Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yulduz Usmonova «nasihati»ga Madaniyat vazirligining munosabati muhokamalarga sabab bo‘ldi

Yulduz Usmonova «nasihati»ga Madaniyat vazirligining munosabati muhokamalarga sabab bo‘ldi

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, muhokamalarga sabab bo‘layotgan, O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning konsert dasturidan yozib olingan videolavha yuzasidan Madaniyat vazirligi munosabat bildirgandi.

Ushbu rasmiy munosabat ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va blogerlarning muhokamalariga sabab bo‘lmoqda.

«Yulduz Usmonova masalasida Madaniyat vazirligi rasmiy munosabat bildirib, «qars ikki qo‘ldan chiqadi» degan mazmunda tomoshabinlarga va Yulduzxonimga teng tanbeh beribdi, deb yozadi bloger Shahnoza Soatova.

«Munosabatda vazirlik «zaldagi madaniyatsizlik» (qo‘shtirnoq sababi, bu hodisa qanday bo‘lgani, zaldan qay darajada va tarzda madaniyatsizlik ko‘rsatilganini bilmaymiz) va sahnadagi madaniyatsizlikni bir qatorga qo‘yyapti. Bir nechta «madaniyatsiz tomoshabin»ni deb salkam 5 ming odamga nisbatan qilingan hurmatsizlikni (yumshoq aytganda) teng ko‘ryapti, bir nechta «tartibsiz» iste’molchi bilan qo‘lida mikrofon tutgan, minglab odamlarga murojaat qilish huquqi va imkoniyatiga ega xalq artistining ma’naviy burchini bir xil deb baholayapti. Mayli, bu ularning adolati.

Endi savol: to‘yda (xususiy tadbirda) bir odamni so‘kkan AvazBEK Olimovdan «boshqa qilmayman» degan mazmunda tushuntirish xati yozdirib olgan tizim Yulduz Usmonovaning sahnadan (!) turib qilgan odobsizligini shunchaki og‘zaki «oqlamay, qoralab» qo‘yaqolishi ham ularning adolatimi?

«Hammaga teng» tartiblaringizdan...

Shu paytgacha Yulduz opa Ichki ishlar tizimini so‘kdi, shoirni so‘kdi, tomoshabinlarni so‘kdi... Bu oxirgisi deb umid qilishga asos ham yo‘q, chunki jazolanmagan ayb takrorlanaveradi, xulosalar badbin qolaveradi», deya qayd etadi Shahnoza Soatova.

«Yulduz Usmonovani na Madaniyat vazirligi, na davlatning boshqa bir tuzilmasi jazolashi kerak, tanbeh ham berishi shart emas. Yulduz Usmonova jamoatchilikka qo‘pollik qildi, uni jamoatchilikning o‘zi jazolashi kerak. Instagramda yo Tvitterda uni so‘kkan bilan u jazolanib qolmaydi. Odamlarimiz bir bo‘lib, uyushib, uni to‘yga chaqirmay qo‘ysin: hech kim chaqirmasin shu artistni to‘yga, uni to‘yga chaqirmaslikni bir-biriga targ‘ib qilsin odamlarimiz — eng yaxshi jazo shu unga.

Lekin bizning odamlarimiz unday qilishmaydi. Hatto shu artistning haqoratlarini eshitib, unga qarsak chalishdi-ku — qarang, qanday bag‘rikenglik! Shuning uchun ham O‘zAvtoMotors yiliga millionlab dollar, yuz milliardlab so‘m foyda ko‘rishda davom etyapti, ma’nan eskirgan «yangi» mashinalarining narxini behijolat oshiryapti. Chunki...

Odamlarimiz shunga munosib. Shunga munosibmiz, hozircha. Lekin qachondir bu o‘zgaradi, o‘zgarishi kerak — chunki biz, hammamiz, yaxshirog‘iga — odobliroq artistlarga, sifatliroq avtomobillarga, farovonroq hayotga, eng kamida, yaxshiroq munosabatga loyiqmiz. Bunga shubha yo‘q», deb yozadi bloger Muhrim A’zamxo‘jayev.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring