Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangi vazirlik xodimlarini «changitib» so‘kkan kishi Mirishkor hokimi ekani rasman tasdiqlandi

Yangi vazirlik xodimlarini «changitib» so‘kkan kishi Mirishkor hokimi ekani rasman tasdiqlandi

Mirishkor tumani hokimi Baxtiyor Rajabov

Mirishkor tumani hokimi Baxtiyor Rajabov mahalla raislari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazib, ularni jirkanch so‘kinishlar bilan «siylagani», hatto urib-turtgani haqida xabar berilgan edi.

Qashqadaryo viloyat hokimligi axborot xizmati ushbu audiodagi so‘kinish va haqoratlar haqiqatda Mirishkor tumani hokimi Baxtiyor Rajabovga tegishli ekanini tasdiqlab, audioyozuv tarqalishi yuzasidan hokimlik munosabatini bildirdi:

«Audioda turli xil uyatli so‘zlar bilan yig‘ilganlarni «siylagan» tuman hokimi ekanligi aniq, inkor etish fikridan yiroqmiz. Bu borada ichki tartibda chora ko‘rish bilan cheklanish ham mumkin edi. Ammo, qonuniy ravishda chora ko‘rilishi, «Nega oddiy xalq xato qilsa, jazo yoki jarima, hokim xato qilsa, kechirim-mi?» kabi tabaqalashtiruvchi gap-so‘zlar kelib chiqmasligi tarafdorimiz.

Tegishli tashkilotlar tomonidan o‘rganishlar yakunlanishi bilan holat bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlarni e’lon qilamiz», deyiladi hokimlik munosabatida.

Qayd etish lozimki, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Elmira Bositxonova yaqinda endi hokimlar o‘z ishini mahallalarga qildirishiga chek qo‘yiladi degandi.

«O‘zini-o‘zi boshqarish organi o‘z fuqarolari va kengashdan boshqa hech kimga bo‘ysunmaydi. Vazirlik [Маҳалла ва оилани қўллаб-қувватлаш вазирлиги] tashkil qilinganining eng katta sabablaridan biri – mahalla raisiga va mahalla faollariga hokimning o‘z ishini qildirishi masalasiga chek qo‘yiladi. Endi vazirlik ana shu aralashuv, majburlovlar – majlisda o‘tirish, tadbirda ishtirok etishga majburan olib borishning barchasiga nuqta qo‘yiladi. Farmonda bu aniq belgilab berilgan»ta’kidlagandi Elmira Bositxonova.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning oktyabr oyida Qashqadaryoda hokim Zafar Ro‘ziyev ishdan olingach, uning 2 nafar o‘rinbosari, jumladan qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Baxtiyor Rajabov lavozimidan bo‘shatilib, unga so‘nggi imkoniyat sifatida Mirishkor tumani hokimligi berilgandi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring