XXI asrdagi biror urushda bunday holat kuzatilmagan – professor

Isroil tomonidan G‘azo sektorida olib borilayotgan urushda hudud aholisining 4 foizi halok bo‘ldi. London universiteti huzuridagi Hollouey qirollik kolleji professori Maykl Spagat boshchiligida ilmiy tadqiqot olib borgan olimlar guruhi ana shunday xulosa keldi.
Tadqiqotda aniqlanishicha, Isroil armiyasi HAMAS harakati hujumiga javoban G‘azo sektoriga bostirib kirgan 2023-yil 7-oktyabrdan 2025-yil yanvar oyiga qadar 80 mingdan ziyod falastinlik o‘ldirilgan. Demak, 2,3 mln aholining har yigirma beshinchisi hayotdan bevaqt ko‘z emgan.
O‘lim ko‘rsatkichi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi taqdim etayotgan statistikadan ham ko‘proqni tashkil etmoqda. Falastin tomoni 11-iyul kuni e’lon qilgan axborotda G‘azo urushida halok bo‘lgan falastinliklar soni 57823 nafarga yetgani qayd etilgan.
“G‘azo sektorida aholining 4 foizi o‘ldirilgan. XXI asrdagi boshqa biror urushda bunday holat kuzatilmagan. Kichik yoshdagi bolalar o‘limi juda ko‘p bo‘lib, bu ham misli ko‘rilmagan holatdir”, – deydi professor Maykl Spagat.
Olimlar guruhi o‘z tadqiqotini Yevropa Ittifoqi va boshqa xayriya tashkilotlari homiyligida faoliyat yuritib kelayotgan Falastin siyosat va ijtimoiy tadqiqotlar markazi bilan hamkorlikda olib borgan.
Professor Spagat G‘azo sektorida ochlik va xastalik ko‘lami ortib borayotgani, binobarin, qurbonlar soni ham shiddat bilan o‘sishidan ogohlantirgan.
Isroil armiyasi G‘azo sektorini so‘nggi kunlarda bombalashi oqibatida kamida 110 nafar falastinlik halok bo‘lgan. Jumladan, Isroil va AQSh tashkil etgan gumanitar ko‘mak tarqatish maskanlarida oziq-ovqat olgani kelgan 34 kishi o‘ldirilgan.
Xabarlarga ko‘ra, insonparvarlik ko‘magi tarqatish shoxobchalari “ommaviy qatlgoh”larga aylanmoqda. Avvalroq Associated Press agentligi G‘azo sektoridagi insonparvarlik jamg‘armasining amerikalik xodimlari yordam so‘rab kelgan tinch aholi vakillarini o‘qqa tutgani haqida yozgandi.
Ma’lumot o‘rnida: o‘tgan yili Buyuk Britaniyaning “The Lancet” tibbiy jurnali G‘azodagi qurbonlar soni bo‘yicha yanada dahshatli raqamlarni e’lon qilgandi. Unga ko‘ra, 2023 yil oktyabrdan 2024 yil iyulga qadar qirg‘inbarotda 2,4 million g‘azoliklarning 7,9 foizi yoki 186 ming kishi halok bo‘lgan.
Buyuk Britaniyadagi Oxfam xayriya tashkiloti ham G‘azoda XXI asrdagi barcha yirik qurolli ziddiyatlardan ko‘proq o‘lim kuzatilayotganini ma’lum qilgandi.
Unga ko‘ra, Isroil harbiylari har kuni G‘azoda o‘rtacha 250 kishini o‘ldirmoqda. Bu XXI asrda Curiya (kunlik 96,5 ta o‘lim), Sudan (51,6), Iroq (50,8), Ukraina (43,9), Afg‘oniston (23,8), Yaman (15,8) kabi mamlakatlarda ro‘y bergan urushlardagi talafotlardan bir necha barobar ko‘pdir.
BMTning falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi bosh komissari Filipp Lazzariniga ko‘ra, so‘nggi olti oy ichida G‘azo sektorida dunyoda oxirgi to‘rt yilda kuzatilgan barcha mojarolardan ko‘proq bolalar halok bo‘lgan.
“Save the Children” tashkiloti hisob-kitobicha, qirg‘inning 9 oyiga kelib, 21 mingga yaqin falastinlik bola dom-daraksiz yo‘qolgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter