Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangi turdagi koronavirusga nega SARS-CoV-2 nomi berildi?

Yangi turdagi koronavirusga nega SARS-CoV-2 nomi berildi?

Foto: «Medscape»

Jahonda respirator (nafas olish yo‘llari) kasalligini qo‘zg‘agan virus tasniflandi va unga nom berildi.

Koronaviruslar bo‘yicha xalqaro tadqiqotchilar guruhi (CSG) avvaliga 2019-nCoV nomi bilan tanilgan virusni tasniflash natijalarini ma’lum qildi. U SARS-CoVning yaqin qarindoshi deb topildi va SARS-CoV-2 nomini oldi. Bu haqdagi maqola «Nature Microbiology» jurnalida chop etildi.

Maqolada koronaviruslarni, xususan, turlar miqyosida tasniflash va nomlash bilan bog‘liq jarayonlar ochib berilgan bo‘lib, viruslar va taksonlar nomenklaturasi noto‘g‘ri foydalanilayotgani va talqin etilayotgani sabablari tushuntirilgan. Shuningdek, SARS-CoV hamda SARS-CoV-2ni ham o‘z ichiga oluvchi Severe acute respiratory syndrome-related coronavirus turiga mansub barcha viruslarni sinchkovlik bilan tasniflash muhimligi ta’kidlangan.

Yangi koronaviruslarni tasniflash ularning mashhur koronaviruslar bilan qay darajada genetik yaqinligiga asoslanadi. Hozirgi kunga kelib 39 turdagi koronavirus mavjudligi tan olingan; yana 10 turi o‘rganish jarayonida. Bu turlarning ko‘pchiligi o‘nlab, hatto yuzlab turli viruslarni, jumladan, SARS-CoV va SARS-CoV-2 mansub bo‘lgan turlarni o‘z ichiga oladi.

Ayni kunlarda butun dunyoni larzaga solayotgan yangi koronavirus SARS-CoV-2 nomini bevosita SARS-CoV va shu turdagi boshqa viruslarga genetik jihatdan o‘ta yaqinligi uchun oldi. Turning o‘ziga esa 2002-2003-yillarda odamlarda respirator kasalligini qo‘zg‘agan ona-virus — SARS-CoV nomi asos qilib olingan. Buning nomi esa, o‘z navbatida, o‘xshash kasallikka sabab bo‘lgan og‘ir o‘tkir respirator sindromi — SARS nomidan kelib chiqqan.

«Severe acute respiratory syndrome-related coronavirus — har biri o‘z nomini SARS-CoVdan olgan yuzlab ma’lum viruslar (asosan odamlar va ko‘rshapalaklarda qayd etilgan)ni o‘z ichiga olgan tur hisoblanadi. Shunga qaramasdan, bu nomlarda SARSga ilova berilishi bu virusning evolyusion aloqalarini ifodalaydi», — dedi CSG tadqiqotlari ishtirokchisi, Moskva davlat universiteti bioinjeneriya va bioinformatika fakulteti professori Aleksandr Gorbalenya.

Ayni paytda SARS-CoV-2ga doir mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, bu kasallik alomatlari va tashilishi SARS-CoVnikidan farqlanishi mumkin. Mualliflar SARS-CoV-2ni 2002-2003-yillardagi SARS-CoVdan mutlaqo mustaqil ravishda paydo bo‘lgan deyishmoqda. Shunga qaramasdan, bu ikki virus genetik jihatdan bir-biriga juda yaqin. Olimlar inson patogenlari, ko‘rshapalaklar va boshqa hayvonlarni zararlovchi qarindosh viruslarning biologiyasi va evolyusiyasini tushunishda yordam berish uchun bu tur ichidagi viruslarning o‘zaro aloqalarini o‘rganishga qaratilgan tadqiqotlar o‘tkazishni tasiya etishmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti SARS-CoV-2 qo‘zg‘ovchi kasallikka COVID-19 (COrona VIrus Disease 2019, koronavirusli infeksiya) nomini berdi, bunda uning keng ko‘lamdagi klinik tarqalganligi hisobga olingan.

Mualliflar ushbu nomlarni adashtirib yubormaslikni tavsiya etishmoqda: demak, COVID-19 — infeksion kasallik, SARS-CoV-2 — shu kasallikka sabab bo‘luvchi virus.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring