Xitoy bilan ekologik toza binolar qurish va chiqindilarni qayta ishlash masalalari muhokama qilindi
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligida vazir o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov ishtirokida Xitoy va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik va strategik sheriklikni mustahkamlash istiqbollari, shuningdek, energiya jihatidan tejamkor va ekologik toza binolar qurish hamda maishiy va qattiq chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha yirik loyihalar muhokama qilindi.
Shuningdek, havo ifloslanishining oldini olish, xalqaro ekologik standartlarni belgilash, raqamlashtirish tizimini keng joriy etish, XXR tajribasini o‘rganish va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi mexanizmlarni ishlab chiqish muhimligi qayd etildi.
Bundan tashqari, cho‘l hududlarini obodonlashtirish, ko‘chat ekish bo‘yicha fermer xo‘jaliklarini tashkil qilish, shahar tizimida innovatsion texnologiyalarni o‘rnatish va oqava suvlarni tozalash bo‘yicha Xitoy tajribasini o‘rganish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Uchrashuv davomida hukumatimiz tomonidan turli soha va tarmoqlarni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, atrof-muhitni muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi. Tomonlar «yashil» loyihalar milliy taksonomiyasini rivojlantirish istiqbollari, Yashil jamg‘arma tashkil etish, shuningdek, ekologik toza iqtisodiy o‘sishni yanada rivojlantirishga qaratilgan boshqa tadbirlar masalalarini ko‘rib chiqishdi. Loyihalarni boshqarish samaradorligini oshirish, shuningdek, jarayonlarni yanada yaxshilash uchun iqlim o‘zgarishini yumshatish va monitoring hamda baholash tizimlari sohasida institutsional salohiyat ortgani ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida yuqoridagi masalalar yuzasidan qo‘shimcha muzokaralar tashkil etishga kelishib olindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter