Harorat rejimi va tez o‘zgaruvchan ob-havo muhitining inson salomatligiga ta’siri

Joriy hafta boshidagi jazirama issiq kunlar kishilar salomatligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, haftaning payshanba va juma kunlarida respublikaning juda katta qismida kutilayotgan +40 daraja va undan yuqori harorat foni qariyalar, qon bosimi kasalligi mavjud bemorlarga ta’sir etadi.

Boshni quyoshdan asrash kerak. Bu muhim ahamiyatga ega. Chunki bosh miyadan katta arteriya, vena qon tomirlari o‘tgan bo‘lib, kunning issiq vaqtida bosh yalang yurganda bosh qizib, butun tanada issiq qon aylanib, odamni «oftob urishi» mumkin. Buning oqibatida tana haroratining ko‘tarilishi, terining qizarishi, holdan toyish, nafas olish va pulsning tezlashishi, bosh og‘rishi, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, hushdan ketish kabi holatlar kuzatilishi mumkin.

Jazirama kunlarda nima tanovul qilgan ma’qul? Ko‘p miqdorda suv ichish organizmning yaxshi ishlashiga va suv-tuz balansini me’yorlashtirishga yordam beradi. Ammo bunda organizmning suv tanqisligini to‘ldirish uchun gazlangan yoki nektar suv emas, aksincha, oddiy ichimlik suvini iste’mol qilish kerak. Shuningdek, issiq kunda yog‘li go‘sht mahsulotlari iste’molini kamaytirib, yengil hazm bo‘luvchi taomlar iste’molini ko‘paytirish maqsadga muvofiq. Qolaversa, meva va sabzavotlar ham organizmda yaxshi singib, ichki a’zolar faoliyatini normallashtirishga yordam beradi.

Tush payti, soat 12:00 va 16:00 oralig‘ida imkon qadar tashqariga chiqmagan ma’qul. Favqulodda vaziyatlar vazirligi shu kunlarda soat 10:00 dan 17:00 orasidagi muddatlarda quyosh nuri tik tushadigan joylarda harakatlanmaslikni targ‘ib etib, ogohlantirish xabari ulashgan.

Aholi zich istiqomat qiluvchi hududlarda payshanba va juma, shimoliy hududlarda esa chorshanba va payshanba kunlari kuzatiladigan yozgi jazirama vaqtida issiqlikning organizmga ta’sirini kamaytirish bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi tavsiyalariga amal qilish foydadan holi bo‘lmaydi.

Chorshanba va payshanba kunlari shimolda, juma kuni O‘zbekistonning katta qismida kuchli shamollar kuzatilishidan oldin atmosfera bosimining keskin o‘zgarishi bilan bog‘liq «barik tubsizlik» hodisasining kuchsiz ko‘rinishi yuz berishi mumkin. Atmosfera bosimining keskin o‘zgarishiga moyil kishilar o‘z salomatligida o‘zgarishlar sezsa, avvalgi materiallardagi tavsiyalarga amal qilishlari maqsadga muvofiq.

Bioiqlimiy sharoitlar

Hafta o‘rtalari va juma kunduzgi muddatlarida, hatto chorshanbaga va payshanbaga o‘tar kechasi ham aholi juda issiq va dim havo bilan to‘qnash keladi. Hafta davomida bir tun bo‘lsa-da, respublika aholisi issiq va dim ob-havoga guvohi bo‘lishi mumkin.

Quyidagi bioiqlimiy kartalarda 3 va 4 iyul kunlari soat 17:00 holatiga Osiyo mamlakatlarining bir vaqtda issiqlikni his qilish darajasi aks ettirilgan. Unda payshanba kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Surxondaryo viloyatlari, juma kuni Buxoro, Surxondaryo, Samarqand, Navoiy, Sirdaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatining aksar hududlari ekstremal issiqlik stresclarini qabul qilishi, boshqacha aytganda, ana shu vaqtda aksar o‘zbekistonliklar arab mamlakatlarining eng issiq hududlari, Pokiston, Afg‘oniston va Eronning ayrim hududlaridagi jaziramalar ostida yurganlar kabi issiqlik muhitini tanalarida his etishlari mumkinligi ko‘rsatilgan.

Qanday kiyinish kerak? Yoz kunlari tabiiy matodan tikilgan, havoni yaxshi o‘tkazib, quyosh nurini qaytaradigan och rangli kiyimlar hamda keng tikilgan kiyimlarni tanlash maqsadga muvofiq. Chunki ular terini nafas olishiga imkon yaratadi hamda tana haroratining ko‘tarilib ketishiga to‘sqinlik qiladi. Yuqorida ta’kidlanganidek, bosh kiyim ham kiyib olish kerak.

Kosmik ta’sirlar

Yakshanbada kun davomida va dushanba tongida Quyosh dog‘larida M va X sinf kuchli chaqnashlar kuzatilmadi. O‘tgan dam olish kuni Quyosh fotosforesadagi sokinlik sababmi, dushanba-seshanba kunlari «yashil» xavf darajasidagi kuchsiz magnit bo‘roni qo‘zg‘alashlari prognoz qilinmoqda.

Манба: Xras.ruManba: Xras.ru

Qozog‘istondagi Ionosfera instituti e’lon qilgan geomagnit bo‘roni prognozida ham dushanba va seshanba kunlari sayyora magnitosferasida «yashil» xavf darajasidagi magnit bo‘roni, chorshanba kunlari «sariq» (biroz xavfli) qo‘zg‘alishlari taxmin qilingan. Haftaning payshanba va juma kunlari esa «yashil» magnit bo‘roni xavfi prognoz qilingan.

Манба: Ionos.kzManba: Ionos.kz

Hozir dunyoda magnit bo‘ronlarini ikki kundan ortiq davr uchun ishonchli prognoz qila oladigan vosita va usullar mavjud emas. Shu bois magnit bo‘ronlariga ta’sirchan kishilar o‘z rejalarini yaqin ikki kunlik magnit bo‘roni prognozi ma’lumotlariga tayanib tuzishi maqsadga muvofiqdir.

Ob-havo o‘zgarishlari bilan bog‘liq atmosfera ifloslanishi

Joriy hafta o‘rtalarida va juma kuni O‘zbekistonda havo oqimlarining o‘rin almashinuvi sabab, kuchli shamol va chang to‘zon, chang bo‘ronlari ko‘tarilishi mumkin. Ushbu davrda havoda mayda RM 10 dispers zarrachalari qisqa muddatga ko‘payishi ehtimoli yuqori.

Boshqa kunlarda havoning tabiiy ravishda ifloslanishi uchun sharoit mavjud emas.

Bunday muhitda, zarurat tug‘ilganda, havoda mayda zarrachalar bilan bog‘liq ifloslanish ortganida qanday harakat qilish bo‘yicha Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi aholining turli yosh qatlamlari va bemorlar uchun tayyorlagan tavsiyalari bilan tanishib qo‘yish zarar qilmaydi.

Shunday qilib, 30 iyun — 6 iyul kunlari oralig‘ida kishilar salomatligiga kamroq xavf tug‘duruvchi iqlimiy va kosmik muhit dushanba va dam olish kunlari hisoblanadi.