Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xitoyda 1716 nafar shifokor koronavirusni yuqtirdi

Xitoyda 1716 nafar shifokor koronavirusni yuqtirdi

Foto: «Amp.politeka.net»

Xitoyda yangi tipdagi koronavirusdan 1716 nafar tibbiyot xodimi zararlandi. Ulardan 6 nafarini kasallik bu hayotdan olib ketdi, deya xabar berdi XXR Sog‘liqni saqlash davlat qo‘mitasi direktor o‘rinbosari Szen Isin.

«11-fevral holatiga ko‘ra mamlakat bo‘ylab 1716 nafar tibbiyot xodimi yangi tipdagi koronavirus chaqirgan zotiljamni yuqtirib oldi. Bu jami kasallanganlarning 3,8 foizini tashkil etadi. Baxtga qarshi, ulardan 6 nafari hayotdan ko‘z yumishdi, bu jami o‘lganlarning 0,4 foizi degani», — deydi Szen Isin.

«RIA Novosti»ning yozishicha, koronavirusga qarshi kurashayotgan shifokorlarni Xitoyda «oq kiyimli farishtalar» yoki «oq xalatli jangchilar» deb atashadi. Chunki kasallikka qarshi kurashda eng katta mas’uliyat ularning zimmasida.

Endi butun dunyoda xitoylik doktor Li Venlyanning ismini bilishadi. U dekabrda birinchilardan bo‘lib zotiljam tarqalganligini xabar bergandi, biroq hukumat uning so‘zlariga jiddiy e’tibor qaratmadi. Doktor ham koronavirusni yuqtirib olib, 35 yoshida hayotdan ko‘z yumdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda kasallik tarqalayotganini o‘rtoqlashgan Li va yana yetti nafar shifokor Uxan shahar politsiyasiga chaqirilgan. Ular ijtimoiy tartibni izdan chiqarishi mumkin bo‘lgan «soxta onlayn bayonot» bermaslik uchun ogohlantirilgan.

Uning o‘limi yuzasidan XKP Markaziy komissiyasining intizomni tekshirish bo‘yicha maxsus tergov guruhi Uxan shahriga yuborilganinini avvalroq xabar bergandik.

Xitoyda koronavirusni yuqtirganlar soni 63,8 ming kishidan oshib ketdi. Ulardan 1380 nafari hayotdan ko‘z yumdi. Xitoydan tashqarida 505 kishi virusni yuqtirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring