Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yaponiyada kognitiv test joriy qilinganidan so‘ng YTHlar soni kamaydi

Yaponiyada kognitiv test joriy qilinganidan so‘ng YTHlar soni kamaydi

Yaponiyada haydovchilik guvohnomasi muddatini uzaytirish uchun kognitiv testdan o‘tish majburiyati joriy qilinganidan so‘ng yo‘l-transport hodisalari soni kamaydi. Yapon tajribasi haqidagi maqola Journal of the American Geriatrics Society jurnalida e’lon qilindi.

Olimlar tadqiqot uchun Yaponiya politsiyasining YTH hamda 70 yoshdan oshgan piyodalar va velosipedchilar o‘rtasidagi jarohatlanishlar soni haqidagi ma’lumotlaridan foydalanishdi. Tadqiqot 2012-yil iyulidan 2019-yil dekabrigacha davrni qamrab oldi. 2017-yilning martidan boshlab 75 yoshli va undan oshgan haydovchilar guvohnomasi muddatini uzaytirishi uchun kognitiv testdan o‘tish majburiyati yuklandi. Testi yomon chiqqanlar shifokorlarga yo‘naltirildi. Shifokorlar demensiyani (keksayganda ong bilan bog‘liq ayrim funksiyalar, ayniqsa, xotiraning susayishi) tasdiqlashsa, haydovchilik guvohnomasi bekor qilinadigan yoki kuchini yo‘qotadigan  bo‘ldi.

2012–2019-yillarda 70 yosh va undan oshgan haydovchilar ishtirokida 602 885 ta YTH sodir bo‘lgan, shu yosh guruhidagi piyodalar va velosipedchilar 196 889 marotaba jarohat olgan. Yangi qoida joriy etilganidan so‘ng keksa haydovchilar o‘rtasida to‘qnashuvlar sodir etilishi (3670 taga) kamayib, xuddi shu yosh guruhidagi piyodalar va velosipedchilarning jarohat olishlari soni oshdi (959 taga).

«Keksa velosipedchilar va piyodalarning xavfsizligi ustida ko‘proq ishlashimiz kerak. Qolaversa, haydovchilik guvohnomasidan ayrilgan keksalarning mashinasiz hayotga ko‘nikishida va xavfsiz muqobil transport vositalariga o‘tishida yordamlashishimiz shart», — dedi tadqiqot muallifi Xaruxiko Inada.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring