Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xususiy klinikalarda davolangan «COVID-19» bemorlari og‘ir ahvolda Zangiota shifoxonasiga olib kelingan

Xususiy klinikalarda davolangan «COVID-19» bemorlari og‘ir ahvolda Zangiota shifoxonasiga olib kelingan

Foto: SSV

Xabaringiz bor, joriy yil may oyidan boshlab koronavirusni davolash bo‘yicha ixtiyoriy shartnoma imzolagan xususiy shifoxonalarga ushbu kasallikni davolash bo‘yicha ruxsat berilgan edi.

Biroq «COVID-19» infeksiyasini davolashda qatnashayotgan ba’zi xususiy tibbiyot muassasalari shartnomada ko‘rsatilgan talablarga to‘la amal qilmayapti. U yerdagi bemorlarning barchasi ham belgilangan ko‘rsatmalar asosida davolanayotgani yo‘q.

Jumladan, bemorlarning kasallik tarixlari tahlil qilinganda ayrim nodavlat klinikalarda kasallarga keragidan ortiq dori-darmonlar, tegishli ko‘rsatma mavjud bo‘lmasa-da, bir vaqtning o‘zida ikki va undan ortiq antibiotik va gormonlar buyurilayotgani ma’lum bo‘lmoqda. Bu haqda SSV Matbuot xizmati xabar bergan.

Ayrim xususiy klinikalarda esa bemorlarga davolash standartlariga zid ravishda me’yordan ortiq darajada infuzion suyuqliklar quyilayotgani aniqlanmoqda.

Shuningdek, yetarli bilim va saviyaga ega bo‘lmagan, sanitariya-epidemiologiya qoidalariga hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan standartlarga rioya qilinmagan bunday shifoxonalarda muolaja olayotgan ko‘plab bemorlar og‘ir asoratlar bilan ixtisoslashgan davlat tibbiyot muassasalariga o‘tkazilmoqda. Bu esa tig‘iz ish tartibida faoliyat yuritayotgan davlat tibbiyot muassasalaridagi shifokorlar ishini yanada qiyinlashtirmoqda.

— «COVID-19» infeksiyasiga chalingan bemorni kasallikning dastlabki bosqichida turli infuzion suyuqliklar bilan davolash, bir vaqtning o‘zida bir necha antibiotik va gormonlarni qo‘llash xastalikning tez suratda og‘ir shaklga o‘tib ketishiga sabab bo‘ladi, — deydi Zangiota 1-yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Anvar HUSANOV. — Afsuski, bugun uy sharoitida, qolaversa, ba’zi xususiy tibbiyot muassasalarida bemorlarni davolashda aynan ana shu xatoliklarga yo‘l qo‘yilmoqda.

Buning natijasida joriy yil iyun-iyul oyida birgina Zangiota 1-yuqumli kasalliklar shifoxonasiga Toshkent va Sirdaryo viloyatlari hamda poytaxtimizdagi 20 dan ziyod xususiy tibbiyot klinikasida davolangan 31 nafar «COVID-19»ga chalingan bemor og‘ir ahvolda olib kelingan.

Bugunga kelib, ushbu bemorlarning 7 nafari shifokorlarimizning sa’y-harakatlari sabab kasallikdan butunlay sog‘aygan bo‘lsa, qolgan bemorlar esa jonlantirish bo‘limida davo muolajalarini olmoqda. Eng yomoni, ushbu bemorlar orasida o‘lim holatlari ham qayd etilmoqda. Bu esa achinarli holatdir.

Joriy yil 21-iyul kuni Yakkasaroy tumanida yashovchi 1989-yilda tug‘ilgan fuqaro U.Sh. Zangiota 1-yuqumli kasalliklar shifoxonasiga o‘ta og‘ir ahvolda olib kelingan. Bungacha bu bemor o‘zboshimchalik bilan uy sharoitida, so‘ng poytaxtimizdagi xususiy klinikalarning birida antibakterial, puls terapiya, virusga qarshi antikoagulyant davo choralarini olgan. Bemorning umumiy ahvolida o‘zgarish bo‘lmagach, bizga murojaat qilgan.

Bemorda koronavirus infeksiyasining og‘ir darajada kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya, o‘pka shishi, ORDS sindromi kabi belgilar aniqlangan. Afsuski, kerakli tekshiruv va davo muolajalariga qaramasdan, bu bemor shu yil 29-iyul kuni vafot etgan.

Shu o‘rinda xususiy tibbiyot klinikalarida faoliyat olib borayotgan shifokorlardan koronavirusga chalingan bemorlarni davolashda belgilangan ko‘rsatmalarga amal qilishlarini, dori vositalarini o‘rnatilgan qoidalarga muvofiq tayinlashlarini so‘rab qolaman.

Eslatib o‘tamiz, bugungacha poytaxtimizdagi 25 ta, viloyatlardagi 6 ta xususiy shifoxonaga «COVID-19»ga chalingan bemorlarni davolash bo‘yicha ruxsat berilgan bo‘lib, yaqinda poytaxtimizdagi «ASIA SHINE HOSPITAL» xususiy shifoxonasi bilan Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi o‘rtasida koronavirusga chalingan bemorlarni davolash bo‘yicha 2021-yil 19-iyulda imzolangan shartnoma bir tomonlama bekor qilingan.

Vazirlik, yuqoridagilardan kelib chiqqan holda mulkchilik shaklidan qat’i nazar, «COVID-19» infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashda belgilangan diagnostika va davolash standartlariga amal qilish lozimligini yana bir bor eslatib, ushbu davolash muassasalarida nazorat ishlarini muntazam olib borilishini ma’lum qiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring