Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xalqqa xo‘rozqand, bizga gaz va pul!

Xalqqa xo‘rozqand, bizga gaz va pul!

Foto: «Itd0.mycdn.me»

Ushbu voqea qayerdadir, qachondir sodir bo‘lgan, lekin qachon va qayerdaligini men bilmayman. Kimdir o‘zini ko‘rib qolsa bu faqat tasodif, xolos. Xafa bo‘lish yo‘q, bu hajviya bor-yo‘g‘i!

Ismim Soddaboy bo‘lsa ham, o‘zim pishiqqina yigitman. To‘g‘ri, ayrim do‘stlarim, yaqinlarim hazillashib Xatoboy deb ham chaqirishadi. Lekin ko‘pchiligi meni tirishqoqligimni, boshlagan ishimni oxirigacha olib borishimni tan olib, Qaytmas deb erkalaydilar.

Oddiy dehqon bolasi bo‘lsam-da, katta umidlar bilan poytaxtdagi institutga kirdim, bir amallab tugatib, olamshumul rejalar bilan qishlog‘imizdagi maktabga matematika o‘qituvchisi bo‘lib qaytdim. Biroq bir yil davomida rejalardan va xursandchilikdan asar ham qolmadi. Chunki faqat nomim o‘qituvchi edi, xolos, aslida kimligimni o‘zim ham bilmay qoldim: qishlog‘imiz fermerlarining paxtasini parvarishlashdan to terib olishiga qadar barcha yumush biz o‘qituvchilarning gardanida. Bekor paytimizda yo ko‘cha supurishga, yo namunali uylar qurilishiga ishga chiqamiz!

Maktabda bolalarni kim o‘qitadi deysizmi? Direktorimizning kenjatoy qizi Feride! Baraka topkur o‘zi ashula darsiniyam, matematikaniyam, fizikaniyam o‘tib ketaveradi. Qoyil qoladiganim bir paytning o‘zida to‘rtta-beshta sinfga dars o‘tish hadisini olgan. Haqiqiy universal! Mayli hozir gap Feride haqida emas!

Xullas, maktab men uchun emasligini tushunib yetdim. Televizorda har kuni fermerlarni maqtashadi, ularga havas qilib fermer bo‘lishga qaror qildim. Sarmoya uchun topish uchun bir yilga O‘risga mardikorlikka borib keldim. Ancha mablag‘ bilan kelib, «muomalasi»ni qilib fermerga aylandim. Hamma bezor bo‘lgan ajriq bosgan, suvni olib borish mushkul joyda bo‘lsa ham kimsan «Soddaboy fermer»ga aylandim. Qiynalib bo‘lsayam 3-4 yilda yerlarimni tartibga keltirdim, ikki gektar yerga ko‘chatlar o‘tkazib, bog‘ qildim. Qalovini topsang qor yog‘ar deganlariday, yeydigan nonimizning ustida sariyog‘ paydo bo‘lgan edi, «optimizatsiya» degan balo chiqib qo‘limdan yerni olishdi. Boshim qotib qoldi, yana maktabga qaytsammi, o‘risga ketsammi?

Yotdim turdim, oxiri tadbirkor bo‘ldim. Oldiniga Toshkentga borib «ippodrom»dan uni-buni olib kelib bozorda sotdim. Asta-sekin o‘z do‘konim, choyxonamga ega bo‘ldim. Juda «kaptiva» bo‘lmasayam «neksiya»li bo‘ldim. Qo‘limda jaraq-jaraq pul paydo bo‘ldi, faqat oldi-sotdi bilan shug‘ullanish jonga tegdi. Yana nima ish qilsam ekan deb boshni qashlab ko‘rsam, butun bir tumanimizda Shermat prokurorning g‘isht zavodidan boshqa g‘isht zavod yo‘q. Bundan tashqari, televizorda har kuni ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlarga yaratilgan sharoitlarni, berilgan imtiyozlarni maqtashadi. U qildim, bu qildim, tanish-bilishdan qarz oldim, bankdan kredit oldim. Uch-to‘rt yilda g‘isht zavodini ishga tushirib, Saddaboy «karvuch»ga aylandim. Ishimiz oson emas, tong saharlab uydan chiqsam, tunda itday charchab kelaman, ba’zan ovqatlanishga ham madorim bo‘lmay uxlab qolaman.

Meni Toshkentga katta majlisga chaqirishdi, bordim. Katta kabinetda, uzun stolning atrofida qo‘yilgan kreslolarda kazo-kazolar terilib o‘tirishibdi, mendan boshqa o‘tirganlarning kami hokim bo‘lsa keragov. Meni adashib chaqirishdimi — bilmayman. Bir mahal to‘rdagi kresloda yastanib o‘tirgan, salvatidan ot hurkadigan, aftini jiddiyligidan kulib turgan, to‘xtab qolib yig‘lab yuboradigan odam erinibgina gap boshladi:

—Xo‘sh, hamma kerakli odamlar yig‘ilgan bo‘lsa boshlaymiz, nima muammolaring bo‘lsa aytaveringlar, bu yerda begonalar, yo‘q, faqat o‘zimiznikilar yig‘ilishgan. Bor narsani boriday aytaveringlar, keyin fikrlashib, bir yechimga kelarmiz!

Nimani gaplashargan bular deb atrofga alanglab qaradim. Qushday qator terilib o‘tirganlar navbat bilan ichlarida yig‘ilib qolgan dardlarini doston qila boshlashdi.

— Televizorda har kuni erkinlik, ochiqlik, tadbirkorlikka, sarmoyaga keng yo‘l degan sayin odamlar o‘zidan ketyapti. Kundan-kunga tadbirkor bo‘laman, uni quraman, buni quraman, yer ber, imtiyozli kredit ber, deb jonga tegadiganlar ko‘payib ketayapti. Bir chorasini topmasak bo‘lmaydi.

— Haq gap, qayerni qarama, hamma joyni tadbirkor bosib ketyapti. Tinchgina chet eldan olib kelgan mahsulotimizni bizdan «optom»ga olib, chakanada sotib, bir-ikki so‘mli bo‘lgan noshukrlar, endi o‘zlari bu mahsulotlarni chetdan olib kelib, arzonroq sotib bizni «sindirish»ga urinyapti. Bir narsa qilish kerak.

— Bular holva investitsiya kerak, ishlab chiqarishni rivojlantirish kerak degan sayin, bular bizni qanotimizdagi korxonalarga muqobil ravishda yangi korxonalar ochyapti. Bizlarni mahsulotimiz o‘tmay qolyapti.

— O‘rtoqlar, bilasizlar, hozir eng katta foyda qurilish mollari bozorida, yaxshiyamki, katta qismini hozircha o‘z qo‘limizda saqlab qolyapmiz. Biroq keyingi paytda ohak, g‘isht ishlab chiqadigan zavodlar yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorinday ko‘payib ketyapti. Bu juda xavfli. Bugun ular oyoqqa turib olishsa, ertaga bundan-da rivojlanib, kengayib ketsalar, keyin ularni boshqarish mumkin bo‘lmay qoladi. Keskin choralar ko‘rmasak bo‘lmaydi.

Ochig‘i, bu gaplarni eshitayotganimga ishongim kelmasdi, chunki aynan ushbu odamlar televizor ekranlarida, gazeta-jurnallarning sahifalarida butunlay boshqacha gapirishiga o‘rganib qolganmiz. O‘rnimdan shartta turib «bu nima, hazilmi yoki xiyonat», deya baqirgim keldi. Biroq oyoqlarim qaltirab, majolsiz, tillarim aylanmay, zabonsiz qolgandek sezdim o‘zimni.

— Bas, yetar, men sizlarni tushundim! Ancha dardlaringiz yig‘ilib qolibdi. Lekin albatta chora ko‘rishga «tepadagi»larni ishontiramiz. Biz o‘z monopoliyalarimizni osonlikcha berib qo‘ymaymiz. Xalqning qo‘liga xo‘rozqandni o‘z vaqtida berib tursak, bas! Xo‘rozqandni yalash bilan ovora bo‘lib o‘tiraveradi. Faqat esingizdan chiqmasin, ular xo‘rozqandsiz qolmasligi kerak!

Endi bevosita ishga kelsak, menimcha, ishni g‘isht va ohakdan boshlaymiz. Buning uchun eng yaxshi yo‘l, menimcha aholiga gazni uzliksiz yetkazib berishni yaxshilash maqsadida, degan bahona bilan ularga tabiiy gaz berishni to‘xtatamiz. Xalq xursand bo‘lib bizni to‘g‘ri tushunadi. G‘isht yo ohak chiqarmoqchimi, marhamat, xorijdan import qilib o‘zimiz keltiradigan ko‘pirni ishlatishga majbur bo‘lsin, yoqsa shu, yoqmasa — katta ko‘cha. Keyinchalik faqat o‘zimizga tegishli korxonalarga istisno tarzida gazni yetkazib berishni yo‘lga qo‘yamiz. Qarabsizki, foydamiz kamida ikki baravarga oshadi, chunki ko‘mir bilan ohak va g‘ishtni ishlab chiqarish xarajatlari ancha ko‘payadi, narxlar oshadi. O‘zimizning tabiiy gazdan foydalanib arzon ishlab chiqarib, qimmatga sotaveramiz. Aytganimday, chetdan ko‘mir olib kelishni ham o‘z nazoratimizga olamiz, qarabsizki, ularning faoliyati, taqdiri yuz foiz bizni qo‘limizda bo‘ladi. Faqat aytib qo‘yay, ertadan boshlab ohak va g‘isht zavodlariga tabiiy gaz berishni to‘xtatish eng to‘g‘ri va maqbul yo‘l ekanligini, bundan faqat xalqqa foyda ekanligini tushuntirish kerak.

Shu payt ozg‘indan kelgan, majlis payti g‘ing degan ovozini chiqarmay, bo‘layotgan gaplardan men kabi hayratiga tushgani yaqqol ko‘rinib tutgan odam maktab o‘quvchisiday qo‘lini ko‘tarib:

— Kechirasizlar, men hammasini tushundim, faqat eslatmoqchi edimki, zavodlarda ko‘mirni ishlatish atrof-muhitga juda katta zarar yetkazadi, chunki ko‘mir yonganda, undan juda ko‘p zaharli moddalar ajralib chiqishi kelajagimiz bo‘lgan farzandlarimizning sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuni aytmoqchi.....

— Ey, buncha ahmoqsan, hali yangiliging bilinadi. Bizning bolalarimiz Amerika va Yevropada mazza qilib yashashyapti, boshqalarning g‘amini yeguncha, o‘zingni...

Shu payt qo‘l telefonimda jaranglagan musiqadan uyg‘onib ketdim. Ko‘zimni ochsam, terlab ketibman. «Eh, odamning tushiga nimalar kirmaydi-ya, shunchayam mantiqsiz tush bo‘ladimi» deb o‘zimga o‘zim ming‘irlab qo‘ydim.

Oradan bir-ikki oy o‘tganidan keyin, zavodimizga tuman gaz ta’minoti idorasidan odam kelib, korxonamizga gaz berishni to‘xtatish va ishlab chiqarishni muqobil yonilg‘iga, ya’ni ko‘mirga o‘tkazish masalasida yuqoridan bayonnoma kelganini aytdi. «E, baraka topkur, bu oddiy bayonnoma bo‘lsa, bajarilishi shart bo‘lgan buyruq, qaror, farmon yo qonun bo‘lmasa. Nima asosda gaz berishni to‘xtatasan?» deb savol bersam, ko‘rsatkich barmog‘i bilan osmonni ko‘rsatib, «Tepani topshirig‘i, biz kichkina odammiz!», dedi, xolos.

Xullas, shunaqa gaplar. Endi oyoqqa turgan yana bir biznesimdan ayrilay deb turibman. Bunchalar omadsiz bo‘lmasam. Televizordagi hamma gapga ham ishonadigan go‘lligimni bilib, meni Xatoboy deb ataydigan tanishlarim haq bo‘lsalar kerak. Tinchgina oldi-sotdi qilib yurganimda shuncha qarzga botib qolmasmidim. Endi nima qilsam ekan, yo bor-budimni sotib, xorijga juftakni rostlasammikan, siz nima deysiz?!

Davlatnazar Ro‘zmetov,
 Xorazm viloyati.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring