Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xitoyda siyosiy iqlim o‘zgardi. Uning ta’sirini butun dunyo «tanasi»da his etadi

Xitoyda siyosiy iqlim o‘zgardi. Uning ta’sirini butun dunyo «tanasi»da his etadi

Si Szinpin Xitoyni 2013 yildan beri idora etib keladi.

Foto: Getty Images

Joriy yil 23-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan Xitoy kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasining 20-chaqiriq birinchi majlisini dunyo hamjamiyati diqqat bilan kuzatdi. Majlisda Xitoy xalq respublikasi raisi Si Szinpin uchinchi muddatga partiya MQ bosh kotibi lavozimiga saylandi.

«Islohotlar otasi» Den Syaopin davridan buyon Xitoy jamoaviy tarzda idora etilgan. Davlat rahbarlari ham ko‘pi bilan ikki vakolat muddat davomida (10 yil) mamlakatni boshqarib, so‘ng ixtiyoriy ravishda o‘z o‘rnini vorisiga topshirgan. 69 yoshli Si Szinpin ushbu an’anaga chek qo‘yib, uchinchi muddatga davlat rahbari lavozimini egallamoqda. Kuzatuvchilar partiya MQ bosh kotibligiga saylangan yetakchi 2023-yil parlament majlisida XXR raisi lavozimini ham egallashiga shubha qilmayotir.

Xitoy boshqaruvining oliy organi – partiya Siyosiy byurosi tarkibiga ham amaldagi raisga yaqin ekani aytilayotgan arboblar kiritildi. Jumladan, byuro a’zoligiga saylangan Shanxay shahri partiya qo‘mitasi rahbari, 63 yoshli Li Syan kelgusi yil mart oyidan bosh vazir lavozimini egallashi kutilmoqda. Amaldagi hukumat rahbari Li Kesyan bu gal Siyosiy byuroga kiritilmagan.

MQ yig‘ini arafasida o‘tkazilgan 20-s’yezdda partiya ustavida Si Szinpinning doimiy yetakchilik roli tan olindi va unga sodiqlik tamoyili mustahkamlandi. Yakkaboshlik boshqaruvi rasman tasdiqlangan ushbu  s’yezdda kutilmagan holat ro‘y berdi. Amaldagi davlat rahbari Si Sinpinning salafi, mamlakatni 2002-2012 yillarda idora etgan Xu Szintao majlisdan namoyishkorona olib chiqib ketildi.

Tahlilchilarga ko‘ra, amaldagi rahbariyat 79 yoshli Xu Szintaoga bunday munosabat orqali jamoatchilikka jiddiy mujda yo‘llamoqda. Gap shundaki, Xu Szintao davrida Xitoy jamoaviy boshqaruv va Siyosiy byuroda turli fraksiyalarning muvozanati asosida idora etilgan. Xu Szintao esa jamoaviy boshqaruvdan yakkaboshlik boshqaruviga o‘tilayotgani hamda davlat rahbari vakolatiga qo‘yilgan cheklov bekor qilinishiga qarshi edi. Demak, sobiq raisning oliy mashvaratdan majburan olib chiqib ketilishi uning davri tarixga aylangani, mamlakat yangi siyosiy iqlimga o‘tayotganiga ishora, demoqda tahlilchilar.

Cobiq rais Xu Szintao majlisdan namoyishkorona olib chiqib ketilayotgan payt. Foto: Reuters

Karnegi jamg‘armasi katta ilmiy xodimi Aleksandr Gabuyev Siyosiy byurodagi o‘zgarishlar amaldagi rais muhim lavozimlarga o‘z safdoshlarini qo‘yganidan dalolat beradi deb hisoblaydi.

«Kuchlar nisbati (siyosiy rahbariyatning) zaifligiga ishora qilmoqda: Si Sinpin faqat o‘z odamlariga ishonadi. (Sobiq raislar) Szyan Szemin va Xu Szintao davridan beri faoliyat yuritgan vakolatli rahbarlardan ishonchsiz kadrlar sifatida voz kechilmoqda», – deydi A.Gabuyev.

Fransiyalik xitoyshunos olim Jan-Per Kabestan ham mamlakat oliy boshqaruvida raqobatlashuvchi guruhlarga chek qo‘yilganiga e’tibor qaratgan.

«U (Si Szinpin – tahr.) hokimiyatni yagona qo‘lda jamlash borasidagi maqsadiga erishdi. Rahbariyat yakrang tusga kirdi. Ammo muammo shundaki, murosago‘y guruhlar boshqaruvida o‘zaro tiyib turish va muvozanat susayadi. Albatta, bir partiyali tizimda o‘zaro tiyib turish va muvozanat har qanday holatda ham zaif bo‘ladi deb e’tiroz bildirishingiz mumkin. Lekin, harholda, (Xitoyda) o‘tmishda bir-biri bilan kurashgan va bir-birini kuzatib borgan bir necha fraksiya mavjud edi. Ilgari partiya ichida kuchli bo‘lgan plyuralizmdan ham endi asar bo‘lmaydi», – deydi Jan-Per Kabestan.

Tahlilchi plyuralizm, siyosiy bahs-munozara bo‘lmagan sharoitda oliy rahbariyatning xato qilish ehtimoli oshishini urg‘ulaydi.

Singapur milliy universiteti tadqiqotchisi Ja Yan Chong nazdida ham so‘nggi o‘zgarishlar amaldagi rais mavqeining yanada kuchayishiga xizmat qiladi.

«Bu – siyosat yaxshimi-yomonmi Siga chambarchas bog‘liq kechishini anglatadi. Menimcha, biznes ustidan partiya-davlat nazorati kuchayadi... Aniqroq aytganda, iqtisodiyotda partiya-davlat boshqaruvi yo‘nalishi tanlanadi», deydi tadqiqotchi. 

AQSh prezidenti ma’muriyati Xitoydagi so‘nggi siyosiy o‘zgarishlar borasida izoh berishdan o‘zini tiygan. Jumladan, Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Per Si Szinpinning vakolati uzayishi xususidagi savolga javoban boshqa mamlakatlardagi ichki siyosiy jarayonlar izohlanmasligini aytgan. 

Ammo AQShning ayrim senatorlari, jumladan, Bob Menendes va Jim Rish Pekin ma’muriyati Tibet, Shinjon muxtor o‘lkasidagi qatag‘onni davom ettirishi, raqamli  avtoritarizm kuchayishidan xavotir izhor etgan.

Tayvan hamda AQSh bilan raqobat masalasida keskin pozitsiyani egallagan Si Szinpinning cheksiz muddat hokimiyatda qolish imkoniga ega bo‘lgani rasmiy Vashington bilan ixtilofni yanada kuchaytirishi mumkin. Bu ziddiyatning ta’sirini esa butun dunyo o‘z «tana»sida his etadi.

Karikatura muallifi – Vasco Gargalo

Pew Research Center o‘tkazgan ijtimoiy so‘rovlar ham amerikaliklarning salmoqli qismi Si Szinpinning uchinchi muddat rahbarlikda qolishini «jiddiy muammo» deb bilishini ko‘rsatdi.

O‘zbekistonlik tahlilchi Otabek Bakirov konstitutsion cheklovlar, shakllangan siyosiy an’analar va mavjud tizimni o‘zgartirish qoloqlik va qashshoqlikka yetaklishi ehtimolidan bahs etadi.  

«Xitoy misoli ikki karra achinarliki, besh ming yillik uzilmas davlatchilikka ega buyuk mamlakat uchun bu – oxirgi 70 yildagi ikkinchi bor takrorlanayotgan xato. Bu safargisi nafaqat Xitoy, qolgan dunyo uchun ham ancha qimmatga tushadi deb qo‘rqaman», – deb yozadi O.Bakirov.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilda noyabrda Xitoy kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasining oltinchi plenumida Si Szinpin tashabbusi bilan partiyaning asosiy yutuqlari va tarixiy tajribasi xususida hujjat qabul qilindi. E’tiborga molik jihati, zamonaviy Xitoy tarixida mamlakat uchun dasturilamal sanalgan bunday hujjat bor-yo‘g‘i ikki marta – Mao Szedun (1945) hamda Den Syaopin (1981) davrida qabul qilingan.

2020 yilda esa Si Szinpinning asarlari zamonaviy Xitoy davlati asoschisi Mao Szedun ishlab chiqqan maoizm ta’limotinining o‘rnini egallashi yo‘lida sa’y-harakatlar boshlangan.

S.Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring