Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

YuNESKOda 15-dekabr – Butunjahon turkiy tillar kuni etib belgilandi

YuNESKOda 15-dekabr – Butunjahon turkiy tillar kuni etib belgilandi

Ayni kunlarda Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan YuNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasida 15-dekabr kunini Butunjahon turkiy tillar kuni etib belgilashga doir rezolyusiya qabul qilindi.

Hujjatda qayd etilishicha, Butunjahon turkiy tillar kuni e’lon qilinishi YuNESKOning til va madaniy xilma-xillik, mintaqaviy va global hamkorlik, turkiy xalqlar og‘zaki merosini saqlab qolish va g‘oyalarini rivojlantirish borasidagi ustuvorliklarini amalga oshirishga yordam beradi.

Kun tartibiga turkiy tillar haqidagi band Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekiston tomonidan hamda YuNESKOga a’zo 21 ta davlat qo‘llab-quvvatlashi orqali kiritilgan edi. Bu sananing tanlanishi tasodif emas: 1893-yil 15-dekabrda daniyalik olim Vilgelm Tomsen turkiy tillarning ko‘p asrlik tarixini tasdiqlovchi qadimiy yozma manbalardan biri, xususan, ozarbayjon, o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turk, turkman tillari mansub turkiy tillar oilasi kelib chiqishiga guvohlik beruvchi O‘rxun bitiklari alifbosini o‘qishga muvaffaq bo‘lganini e’lon qilgandi.

Butunjahon turkiy tillari kuni doirasida ko‘rgazma, ma’ruza, adabiy kecha, badiiy tomosha kabi turli madaniy taqdimot hamda tadbirlar bo‘lib o‘tadi. Shu orqali turkiy tilli davlatlarning madaniy xilma-xilligi ob’yekti sifatida ularning madaniy va ijtimoiy qimmatini namoyish qilinadi. Shuningdek, turkiy tillar oilasining insoniyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi haqida xabardorlikni oshiradi.

Turkiy tillar YuNESKOga a’zo va 12 million kvadrat kilometr maydonda istiqomat qiladigan 200 milliondan ziyod aholining ona tili sanaladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring