Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Xijolatda qolgan» tadbirkor 114 oilaning kommunal qarzlarini yonidan to‘lab berdi

«Xijolatda qolgan» tadbirkor 114 oilaning kommunal qarzlarini yonidan to‘lab berdi

Foto: «Meduza»

Bu yil Florida (AQSh)ning Galf-Briz shahri ahli koronavirus pandemiyasidan tashqari, vayronkor «Salli» to‘fonidan ham ancha aziyat chekib, moddiy qiyinchiliklarga duch keldi, yozmoqda «Epochtimes».

Kuchli shamol Galf-Brizni Pensakola shahri bilan bog‘lovchi ko‘prikni qulatib tashladi (barja kelib urilgan). Ko‘p uylarga hanuz brezent tom vazifasini o‘tamoqda. Juda ko‘pchilik bir chaqasiz qoldi.

Vaziyatni to‘g‘ri tushungan kommunalchilar qarzdorlarni ichimlik suvi, issiq suv va gazdan uzmay turishga va’da berishdi — faqat ikki oyga. Ikki oy ham o‘tib ketdi, biroq qarzini uzolmaganlar talaygina. Ana shunday tang vaziyatda tadbirkor Maykl Esmond ko‘plarning joniga oro kirdi.

Qurilish va basseynlarni ta’mirlash bilan shug‘ullanuvchi 74 yoshli amerikalik 114 oilaning 7615 dollarlik kommunal qarzlarini o‘z yonidan to‘ladi, yozmoqda SNN.

«Mamlakatimiz va shahrimiz eng qiyin damlarni boshdan o‘tkazayotgan bir chog‘da oramizda saxovatli va mehribon, boshqalarga yordam qo‘lini cho‘zayotgan insonlar borligi qanday yaxshi», — shahar kommunal xizmatlar to‘lovlari bo‘yicha inspektori Oliver Esmondga shunday ta’rif berdi.

Maykl Esmond esa xijolatda, negaki, bu yil biznesi yanada yurishib ketib, har qachongidan daromadi mo‘l bo‘ldi. Va «aybini yuvish uchun» topganlaridan muhtojlarga ulashishga ahd qildi.

«Har doim ham hozirgidek omadim chopmagan, qachonlardir kommunal qarzlarni uzish, uch nafar qizimni boqish menga ham oson bo‘lmagan. Gaz kompaniyasi gazni o‘chirib ketganidan keyin butun qishni sovqotib o‘tkazganmiz», — deydi Maykl Esmond.

Uning aytishicha, gazi o‘chirilgan qish — u umrida ko‘rganlarining eng qahratoni edi...

Muhtojlik, qahraton qishda sovuqda qolish nima — Esmondga begona emas. Hamshaharlariga qayishadi, qo‘lidan kelsa yordamini ayamaydi.

Darvoqe, o‘tgan yili Esmond 36 oilaning 4600 dollarlik kommunal qarzlarini uzishda yordam berib yuborgan ekan.

Bu yilgi to‘fon va pandemiya sababli yanada ko‘proq odamlarga yordamlashmoqchi. Shu yerdayam amerikacha topqirlikni qarang: Esmond kommunal xizmatlar bilan oldindan kelishib qo‘ygan — odamlarning uylariga kommunal qarzdorlik haqidagi xabar o‘rniga Yangi yil kuni to‘lovlar qoplangani haqidagi tabrik otkritkalari jo‘natiladi. Bayram bayramday bo‘lsin deydi-da!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring