Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yuzga yuzlashgan qahramon ona…

Yuzga yuzlashgan qahramon ona…

Muhammad Ismoil – bugun bu nom nafaqat adabiyot va san’at muxlislariga, balki butun yurtdoshlarimizga yaxshi tanish. Ijodkorning 200 dan ortiq qo‘shiqlari, 20 dan ortiq telenovellalari ekran yuzini ko‘rar ekan, ularda falsafiy hayot mushohadalari aks etganligi bilan ajralib turadi.

Kasbim nuqtai nazaridan viloyat teleradiokompaniyasida ishlar ekanman, ustoz ijodkor bilan O‘zbekiston xalq shoiri – Halima Xudoyberdiyeva ijod maktabida tanishib, ijodiy hamkorlik qila boshladik. U kishi bu paytda hukumatimiz topshirig‘i bilan ijod maktabiga derektor etib tayinlangandi. Har gal televediniye uchun intervyu, lavha, xabar va suhbatlar tayyorlar ekanman, suhbatimiz so‘nggida shoir o‘z onasi haqida to‘xtalib o‘tardi. Muhammad aka «mening shoir bo‘lishimda, yurt bilgan ijodkor bo‘lib tanilishimda onamning o‘rni bo‘lakcha», deya bot-bot aytardi.

Yaqinda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi saytida ijodkorning 60 yoshli yubileyi munosabati bilan «Boshimdagi tojim onam» kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tganligi to‘g‘risidagi xabarga ko‘zim tushdi. Beixtiyor Muhammad akaning ona duosini olgan farzand ekanligiga yana bir bor imon keltirdim.

Bir kuni suhbatlarimizdan birida Muhammad aka onasi haqida to‘lqinlanib gapirib, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov, Navoiy mukofoti sovrindori Sherali Jo‘rayev, O‘zbekiston xalq artisti Ortiq Otajonov, xalq shoirlari Omon Matjon, Usmon Azim, Halima Xudoyberdiyevalar (bu nomlarni ko‘p davom ettirish mumkin, -muallif) ularning xonadonlarida bo‘lib, onaxonning duosini olganliklarini so‘zlab bergandi.

Shu asnoda men ham Zulayho hoji ona duosini olib, yuqoridagi ro‘yxatga tushmoqlikni niyat qildim. Buni eshitgan shifokor ukam Jaloliddin hamda padari buzrukvorim yozuvchi Farhod O‘rol menga hamroh bo‘lishdi.

Xovos tumaniga yetib borganimizda vaqt kun yarmiga yaqinlashib qolgandi. Muhammad aka aytib qo‘ygan shekilli, bizni Ahmad aka va ayoli kutib turishgan ekan. Xonadon ichkarisiga kirarkanmiz, nurli onaxonga ko‘zimiz tushdi. Shunda Muhammad akaning onasi haqidagi to‘lqinlanib gapirishlari yodimga tushdi. Bejizga emas ekan, deya o‘ylab qoldim.

Shunday yuz bilan yuzlashgan mehridaryo onasi bor insonning shoir bo‘lishi tabiiy. Zulayho hoji ona bilan suhbatlashar ekanman, onaxonning 100 yoshda ham fikrlari teran, so‘zlari aniq, hayotiy xulosalari ma’no-mag‘ziga ega donishmand ayolni ko‘raman. Ko‘raman-u xayolimdan beixtiyor To‘maris, Mohlaroyim, Zebiniso, Nodirabegimlar o‘tdi. Zero, mening oldimda shunday buyuk ajdodlar vakilasi o‘tirardi. Shu kuni kechgacha onaxon suhbatiga maftun bo‘ldik. Suhbatimiz davomida onaxon halollik haqida ko‘p gapirib, bir voqeani ham aytib berdi. 

– Yolg‘iz o‘zim 9 nafar farzand bilan qolgan vaqtlarim, bizni esa bir dona sigirimiz boqar edi, – deydi onaxon. – Kunlarning birida ertalab sigirni sog‘gani og‘ilxonaga borsam, sigir o‘lib qolibdi. Farzandlarim bilan uvvos solib yig‘ladik. Keyin esa sigirni ko‘mdik. Halol rizqimizni esa Allohim berdi. Farzandlarni halol rizq bilan ulg‘aytirdim-da,  bolam…

Meni hayratlantirgan yana bir voqea chindan ham onaxonning mehr-muhabbatga to‘la qalb egasi ekanligi isbotlab turardi. Bu qardosh turk birodarlarimizga og‘ir talafotli kunlarda qilgan o‘z nafaqasidan 20 million so‘mlik kamtarona yordamini Turkiya Prezedenti ham munosib e’tirof etib, «Turkiya haloskori» ko‘krak nishoni bilan taqdirlagani edi.

Ha, bizning shunday ayollarimiz, onalarimiz bor ekan, millatimizning ertasini ko‘tarib turuvchi yoshlarimizga kamarbasta bo‘lib boraveradi. Shu o‘rinda Muhammad aka bilan «Mutolaa zavqi» ko‘rsatuvimga qilgan ilk suhbatlarimizdan birida u kishi o‘zining ijodi haqida gapira turib, savollarimning biriga shunday javob bergani yodimga tushadi.

«Bilasizmi, ilk she’rlarim Rauf  Parfi tashabbusi bilan «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida chop etilgan. Gazetani olib onamga ko‘rsatish uchun Xovosga shoshganman. She’rlarim modern uslubida yozilgan edi. To‘g‘risi, onam hech narsaga tushunmagandi. Men bo‘lsam olis o‘ylar girdobida qolgandim. Shu-shu onam tushunmagan she’rlarni yozib nima qildim, deya bugun jaydari ijod qilaman», – degandi shoir.

Ha, bugun Muhammad Ismoilning barcha she’rlarini o‘qirkansiz, sodda va xalqchil ekaniga guvoh bo‘lasiz. Shoirning «Boshimdagi tojim onam» kitobiga ko‘zim tushgandayoq mana shu xotiralar yodimga keldi. Qalbida mehr quyoshi porlab turgan nurli onaxon bilan suhbatimiz esa yuraklarimizga yorug‘lik ulashdi.

Zulayho hoji ona huzuridan halollikning mukofoti ulug‘ ekani haqidagi o‘ylar, farzandlarni tarbiyalash borasidagi dono o‘gitlarni yuragimga joylagancha, men ham farzandlarim ardog‘idagi ona bo‘lish havasida ortga qaytdim...

Sohiba O‘RALOVA

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring