarga mazkur tibbiy asbob-uskunalardan foydalanish imkoniyati yaratilayotgani ta’kidlangan, biroq ayrim deputatlar, jumladan, deputat Ilhom Abdullayev ushbu hujjat loyihasiga nisbatan o‘z e’tirozlarini bildirgan edi.

Kutilganidek, bu bugungi yig‘ilishda ham Abdullayev mazkur qonunga mutlaqo qarshi ekanini bildirdi.

– Bu xalqchil bo‘lmagan qonun. Chunki amaldagi Budjet kodeksiga ko‘ra, beg‘araz yordam doirasida kelgan tovarlardan tijorat maqsadlarida foydalanish taqiqlanadi. Biz bo‘lsak, bu yerda ayni shu tartibni jamiyatning eng sezgir va ta’sirchan sohasi – tibbiyotga nisbatan buzmoqchi bo‘lyapmiz. Insonlar, agar shu qonunni qabul qilsak, ertaga bizni tushunmaydilar.

Ha, Prezident tibbiyotchilar bilan uchrashuvda tibbiy uskunalarni saqlash choralarini izlash haqida taklif ishlab chiqishni topshirgan edi. Lekin bizga taqdim qilinayotgan qonun loyihasi masalaga yechim emas. Biz beg‘araz yordam sifatida keltirilgan uskunalar haqida ma’lumotlarni so‘radik, ammo Qo‘mita bizga qo‘limda turgan ro‘yxat va ma’lumotlardan boshqa qog‘ozni taqdim qilmadi. Qaysiki, kuniga 15 ming so‘mga baholangan va shu mablag‘ni to‘lolmasa, o‘lim xavf soladigan sun’iy nafas berish apparati haqidagi hujjat.

Bepul va beg‘araz kelgan uskunalar xizmatini qanday qilib pulli qilish va tijoriy foydalanish haqida o‘ylayapsizlar, tushunmayman, – deydi Abdullayev.

O‘z navbatida deputat Doniyor G‘aniyev ham o‘z e’tirozlarini bildirib o‘tdi.

–  Sun’iy nafas olish apparati jonlantirish bo‘limlarida turadigan uskuna. Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassisi jonlantirish bo‘limlaridagi uskunalarning bepul ekanini tasdiqlayapti. Ammo shu bilan birga bu apparatning joylarda pullik xizmat ko‘rsatishini nazarda tutuvchi hujjatni taqdim qilayapti.

Qolaversa, 9 oy ichida O‘zbekistonga 23 ta davlatdan 146 mln dollarlik (turli ko‘rinishlarda, -tahr.) insonparvarlik yordamlari kelgan. Mazkur yordam paketlarining deyarli 99 foizi sog‘liqni saqlashga yo‘naltirilgan. Agar biz yuqoridagi qonunni qabul qiladigan bo‘lsak, ertaga donor davlatlar bilan aloqalarimizga putur yetib qolmaydimi? Bu norma sabab ular bizga jo‘natadigan uskunalariga cheklovlar kiritmaydi, deb kim kafolat beradi? – deydi G‘aniyev.

So‘z olgan navbatdagi deputatlar – Maqsuda Vorisova, O‘ktam Islomov va Erkin Zoxidov kabi deputatlar qonun loyihasini ma’qullashlarini bildirdi.

Yakunda ikkinchi o‘qishda qabul qilish uchun ovozga qo‘yilgan hujjat loyihasi 80 ta ovoz bilan (jumladan, qarshilar – 22 ta, betaraflar – 20 ta, ovoz bermaganlar – 7 ta) deputatlar tomonidan qabul qilindi. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring