Zangiota 1 va 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonalarida qancha bemor davolanmoqda?
Dunyoda COVID-19 pandemiyasi boshlanganiga ikki yildan oshdi. Ayni paytda insoniyat bu kasallikni yengish va uni jilovlash uchun barcha choralarni ishga solmoqda. Biroq virus ortga chekinayotgani yo‘q, deb yozmoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Aksincha, so‘nggi kunlarda dunyoning qator mamlakatlarida ushbu infeksiya bilan bog‘liq vaziyat yana murakkablashyapti. Ayniqsa, AQSh, Germaniya, Braziliya, Italiya, Tayvan va Ispaniya kabi davlatlarda kasallanishlar soni kundan kunga oshib borayotgani ko‘pchilikni tashvishga solayotir.
Statistik raqamlarni tahlil qilsak, yurtimizda ham keyingi haftalarda COVID-19ga chalinish holatlari biroz ortganini ko‘rish mumkin. Tabiiyki, mamlakatimizdagi epidemik o‘zgarish, eng avvalo, Zangiota 1 va 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonalari faoliyatida aks etadi.
Xo‘sh, bugun bu yerda vaziyat qanday? Ushbu shifo maskanlarida qancha bemor davolanmoqda?
Ma’lum bo‘lishicha, ayni paytda 4000 o‘ringa mo‘ljallangan Zangiota 1 va 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasida koronavirus tashxisi qo‘yilgan va kasallikka gumonlangan 900 nafarga yaqin bemor davolanmoqda. 93 nafar bemor esa jonlantirish bo‘limida davo muolajalarini olyapti.
«Oxirgi haftani inobatga olsak, yurtimizda kasallanishlar soni biroz ortganini ko‘rish mumkin, — dedi Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Doniyor Mirazimov. — Ayni paytda muassasamizga kuniga o‘rtacha 70-80 nafar bemor murojaat qilib, ularning 25-30 nafari gospitalizatsiya qilinyapti».
Aytilishicha, kasallanishlar soni oshgan bo‘lsa-da, bugun shifoxonaga yotqizilayotgan aksariyat bemorlarda o‘pka zararlanishi, saturatsiyaning pasayishi kabi jiddiy asoratlar kuzatilayotgani yo‘q.
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Zangiota kasalxonasida koronavirusga chalingan bemorlar soni keskin ortgani aytilmoqda...
«O‘tgan yilning shu davri bilan taqqoslasak, bemorlar soni juda past, — dedi Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori o‘rinbosari Hilola Alimova. — Ayni paytda muassasamizga murojaat qilayotgan va gospitalizatsiyaga ko‘rsatma bo‘lgan bemorlarning barchasi shifoxonaga yotqizilib, ularga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Markazimiz yetarli darajada tibbiy anjom va dori vositalari bilan ta’minlangan.
Shu o‘rinda bemorlardan iltimos qilib so‘rardimki, agar o‘zingizda kasallik alomatlarini sezsangiz, Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasiga emas, avvalo, yashash hududingizdagi oilaviy poliklinika yoki oilaviy shifokor punktiga hamda Sanitariya epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining tuman bo‘limlariga murojat qilish maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Sababi shifoxonamiz koronavirusga test topshiradigan yoki tana haroratini o‘lchaydigan muassasa emas. Balki COVID-19ga chalingan va xastalik og‘ir hamda o‘ta og‘ir kechayotgan bemorlar davolanishi uchun mo‘ljallangan shifo maskanidir».
Yurtdoshlarimizdan o‘zlari va yaqinlari salomatligiga yanada e’tiborli bo‘lib, kasallikka qarshi o‘z vaqtida to‘liq dozalarda emlanishlarini so‘raymiz, deyiladi xabarda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter