Yaponiya xususiy universitetlarining har uchinchisiga yopilish xavf solmoqda
Yaponiyada 2040-yilga borib xususiy universitetlarning qariyb 30 foizi moliyaviy mablag‘ yetishmovchiligi bois yopilish xavfi ostida. The Mainichi Shimbun gazetasi yozishicha, ayni holat 18 yoshli talabalar sonining tez sur’atlarda kamayib ketayotgani bilan bog‘liq.
Mamlakat ta’lim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vazirligi bu boradagi hisob-kitoblarini e’lon qilib, xususiy universitetlarni yopilish yoki talabalar sonini qisqartirish bo‘yicha imkon qadar tezroq qaror qabul qilishga chaqirdi.
Yaponiyada tug‘ilish darajasi pasayishi sababli, 2024-o‘quv yilida abituriyentlar soni 630 000 nafarni tashkil etgan edi, 2040-yilda bu ko‘rsatkich 460 000 nafargacha tushib ketishi kutilmoqda.
Ushbu mamlakatning demografik muammosini quyidagi raqamlar ham yaxshi ifodalaydi: Kunchiqar yurtda 124 mln kishi yashaydi, bu O‘zbekiston (38 mln) aholisidan 3,3 barobar ko‘p. 2024-yilda O‘zbekistonda OTMlarga kirish imtihonlarida 737 351 nafar abituriyent qatnashgan.
Yaponiya ta’lim vazirligi hisobotiga ko‘ra, oliy o‘quv yurtlarining qariyb 75 foizini tashkil etuvchi kunduzgi ta’lim shaklidagi 601 ta xususiy universitet kelgusida moliyaviy muammolarga yo‘liqish xavfi ostida. Moliyaviy yetishmovchilik borasida o‘ta yuqori xavf guruhiga kiritilgan universitetlar soni 2025-yilda 22 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2036-o‘quv yilida 85 taga, 2040-yilda 170 taga yetishi kutilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter