Yil yakuni: Eng ko‘p pora olgan hokim yordamchisi, eng qimmat ovqat, eng qimmat tadbir...
Tahlillarga ko‘ra, 2022-yilning dastlabki oylaridayoq hokim yordamchilari tomonidan 14 ta jinoyat sodir etilgan. Mazkur jinoyatlarning asosiy qismini poraxo‘rlik, mansabdorlik va firibgarlik jinoyatlari tashkil etadi.
Mart oyida Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumani hokimining tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha yordamchisi B.X. fuqarodan 5,5 million so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Ushbu ochiqlangan birinchi jinoyatdan keyin Qashqadaryoning G‘uzor tumanida hokim yordamchisi 300 dollar olayotgan vaqtda qo‘lga olindi. U mahalliy fuqaroga viloyat tez tibbiy yordam markaziga feldsher bo‘lib ishlashga kiritishni va’da qilganligi aytilgan. Hech qancha o‘tmasdan bu rekord misli ko‘tarilmagan farq bilan yangilandi. Toshkent tumanida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hokim yordamchisini hibsga oldi — Toshkent tumanida yashovchi, 1982 yilda tug‘ilgan shaxs mazkur tumandagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birida hokim yordamchisi lavozimida ishlovchi sinfdoshi bilan kelishib, Toshkent shahar Olmazor tumanida joylashgan 4 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali boshqa bir shaxsning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga undan 30 ming AQSh dollari talab qilgan.
Aprel oyi boshida Chust tumani hokimi yordamchisi yer ajratib berish evaziga 15 ming dollar talab qilib, mazkur jinoyat amalga oshirilayotgan vaqtda qo‘lga olindi.
Hozircha yil boshidan buyon eng ko‘p pora olgan Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi hokim yordamchisi bo‘lib turibdi, u may oyida tadbirkordan 35 ming dollar pora olayotgan vaqtida ushlandi.
Eng ko‘p hokim yordamchisini lavozimidan ozod etgan viloyat
Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani hokimi qaroriga asosan, hokimning mahalla fuqarolari yig‘ini tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha 18 nafar maslahatchisi ishdan olingan bo‘lsa, Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov mahalla fuqarolar yig‘inlari tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha 40 nafar hokim yordamchisini lavozimidan ozod etgan.
Eng qimmat davlat tadbirlari
8 mart — Xalqaro xotin qizlar kuni bayrami munosabati bilan Kongress-xolda tashkil etilgan tadbirga qariyb 7 milliard so‘m sarflangan.
Bu borada estafeta bayrog‘ini xalqaro investitsiya forumi ilib ketdi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi davlat xaridlari portaliga Toshkent xalqaro investitsiya forumini o‘tkazishga qancha mablag‘ sarflagani haqidagi ma’lumotlarni ko‘rishingiz mumkin. Mart oyida Toshkentda xalqaro investitsiya forum doirasida 15 mlrd so‘mdan ortiq xaridlar amalga oshirilgan.
Oliy Majlis Senati esa 8-9 sentyabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan Parlamentlararo ittifoqqa a’zo davlatlar ayol rahbarlarining 14-sammitiga kelgan mehmonlarni ovqatlantirishga 1 mlrd 56 mln so‘mdan ortiq mablag‘ sarflagan. Senatning sammitga kelgan mehmonlarni ovqatlantirish xarajatlari smetasiga ko‘ra, 8 sentyabr kungi tushlik va kechki ovqat uchun 608 mln 120 ming so‘m, 9 sentyabr kungi kofe breyk va tushlik uchun 448 mln 500 ming so‘m sarflangan.
Yilning eng qimmat ovqatlari
Yuqorida aytganimizdek, Toshkent xalqaro investitsiya forumini o‘tkazish uchun 15 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangan. Masalan, «Sky Events» MChJ bilan 1,5 litrlik Coca-Cola ichimligini 32 ming so‘mdan, «Sochnaya dolina» sharbatlarini 48 ming so‘mdan sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzilgan.
Shartnoma o‘sha biz bilgan «Sky Events» bilan imzolangan, shartnomada bir dona somsa 85 ming so‘m, bir kosa sho‘rva 130 ming so‘m, bir porsiya qozon kabob esa 250 ming so‘m deb keltirilgan.
Mart oyida Toshkent investitsiya forumi bo‘lib o‘tganida, forum uchun qariyb 1,5 million dollar sarflangani haqidagi ma’lumotlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi.
Shartnomalarga ko‘ra, 700 ming dollar SKY EVENTS tadbir agentligiga ketgan. Unda bir porsiyasi 200 ming so‘mlik qulupnaylar, malinalar, 5,5 million so‘mlik qora ikra kabi mahsulotlar bor.
Sentyabr oyida Parlamentlararo ittifoqqa a’zo davlatlar ayol rahbarlarining 14-sammitiga kelgan mehmonlarga dudlangan lasos balig‘i bir porsiyasi 400 ming 52 nafar mehmonga baliqning o‘ziga 20 mln so‘m sarflangan.
Dasturxonga avokado va krivetki salati 120 ming, mol go‘shti medaloni —80.000 mingdan 300 kishiga, kilosi 130 minglik qulupnay va malinalar, shaftoli va uzumlar ham tortilgan.
Yilning eng qimmat soati
Bundan bir necha kun oldin Quyuv mexanika zavodi qariyb 180 million so‘mga Shveysariya soatini olishga buyurtma bergani haqida jurnalist Alisher Ro‘zioxunov o‘z sahifasida yozdi:
«Hukumat rahbari budjet tashkilotlari va budjet puliga aloqador korporativ idoralar yangi yil tadbirlarini o‘tkazishi taqiqlanishini aytsa ham, sovg‘a salom yuborishni taqiqlamaganku. Xo‘sh, bunisi bizga qorong‘u, ammo Toshkentdagi Quyuv mexanika zavodiga 142 million so‘mga 59ta soat, yana 36 million so‘mga 7 ta soat nega kerak bo‘ldi?
Bu zavodning 100 foiz ulushi O‘ztemiryo‘lmashta’mir UKga qarashli bo‘lib, O‘ztemiryo‘lmashta’mir UK esa davlat korxonasi. Xalqni pulini nima qilyapsizlar, insof bormi o‘zi sizlarda? Odamlar gaz va svetdan aziyat cheksa, ko‘chada turnaqator navbatda turib, tirikchilik qilayotganda qoraxalq ustidan kulishmi shu?»
O‘tgan yili O‘zbekiston Mudofaa vazirligi tomonidan Davlat xaridlari portaliga 30 million so‘mga premium-klassdagi tilla qoplamali 2 dona ruchka sotib olish taklifi joylashtirilgach, ijtimoiy tarmoqda e’tirozlar bildirilgandi.
«Qonli oy»
6 sentyabr. Jizzax viloyati Zarbdor tumanida ayol 39 yoshli eri tomonidan o‘ldirildi, 3 farzand yetim qoldi.
2 sentyabr. Yana Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida 4 farzandning onasi 40 yoshli eri tomonidan urib o‘ldirildi.
12 sentyabr. Andijon viloyati Izboskan tumanida 22 yoshli ayol va uning onasi kuyovi tomonidan pichoqlangach vafot etdi.
16 sentyabr. Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida ayol spirtli ichimlik iste’mol qilgan eri tomonidan pichoqlanib vafot etdi.
9 oyda O‘zbekistonda xotin-qizlarga tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining 27 mingdan ortig‘i — oilada, 3 mingdan ortig‘i — ko‘chada, 1 mingdan ortig‘i — jamoat joyida sodir etildi, deya ma’lum qildi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi.
Jami 32 mingdan ortiq xotin-qizlarga himoya orderlari berilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter