Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Xarajati qushdek, daromadi tuyadek» — Qiziltepada broyler parvarishi rivojlanmoqda (foto)

«Xarajati qushdek, daromadi tuyadek» — Qiziltepada broyler parvarishi rivojlanmoqda (foto)

Bugun yurtimizda tadbirkorlik, ayniqsa, qishloq xo‘jaligining parrandachilik yo‘nalishiga qiziqish ortib bormoqda. Bu sohaning nafaqat serdaromad, balki aholi bandligini ta’minlashdagi o‘rni ham katta. Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida faoliyat yuritayotgan «Qiziltepa-parranda-klasteri» MChJ bunday sa’y-harakatlarga yorqin misol bo‘la oladi.

Korxona hozirda Qiziltepa tumani G‘oyibon MFY hududida joylashgan bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 20 000 bosh broyler jo‘jani parvarishlash imkoniyatiga ega. Aholini sifatli go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida korxona kooperatsiya usulida xonadonlarga parranda tarqatish va yetishtirilgan parrandalarni qabul qilish tizimini yo‘lga qo‘ygan.

Quvonarlisi, korxona kooperatsiya usulida Buxoro viloyatining G‘ijduvon va Kogon tumanlari, Samarqand viloyatining Paxtachi, Narpay va Kattaqo‘rg‘on tumanlaridagi 100 dan ortiq xonadonlar bilan shartnoma asosida hamkorlik qilinmoqda.

Bu nafaqat aholiga qo‘shimcha daromad manbai, balki mahalliy bozorni parranda go‘shti bilan ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda, desak adashmaymiz.

Loyihani yanada kengaytirish va zamonaviylashtirish maqsadida «Mikrokreditbank» ATB tomonidan 1 milliard 200 million so‘m miqdorida kredit mablag‘i ajratilgan edi.

Ajratilgan mablag‘ hisobidan:

  • Yetishtirilgan mahsulotni saqlash uchun muzlatgichli omborxona qurildi;
  • Tayyor mahsulotlarni bozorlarga tez va xavfsiz yetkazish maqsadida ISUZU yuk avtomashinasi sotib olindi.

Ta’kidlash kerakki, keyingi 2 yilda «Mikrokreditbank» ATB tomonidan 330 ta xo‘jalikka 1,2 trln. so‘m (shundan, PQ-5146-son qaroriga asosan 763 mlrd so‘m hamda bank o‘z mablag‘lari hisobidan 459 mlrd so‘m) kredit ajratilib, 173 ta korxona sog‘lomlashtirildi.

Jumladan, joriy yilning yanvar-iyun oylarida 20 ta loyihaga 190,1 mlrd so‘m kreditlar ajratildi.

Ushbu kreditlarning 102,5 mlrd so‘mi yangidan tashkil etilgan loyihalarga va 87,6 mlrd so‘mi kam quvvatda ishlayotgan parrandachilik xo‘jaliklariga yo‘naltirildi.

Bunday loyihalar nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy jihatdan ham muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali aholining turmush darajasi oshmoqda, oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanmoqda va eng muhimi — halol mehnat hisobiga barqaror turmush poydevori yaratilmoqda.

Bank Axborot xizmati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring