Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xorazmda go‘sht arzonlamoqda. Yo‘g‘-ye?! Ha-de!

Xorazmda go‘sht arzonlamoqda. Yo‘g‘-ye?! Ha-de!

Foto: «Xabar.uz»

Bir kilo go‘sht Xivada 50 000 so‘mdan, Hazoraspda 45 000 so‘mdan, Xonqada 48 000 so‘mdan sotilayotgan bir paytda Urganch shahrida narx arzonlashayotgani kuzatilmoqda.

Ayni kunlarda Urganchning «Markaziy dehqon bozori» va boshqa kichik savdo shoxobchalaridagi 1 kilo mol go‘shti 35 000 so‘mdan sotilayotir. Ushbu manzara ko‘pchilik hayratiga sabab bo‘layotgan bo‘lsa, yana bir toifa odamlar mish-mish bilan mashg‘ul deng: «Viloyat hokimi qassoblarga go‘shtning narxini 40 000 so‘mdan oshirmaysan deb qat’iy talab qo‘yganmish...»,  «Bosh vazir kelayotgan ekan, shuning uchun qassoblar go‘shni 2-3 kun arzonroq sotib turisharkan...».

Aslida go‘sht narxining pasayishiga mutlaqo boshqa omil sabab bo‘lmoqda.

— Ichki bozor ehtiyojini to‘la qondirish maqsadida tadbirkorlar chet eldan go‘sht olib kelishni boshladi, — deydi qassob Azimboy Xo‘jayev. — Shuning evaziga Urganchda go‘sht narxi 35 000 so‘mgacha tushib qoldi.

Mas’ullarning izoh berishicha, kuni kecha viloyatdagi markaziy bozorlarga tadbirkorlar Belorusdan olib kelgan 18 tonna go‘sht tarqatilgan. Ushbu mamlakatdan yana bir guruh tadbirkorlar go‘sht olib kelayotgani bois yaqin kunlarda viloyatning boshqa tuman va shaharlarida ham narxlar pasayishi ehtimoli yuqori.

— Belorusdan keltirilgan go‘shtni olib, iste’mol qilib ko‘rdik, mazasi chakki emas, — deydi urganchlik II-guruh nogironi K.Aminov. — E’tiborlisi shundaki, bu import mahsuloti ortiqcha suyak va yog‘lardan holi, faqat lahm go‘shtdan iborat.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring