Yaponiya harbiy qudratini tiklashga kirishdi
Yaponiya Ikkinchi jahon urushidan so‘ng birinchi marta harbiy qudratini tiklashni rejalashtirmoqda. 16-dekabr kuni Yaponiya milliy xavfsizligiga qaratilgan uchta yangi hujjat tasdiqlandi, deb xabar berdi CNN.
Ularni bosh vazir Fumio Kisida taqdim etdi:
• milliy xavfsizlik strategiyasi;
• milliy mudofaa strategiyasi;
• mudofaa kuchlarini rivojlantirish rejasi.
«Kunchiqar mamlakat»ning mudofaa xarajatlari ikki baravarga oshirilishi, mintaqadagi raqiblar tomonidan tahdidlar o‘sib borayotgani hisobga olinib, tinchlikparvarlik ruhi bilan sug‘orilgan amaldagi konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.
AQSh va Xitoydan so‘ng, Yaponiya jahondagi uchinchi eng yirik harbiy budjetga ega mamlakat bo‘lishi mumkin — kelgusi besh yil davomida harbiy xarajatlar uchun 320 mlrd AQSh dollari sarflash ko‘zda tutilyapti. Bu pullarga raketalar, zarba beruvchi va ravedka maqsadlarida foydalaniluvchi uchuvchisiz qurilmalar, ko‘rinmas qiruvchi-samolyotlar, vertolyotlar, og‘ir transport samolyotlari, suvosti kemalari va harbiy kemalar xarid qilish rejalashtirilmoqda.
«Yangi choralar Yaponiyaga muayyan holatlarda va favqulodda vaziyatlarda boshqa mamlakat hududiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum qilish qobiliyatini taqdim etuvchi qarshi zarba berish salohiyatini taqdim etadi», — dedi Fumio Kisida.
Ikkinchi jahon urushidan mag‘lubiyat bilan chiqqan Yaponiya 1945-yildan so‘ng qabul qilgan konstitutsiyaga ko‘ra, ushbu mamlakat qurolli kuchlari faqat o‘z hududini mudofaa qiladi, boshqa davlatlarga hujum qilishi mumkin emas.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter