Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xamir uchidan patir: Shveysariya Rossiyaning 8,8 mlrd. dollarini muzlatdi

Xamir uchidan patir: Shveysariya Rossiyaning 8,8 mlrd. dollarini muzlatdi

Shveysariya Ukrainadagi urush tufayli kiritilgan sanksiyalar doirasida Rossiyaning 7,7 milliard shveysariya franki (taxminan 8,8 milliard dollar) aktivlarini muzlatib qo‘ydi. Bu haqda Reuters agentligi mamlakatning Iqtisodiy ishlar bo‘yicha davlat kotibiyatiga asoslanib xabar berdi.

Bu Shveysariya hukumati o‘tgan yili muzlatib qo‘yilgani haqida xabar bergan 7,5 milliard frankdan biroz ko‘pdir.

Kotibiyatning aniqlik kiritishicha, 7,7 milliard frank bu faqat taxminiy miqdor, u hali o‘zgarishi mumkin. Sanksiyalar ro‘yxatidan odamlarning qo‘shilishi va chiqarilishi, shuningdek, aktivlarni muzlatish yoki ozod qilishni talab qiluvchi sud ishlari tufayli bloklangan mablag‘larning aniq miqdorini aytish qiyin.

Bloklangan aktivlar hajmining oshishi oxirgi 12 oy davomida 300 ga yaqin shaxs va 100 ga yaqin korxona va tashkilotning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgani bilan bog‘liq. Bu miqdor, shuningdek, naqd pul depozitlari, obligatsiyalar, aksiyalar, shuningdek, ko‘chmas mulk va avtomobillardan olingan foydani o‘z ichiga oladi.

Bern, shuningdek, Rossiya Markaziy bankiga tegishli 7,4 milliard frank qiymatidagi aktivlarni ham blokladi. 

Muzlatilgan aktivlar Shveysariyadagi rossiyaliklar boyligining kam qismini tashkil qiladi, deb yozadi agentlik.

Shveysariya bankirlari assotsiatsiyasining hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya fuqarolari ushbu davlat banklarida 150 milliard frankga yaqin mablag‘ga ega.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring