Zamonaviy klinika, ilg‘or texnologiya va boshqa xizmatlar – «O‘zmilliybank» AJ Andijondagi ishlarni namoyish qildi (video)

Keyingi yillarda mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Andijon viloyatida ham keng ko‘lamli qurilish, bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Mazkur jarayonlarda banklar, xususan, «O‘zmilliybank» AJ, uning viloyat bosh boshqarmasi hamda hududlardagi Bank xizmatlari markazlari va ofislarida faol ishtirok etib, erishilayotgan ijobiy natijalarga munosib hissa qo‘shmoqda.
«O‘zmilliybank» AJ tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Andijon viloyatiga tashkil etilgan press-tur doirasida ana shu yo‘nalishdagi ishlar bilan bevosita tanishildi. Press-tur jarayonida jurnalistlar «O‘zmilliybank» AJ Andijon viloyati bosh boshqarmasida bo‘lib, Andijon Amaliyot bank xizmatlari markazi faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
Bugungi kunda «O‘zmilliybank» AJ Andijon viloyati bosh boshqarmasi tasarrufida 3 ta bank xizmatlari markazi va 5 ta bank xizmatlar ofisi faoliyat ko‘rsatadi.
Andijon Amaliyot bank xizmatlari markazida 19 ming 854 nafar mijozga xizmat ko‘rsatiladi. Mijozlarga plastik kartochkalardan foydalanishda qulayliklar yaratish maqsadida joylarda 10 ta bankomat, 1 ta ADM qurilmasi, 412 ta savdo terminali o‘rnatilgan. Bundan tashqari, aholiga plastik kartalar amaliyotini yanada soddalashtirish uchun 24/7 rejimda xizmat ko‘rsatuvchi 6 ta shoxobcha xizmati tashkil etilgan.
Bank xizmatlari markazida innovatsion xizmatlar ko‘rsatish hajmi tobora ortib borishi hisobiga ayni paytda mijozlarning 90 foizi masofadan boshqariladigan xizmatlardan foydalanish imkoniga ega.
«O‘zmilliybank» AJ servis tarmog‘ini rivojlantirishga mas’ul etib belgilangandan so‘ng, viloyatda o‘tgan 4 yil davomida mazkur moliya muassasasi tashabbusi bilan tijorat banklari bilan birgalikda xizmatlar sohasiga 4,9 trillion so‘m kredit ajratildi. Bu 2021 yilda — 0,9 trillion so‘m, 2022 yilda — 1,4 trillion so‘m, 2023 yilda — 1,1 milliard so‘m va 2024 yilda — 1,5 milliard so‘mni tashkil etdi.
Press-tur davomida OAV vakillari Andijon shahridagi «MAHMUD EVRO DENT» mas’uliyati cheklangan jamiyati qarashli stomotologiya markazida bo‘lishdi.
Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy, xususan, stomotologik xizmatlar sifatini oshirish, zamonaviy va ilg‘or xizmat turlarini yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etilgan mazkur stomotologiya markazini zamonaviy jihoz va uskunalar bilan ta’minlash uchun «O‘zmilliybank» tomonidan 1 milliard so‘m miqdorida kredit ajratilgan.
Bank ko‘magida amalga oshirilgan mazkur loyiha doirasida faoliyat olib borayotgan mazkur markazda ayni kunda 12 nafar kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.
Andijon shahrida yangi ish boshlagan oilaviy maktabgacha ta’lim muassasasi bugun hududdagi ota-onalar va bolalar uchun eng kerakli maskan sifatida tanilib ulgurdi. Hozirda nodavlat ta’lim muassasada 10 dan ortiq ish o‘rni yaratilgan.
Viloyatning Izboskan tumanidagi mana bu joylar qachonlardir tashlandiq va xaroba holda edi. Endi esa tumanning eng gavjum va aholi farzandlari bilan dam oladigan sevimli maskanga aylandi. «Zero Fresh» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli mazkur restoranda mijozlarga Yevropa va milliy taomlarni taqdim etadi. Umumiy qiymati 2 milliard 300 million so‘m bo‘lgan mazkur restoran xizmati uchun bankdan 2 milliard so‘m miqdoridagi kredit mablag‘i ajratilgan.
Keyingi yillarda Andijon viloyatining yengil sanoat, xususan trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish salohiyati ortib bormoqda. Jalaquduq tumani Tuyalas mahallasida faoliyat olib borayotgan «BIZNES ERKIN TEX» mas’uliyati cheklangan jamiyati ham «O‘zmilliybank»ning moliyaviy ko‘magida o‘z faoliyatini yanada kengaytirdi.
Bank tomonidan ajratilgan 4 million dollar miqdoridagi kredit hisobiga korxonaga Yaponiya davlatidan eng zamonaviy tikuv mashinalari, turli dastgoh va jihozlar keltirilib, o‘rnatildi.
Press-tur ishtirokchilarining so‘nggi lokatsiyasi Marhamat tumanidagi «Hayot shifo maskani» klinikasi bo‘ldi. Joriy yilning avvalida ish boshlagan tibbiy markaz bugun bemorlarga ambulator va statsionar xizmatlarni yo‘lga qo‘ygan. Markaz poliklinika va sihatgohdan iborat bo‘lib, Bank tomonidan ajratilgan kredit mablag‘i klinikaning jihozlanishi uchun sarf etilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, «O‘zmilliybank» AJ tomonidan tadbirkor hamda tadbirkorlik sub’yektlarining tashabbus va loyihalarini, shu bilan birga, korxonalarni qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter