Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xorijda O‘zbekistonga oid 9 mingdan ortiq boyliklar mavjud – Madaniy meros agentligi

Xorijda O‘zbekistonga oid 9 mingdan ortiq boyliklar mavjud – Madaniy meros agentligi

O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi matbuot xizmati rahbari Mohinur Imomova tomonidan o‘tkazilgan brifingda O‘zbekiston Respublikasining moddiy boyliklarini noqonuniy olib chiqish, olib kirish va ularga bo‘lgan mulk huquqini o‘tkazishni oldini olish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Brifingda ma’lum qilinishicha, o‘tgan davr mobaynida bir qator qonun buzilishi holatlari aniqlangan. Shu bilan birga, xorijda saqlanayotgan madaniy boyliklarni qaytarish sohasidagi yetakchi xalqaro tashkilotlar BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YuNESKO), Xalqaro jinoiy politsiya tashkiloti (INTERPOL), Butunjahon bojxona tashkiloti (WCO), Xalqaro muzeylar kengashi (ICOM) va Xususiy huquqni unifikatsiya qilish bo‘yicha xalqaro institut (UNIDROIT) imkoniyatlaridan va mavjud xalqaro mexanizmlardan foydalanishning huquqiy va tashkiliy asoslarini yaratish borasida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilmoqda.

Hozirgi kunga qadar Madaniy meros agentligi tomonidan xorijda saqlanayotgan O‘zbekistonga oid 9 mingdan ortiq madaniy boyliklar aniqlangan. Ulardan 2341 tasi arxeologiya va etnografiyaga oid ashyolar, 3969 ta qo‘lyozma, 969 ta turli davrlarga oid tangalar, 986 ta tekstil mahsulotlari, 487 ta musiqiy meros va 208 ta miniatyura asarlari hisoblanadi.

2022 yilda xorijiy davlatlardagi O‘zbekistonga tegishli bo‘lgan madaniy boyliklarni aniqlash, ularning nusxalarini olib kelish, ularning to‘liq ma’lumotlar bazasi – reyestrini yaratish choralarini belgilash yo‘nalishida bir qator ishlar amalga oshirilgan. Mamlakatimiz hududida yashab o‘tgan buyuk alloma va mutafakkirlarning ilmiy merosiga oid 86 ta qo‘lyozmaning elektron nusxasi xorijiy davlatlardan olindi. Joriy yilda chet ellarda saqlanayotgan, mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga oid madaniy boyliklarni aniqlash, O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni aks ettiruvchi jami 260 ta madaniy ashyoga oid ma’lumotlar aniqlandi va ularning ilmiy tavsifi amalga oshirildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi «O‘zarxiv» agentligi bilan hamkorlikda respublika hududidan har xil davrlarda 457 ta arxiv hujjatlari O‘zbekiston Respublikasi hududidan boshqa davlatlarga olib chiqib ketilgani aniqlangan.

Madaniy meros agentligi tomonidan muzey va arxivlarda saqlanayotgan madaniy boyliklarni idenfikatsiya qilish, raqamlashtirish, elektron hisobini yuritish va ularni huquqni muhofaza qiluvchi organlarning axborot tizimi bilan integratsiya qilish bo‘yicha qator chora-tadbirlar olib borilmoqda.

2022 yil davomida 4050 dan ortiq madaniy boyliklarning O‘zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqib ketilishi to‘xtatib qolindi.

Shuningdek, Madaniy meros agentligi va bojxona organlari o‘rtasida madaniy boyliklarni O‘zbekistonga olib kirish yoki olib chiqish huquqini biruvchi sertifikat to‘g‘risidagi ma’lumotlarni real vaqt kesimida elektron almashinuv amaliyotini yo‘lga qo‘yilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Interpol Milliy markazi byurosi va bojxona organlari o‘rtasida madaniy boyliklarni o‘g‘irlash holatlari yuzasidan elektron ma’lumot almashinuvini joriy etish, shu bilan birga, bojxona organlari tomonidan madaniy boyliklarni xalqaro qidiruvi bo‘yicha Interpol axborot bazasi «Works of art»dan foydalanish imkoniyatlarini yaratish choralari ko‘rilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring