Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi xo‘rlangan ayol voqeasiga munosabat bildirdi
Ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan — Kattaqo‘rg‘on shahar ichki ishlar boshqarmasi xodimlari o‘g‘rilikda guvon qilingan ayol qip-yalang‘och holda tahqirlangani haqida xabar bergan edik.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi matbuot xizmati rahbari Surayyo Rahmonova San’at Umarovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, unga qonun doirasida eng qat’iy choralar qo‘llanishi haqida ma’lum qilgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva «Facebook»dagi sahifasida ushbu voqeaga o‘z munosabatini bildirdi:
«Samarqandlik ayol bilan bo‘lgan voqea — bu albatta, hech qaysi odob va axloq qoidalariga to‘g‘ri kelmaydi. Avvalo gap shu «erkak» tarbiyasining darajasi to‘g‘risida bo‘lishi kerak. Bu holat mutlaqo ichki ishlar idoralari faoliyatiga daxldor emas, aksincha, bu nufuzli vazirlik o‘z saflarini nopok, qo‘pol xodimlardan tozalayapti.
Respublika xotin-qizlar qo‘mitasi ayollar bilan, u qanday xato qilib qo‘yganidan qati nazar, bunday munosabatda bo‘lishga mutlaqo qarshi! Biz barcha ayollarimizni himoya qilish borasida o‘z faoliyatimizni olib bormoqdamiz. Hozirgi kunda oilada, mehnat jamoasida, ko‘cha-ko‘yda ayol zo‘ravonlik qurboni bo‘lsa, biz, albatta, uni himoya qilamiz.
Bu borada har bir tumanlarimiz va shaharlarda ayollarga yordam beradigan markazlar tashkil qilinmoqda, shu bilan birga, zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan maxsus qonun yaratilishi ustidan ham ish olib borilmoqda.
Mazkur voqea barcha xotin-qizlarimizning nafratini uyg‘otdi, buni ijtimoiy tarmoqlardagi qizg‘in muhokamalar ko‘rsatmoqda.
Biz Bosh prokuratura tomonidan ko‘zg‘atilgan tergov ishi yakunlarini kutamiz va shu ayolning muammosi bilan, albatta, shug‘ullanamiz».
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter