YPXdan qochgan «Lacetti» yuk mashinasiga urilib, bo‘linib ketdi

Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida, Olmazor va Islom Karimov ko‘chalari kesishmasida 28-oktyabrga o‘tar kechasi soat 2:00 atrofida «Lacetti» avtomobili va HOWO yuk mashinasi ishtirokida yo‘l-transport hodisasi yuz berdi.
IIBB matbuot xizmati xabar berishicha, avtomobilni YPX inspektorining talabiga bo‘ysunmay, yashirinish maqsadida katta tezlikda va haydovchilik guvohnomasisiz boshqarib kelayotgan «Lacetti» haydovchisi Olmazor-Islom Karimov ko‘chalari chorrahasida svetoforning taqiqlovchi qizil chirog‘iga chorrahaga katta tezlikda kirib borgan vaqti yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketgan.
Hodisa oqibatida «Lacetti» haydovchisi, 29 yoshli Jo‘rabek A. tan jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilgan, «Lacetti»ning 26 yoshli yo‘lovchisi Shahboz H. esa hodisa joyida halok bo‘lgan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi («odam o‘lishiga sabab bo‘lgan transport vositasi harakati yoki undan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
«Tergov davomida YTH sabablari, haydovchini tezlikni oshirishga undagan omillar aniqlanadi. Qoidabuzarning avtomobilini ta’qib qilib borgan xodimlarga nisbatan xizmat tekshiruvi belgilangan. Ushbu tekshiruv natijalari haqida qo‘shimcha axborot beriladi», — deyiladi IIBB axborotida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter