Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish: elektron to‘lovlarni joriy etish yagona yechimmi?

Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish: elektron to‘lovlarni joriy etish yagona yechimmi?

Yashirin iqtisodiyot — oshkora zarar

Bugungi kunda dunyo mamlakatlari oldida turgan eng jiddiy muammolardan biri bu — yashirin iqtisodiyotdir. U rasmiy statistikada aks etmaydi, lekin davlat budjetiga katta salbiy ta’sir ko‘rsatadi, qonuniy faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni noteng raqobatga duchor qiladi va jamiyatda adolatsizlik hissini kuchaytiradi.

Afsuski, O‘zbekiston ham bundan mustasno emas. Bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonida tadbirkorlik uchun imkoniyatlar kengayib bormoqda, biroq uning ortidan yashirin savdo, buxgalteriya bo‘yicha ikki xil hisob yuritish, iste’molchilarga noto‘g‘ri ma’lumot berish orqali soliqlardan qochish holatlari ham kuchaydi.

Shu o‘rinda, 2026-yil 27 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha namunaviy amaliyotni yaratish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Mazkur yig‘ilishda davlatimiz rahbari tomonidan quyidagi holatlar alohida ta’kidlab o‘tildi:

«Toshkent shahrida yashirin va kuzatilmaydigan iqtisodiyot 60 trillion so‘mga yetgan, bu budjet yiliga 7,5 trillion so‘mni yo‘qotyapti degani.

Birgina aksiz solig‘i to‘lovchilar ishlab chiqarish va realizatsiya hajmini yashirgani oqibatida 66 milliard so‘m soliqdan qochilgan.»

Ushbu holatlardan kelib chiqqan holda, yashirin iqtisodiyotning O‘zbekiston budjetiga ko‘rsatayotgan salbiy ta’siri ko‘lamini tasavvur qilish qiyin emas.

Elektron to‘lovlar: yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashning asosiy quroli sifatida

Shu bois, oxirgi yillarda O‘zbekiston hukumati tomonidan iqtisodiyotni raqamlashtirish, xususan, elektron to‘lov tizimlarini joriy etish – yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashning asosiy quroli sifatida ilgari surilmoqda.

Jumladan, yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» qarori loyihasi umumxalq muhokamasi uchun e’lon qilindi. Mazkur loyihaga ko‘ra, «yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarda raqamli platformalarda generatsiya qilingan elektron to‘lovlarni qabul qiluvchi maxsus QR-kod, yuridik shaxslarda banklarda generatsiya qilingan yagona QR-kod mavjud bo‘lishi kerak»ligi taklif etilmoqda. Ushbu taklif mazmuniga binoan, iste’molchilar mahsulot xarid qilgan vaqtlarida nafaqat naqd pulda, balki elektron shaklda ham to‘lovni amalga oshirish imkoniga ega bo‘lishlari lozim.

Zero, elektron to‘lovlar (bank kartalari, QR, mobil ilovalar, onlayn to‘lov xizmatlari) har bir pul o‘tkazish holati – tranzaksiyani avtomatik ravishda qayd etish imkonini yaratadi. Bu esa o‘z navbatida:

  • soliq bazasini kengaytiradi;
  • yashirin savdoni aniqlashni osonlashtiradi;
  • davlat organlariga real vaqt rejimida tahlil qilish imkonini beradi.

Shu sababli, elektron to‘lovlar «raqamli soliq nazorati»ning asosi sifatida ko‘rilmoqda.

Xorij tajribasi: elektron to‘lovlarni joriy etish yagona yechimmi?

Rivojlangan xorijiy davlatlarning yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash bo‘yicha tajribasiga qaralsa, bunda eng asosiy e’tibor – to‘lovlarni amalga oshirishda iste’molchilarga imkon qadar qulaylik yaratish va ularning huquqlarini himoya qilish bo‘lganini ko‘rish mumkin.

Xususan, Yevropa Ittifoqida iste’molchini himoya qilish va adolatli savdo tamoyillari asos sifatida olingan bo‘lib, agar Ittifoqqa a’zo davlatning milliy qonuni yoki Markaziy banki yoxud soliq organi tomonidan naqd bo‘lmagan to‘lovni qabul qilish majburiyati belgilangan bo‘lsa, uni rad etish:

  • «adolatga zid savdo amaliyoti» (unfair commercial practices),
  • «iste’molchiga nisbatan kamsitish» (discriminatory treatment of consumers) sifatida baholanadi.

Italiyada ham «adolatga zid savdo amaliyoti» (unfair commercial practices) tushunchasi mavjud bo‘lib, ushbu tushuncha sotuvchi iste’molchiga noto‘g‘ri ma’lumot berishi yoki yetarlicha ma’lumot bermasligi orqali shaffof bo‘lmagan savdo faoliyati olib borganini anglatadi. Italiyada muayyan to‘lov usullarini rad etish holati – maxsus qoidalar bilan bevosita tartibga solinmaydi, lekin bunday harakat iste’molchiga noto‘g‘ri ma’lumot berish yoki yetarlicha ma’lumot bermaslik orqali sodir etilsa, u «adolatga zid savdo amaliyoti» shartlari doirasiga kiritiladi.

Ispaniyada esa tadbirkorlik subektlari tomonidan naqd pul to‘lovini qabul qilmaslik qonunga xilof deb baholanadi. Shuningdek, naqd pul to‘lovini qabul qilmaslik – jarima qo‘llanishiga sabab bo‘ladi.

Boshqa tomondan, tadbirkorlik subektlari tomonidan iste’molchilarga oldindan e’lon qilinmagan holda faqat plastik kartochka yoki QR-kod orqali to‘lov usuli bilan savdo faoliyati olib borilsa, bu ham iste’molchilar huquqlarini buzish deb topiladi.

Ruminiyada fiskal cheklar ustida majburiy QR-kod mavjud bo‘lishi talab qilinadi, ya’ni barcha savdo tranzaksiyalarida cheklarda QRkod bo‘lishi shart. Biroq, bunga rioya etmaslik to‘g‘ridan-to‘g‘ri «savdo qoidalarini buzish» emas, balki fiskal talablarga rioya etmaslik sifatida tartibga solingan.

E’tiborli tomoni – avval Ruminiyada QR-kod bo‘lmagan fiskal chek berganlik uchun jarimalar qo‘llanilishi nazarda tutilgan edi, lekin hozircha texnik xizmat va amaliyot jihatidan o‘tish murakkabligi sababli hukumat bu jarimalar qo‘llanilishini 2026 yil 1 noyabrgacha vaqtincha bekor qilgan.

Buyuk Britaniyada agar sotuvchi tomonidan iste’molchiga QR-kod yoki plastik kartochka orqali to‘lovni qabul qilishi haqida oldindan e’lon qilingan bo‘lsa, biroq to‘lov vaqtida bunday usul rad etilsa – mazkur harakat chalg‘ituvchi savdo amaliyoti (misleading commercial practice) deb topiladi hamda iste’molchiga noto‘g‘ri axborot berish sifatida baholanadi.

Yaponiyada esa muayyan to‘lov usullarini qabul qilish majburiyati to‘g‘ridan-to‘g‘ri qonunda belgilangan emas. Ammo, sotuvchi o‘zi tomonidan oldindan e’lon qilingan to‘lov usuliga zid harakat qilsa (masalan, QR-kod yoki plastik kartochka orqali to‘lovni qabul qilishi haqida e’lon bergan, lekin keyin buni rad etsa), bu iste’molchi huquqlariga zid xatti-harakat deb topiladi.

Qozog‘iston Respublikasi qonunchiligi bo‘yicha to‘lovlar turli usullar — bank kartalari, QR-kodlar yoki naqd pul orqali amalga oshirilishi mumkin. Shuning uchun, to‘lov vaqtida sotuvchining faqat naqd pulni talab qilishi qonunchilik talablarga zid deb qaraladi.

Qolaversa, «Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeks»ga muvofiq naqd bo‘lmagan to‘lovni rad etganlik uchun birinchi marta — ogohlantirish, takroran xuddi shunday harakat sodir etganlik uchun — jarima jazosi nazarda tutilgan.

Qirg‘iziston Respublikasida 2025 yil fevral oyida Soliq va Ma’muriy javobgarlik kodekslariga o‘zgartirishlar kiritilgan bo‘lib, bunda QR-kodlar orqali to‘lovlarni qabul qilmaslik yoki uning shartlariga amal qilmaslik ma’muriy javobgarlikka olib keladi. Shuningdek, QR-kod va elektron hamyonlar shaxsiy bo‘lmasligi shart, balki tadbirkorlik subektlari nomiga bog‘langan bo‘lishi kerak. Chunki, QR-kod yoki elektron hamyonni boshqa shaxslarga bog‘lab qo‘yganlik uchun ham ma’muriy jarima qo‘llanadi.

Xulosa: elektron to‘lovlar — zarur, lekin yagona yechim emas

Ayni vaqtda, yuqoridagi xorijiy davlatlarning yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash bo‘yicha tajribasidan kelib chiqqan holda, elektron to‘lovlarni joriy etish bilan bog‘liq ayrim omillar borligini qayd etish lozim:

  • ayrim olis va chekka hududlarda Internet tarmog‘i sifati hanuz talab darajasida emas;
  • aholi orasida elektron to‘lovlarni amalga oshirish bo‘yicha huquqiy savodxonlikni, bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish zarur;
  • elektron to‘lovlarni joriy etish bilan bog‘liq texnik xarajatlar kichik biznes sub’yektlari uchun og‘irlik qilishi mumkin;
  • elektron to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beradigan raqamli platformalar miqdori hanuz sanoqliligicha qolmoqda, ularning miqdorini oshirish hamda tadbirkorlik sub’yektlariga muayyan raqamli platformalar xizmatini tanlash bo‘yicha teng, ochiq va shaffof imkoniyat yaratish zarur, aks holda jamiyatda mazkur choralar – tadbirkorlik sub’yektlarini muayyan raqamli platforma xizmatidan foydalanishga va unga haq to‘lashga majburlash vositasi, degan taassurot uyg‘otishi mumkin.

Demak, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashda eng asosiy e’tibor – to‘lovlarni amalga oshirishda iste’molchilarga imkon qadar qulaylik yaratish va ularning huquqlarini himoya qilish bo‘lishi lozim.

Abduxalil Tursunov,
 Toshkent davlat yuridik universiteti
Biznes huquqi va sud himoyasi fakulteti
Tadqiqot markazi kichik ilmiy xodimi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring