«Zamonaviy davlatda haqiqat yashirilmaydi»
«Jurnalist davlat ishchisi emas. Ularning asosiy vazifasi auditoriya. Chunki auditoriya davlatga soliq to‘laydi, shuning uchun u — oliy hakam, jurnalist auditoriya oldida javobgar. Muharrirlar mustaqil bo‘lishi kerak, ular auditoriya uchun xavfsiz muhitni yarata olishi kerak».
Kuni kecha Toshkentdagi Fgank Fort mehmonxonasida «O‘zbekistonda mass-mediani rivojlantirishning dolzarb masalalari» respublika davra suhbati ana shunday qizg‘in fikrlar bilan boshlandi.
— Agar yurtingizda jurnalistga bosim bo‘lsa, boshqa joydan yordam kutmang. Siz to‘xtovsiz hamkasbingiz uchun kurashing. Oxirigacha kurashing, bu haqda bong uring, bong uring, — deb so‘zini davom ettirdi «Mintaqaviy muloqot», xalqaro nohukumat tashkiloti rahbari Myusha Sever.
Oliy Majlisi Senati, Qonunchilik palatasi vakillari, bir qator mutasaddi davlat organlari mas’ullari hamda xalqaro va nodavlat tashkilot rahbarlari, xorijiy, mahalliy OAV mutaxassislari ishtirokidagi tadbirda, AOKA rahbari A.Xo‘jayev o‘z so‘zi davomida davlat organlari faoliyatida ochiqlikni ta’minlash, tanqidlar va jamoatchilik fikriga o‘z vaqtida asosli munosabat bildirish yo‘nalishidagi ishlar haqida ma’lumot berdi. Ya’ni 2019 yilda tanqidiy-tahliliy materiallarga javob berish 12 foizni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yil yakuniga ko‘ra bu ko‘rsatkich 93 foizga yetgan.
«Agar jurnalistlarga bosim bo‘lsa, biz qarab turmaymiz. Yaqinda bir jurnalist ayol menga bosim bo‘layapti, menga qo‘ng‘iroq qilishayapti deb xabar tarqatdi. Biz tezda ishga kirishdik. Boshqarma boshliqlarini ishga soldik, 4-5 marta murojaat qildik, bizga ariza bering bu ish bilan kerakli joylar shug‘ullansin, dedik. Lekin u ayol bizga arizayam yozmadi, kim bosim o‘tkazayotganiniyam ochiqlamadi, oxiri «tinch qo‘yinglar bizni» dedi. Jurnalist hamkasbimizning maqsadi nima bo‘lgan tushunmadik. Agar rostdan ham bosim bo‘layotgan bo‘lsa oxirigacha borish kerak. Maqsad nima bo‘lgan bundan, yordam kutishmi, bilolmadik», dedi suhbat orasida AOKA rahbari.
Filip Kosnett, xalqaro konsalting kompaniyasi vakili: «Hozir internet chiqib ketdi, turli kanallar, bloglar bor, bir paytlar jurnalistika kerakmi o‘zi, degan savol Amerikani ham o‘ylantirgan edi. O‘shanda aytganmanki: «ha, jurnalistlar avvalgidan ham ko‘ra ko‘proq kerak. Sababi, blogerlar va boshqa axborot tarqatuvchilar professional jurnalistdek tahlil qilolmaydi, xabarning rost yoki yolg‘onligiga javob berolmaydi. Odamlar rost va xolis xabarni jurnalistdan qidiradi va unga ishonadi. Zamonaviy davlatda haqiqat yashirilmaydi, yashirilgan taqdirda ham boshqa manbalar orqali haqiqat oshkor bo‘ladi. Shuning uchun jurnalist haqiqatni yashirmasligi kerak, toki haqiqat bo‘yalib, bejalib odamlarga boshqacha tarzda yetib bormasin».
Shuningdek, tadbir doirasida Agentlik faoliyati doirasida tashkil etilgan «Dialog maydonchasi», 1213 qisqa raqamli Call-markaz, «Media-advice» platformalari orqali nafaqat soha vakillari, balki aholi ham o‘zlarini qiziqtirgan barcha masalalar bo‘yicha huquqiy javoblar, maslahatlar va tavsiyalar olish imkoniga egaligi aytildi.
Davra suhbatida jurnalistlarning huquqini, shuningdek, ularni turli tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilish, axborot olish va tarqatishda xolislikni ta’minlash, OAV xodimlari huquqiy savodxonligini oshirish, turli «feyk» xabarlar tarqalishini oldini olish, jurnalistik faoliyatda gender tenglik masalalari yoritilishi va sohadagi boshqa dolzarb masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter