Xitoylik ayol koronavirusdan qanday tuzaldi?
Xitoyda koronavirusning yangi va o‘ta xavfli turi paydo bo‘lganidan beri jahon ommaviy axborot vositalari tingani yo‘q: kasallik yashin tezligida tarqayotgani, kuniga qanchalab odamlar o‘lim topayotgani haqidagi xabarlar oqimining oxiri yo‘q. Gonkong, Makao, Tayvan, Tailand, Yaponiya, Janubiy Koreya, AQSh, Kanada, Vetnam, Singapur, Nepal, Fransiya, Avstraliya, Malayziya, Germaniya, Finlyandiya, BAAda ham koronavirusga chalinganlar aniqlandi. Onda-sonda bo‘lsa-da, xushxabarlar ham uchrab turibdi. Masalan, «Sinxua» bir xitoylik ayol bu kasallikdan qanday tuzalgani haqida yozmoqda.
Ayolning familiyasi Szyan, yoshi 44 da. Asli Chunsin (Janubi-G‘arbiy Xitoy) shahrining Ushan uyezdilik bo‘lib, oxirgi yillarda Uxanda ishlab kelgan.
Uning aytishicha, 15-yanvar kuni milliy Yangi yilni nishonlash uchun Chunsindagi uyiga jo‘nab ketgan.
«Meni kutib olish uchun temir yo‘l vokzaliga chiqqan erim bir qarashda ahvolim yaxshimasligini payqadi va shu yerning o‘zidan meni mahalliy kasalxonaga olib ketdi. Bir necha kun davolansam-da, sog‘aymadim. 21-yanvar kuni meni Vanchjou tumanidagi «Sansya» markaziy shifoxonasiga o‘tkazib, izolyatorga joylashtirishdi, yangi turdagi koronavirusdan kelib chiqqan pnevmoniya tashxisini o‘sha yerda qo‘yishdi», — dedi ayol.
Ayol Chunsinda bu kasallikka chalingan birinchi bemor bo‘lgani uchun ham vrach va hamshiralar uni o‘zgacha e’tibor bilan davolashdi.
«Menga har kuni kasallikka qarshi suyuqliklarni purkashar, virus va infeksiyaga qarshi muolajalar o‘tkazishardi, shifokorlar hatto an’anaviy xitoy tabobati usullaridan ham foydalanishdi. Oxirgi kunlarda barcha simptomlar yaxshi tomonga o‘zgardi. Doktorlar endi uyga ketishim mumkinligini aytishdi. Shuncha davolashsa ham pul olishmadi. Mendan ko‘plar kasallik qo‘rqinchlimi, deb so‘rashadi. Menimcha, eng asosiysi — o‘zingiz qo‘rqmasligingiz, niqob taqish va qo‘llarni tez-tez yuvish zarur. Tana harorati oshsa, yo‘tal va boshqa alomatlar paydo bo‘lsa fursatni boy bermay kasalxonaga yugurish kerak. Sizni boshqalardan ajratib qo‘yishlaridan qo‘rqmang, bardam bo‘ling, vrachlarga quloq tuting, ularga ishoning, shunda albatta tuzalib ketasiz», — dedi ayol.
Eslatib o‘tamiz, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumot berishicha, koronavirusga chalinganlar soni dunyoda 7 834 kishiga yetdi. Tashkilot shu munosabat bilan kuni kecha favqulodda holat e’lon qildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter