Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Zamonaviy Turkiya brendi» – Istanbulda yangi kutubxona ochildi

«Zamonaviy Turkiya brendi» – Istanbulda yangi kutubxona ochildi

Foto: AA

13-yanvar kuni Istanbulda mamlakatdagi yirik ma’rifat maskanlaridan biri «Rami» kutubxonasining ochilishi marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on yangi kutubxonani zamonaviy Turkiyaning navbatdagi brendi deb atadi.

1757-1774 yillarda barpo etilgan tarixiy bino uzoq yillar Usmoniylar davlati harbiy inshooti – kazarma sifatida xizmat qilib kelgan. Me’moriy majmua so‘nggi bir necha yil davomida kapital ta’mirlandi va kutubxonaga aylantirildi.

«Mamlakat taraqqiysi ko‘plab sohalar, jumladan, ta’lim, madaniyat va san’at yo‘nalishlarini qamraydi. Biz shu bois ham ta’lim yo‘nalishiga alohida e’tibor qaratmoqdamiz», – dedi prezident Erdo‘g‘on.

220 ming kvadrat metr maydonni egallagan ma’rifat maskani ayni paytda 2,5 million kitob fondiga ega. Turkiya rahbariga ko‘ra, dunyoning turli burchaklaridan yana millionlab kitob xarid qilinib, «Rami» kutubxonasi xalqaro madaniy markazga aylantiriladi.

Kutubxona bir paytning o‘zida 4200 o‘quvchini bag‘riga sig‘dira oladi. U yetti yoshdan yetmish yoshgacha – turli avlod o‘quvchilariga mo‘ljallangan adabiyotlar bilan ta’minlangan. Majmuada hatto bolalar o‘ynashi uchun maydonchalar ham barpo etilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiya madaniyat va turizm vazirligi tasarrufida 1258 ta jamoat kutubxonasi mavjud. Turkiya respublikasining 100 yilligi munosabati bilan yana 100 ta  yangi kutubxona ochish rejalashtirilgan.

Avval xabar berganimizdek, 2020-yil 20-fevral kuni Turkiya poytaxti Anqarada saljuqiylar, usmoniylar va zamonaviy me’morchilik an’analari asosida qurilgan Xalq kutubxonasi ochilgan edi. Mahobatli kutubxona kitob fondi (4 million bosma nashr va 120 milliondan ziyod elektron fayl) hamda xizmat darajasi bo‘yicha dunyodagi eng ulkanlaridan biri deb baholangan. Uning ochilishida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring