Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zangiotadagi kasalxona chiqindilari ochiq tabiatga tashlanmoqda

Zangiotadagi kasalxona chiqindilari ochiq tabiatga tashlanmoqda

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Zangiota tumanida joylashgan COVID-19ga qarshi shifoxonadan chiqayotgan chiqindilar, ya’ni, ishlatilgan shprits, bint, paxta,  pampers, kiyimlar, xullas barcha yoqib yuborilishi kerak bo‘lgan narsalarni Chirchiq daryosi bo‘yiga tashlashayotgani haqida videolavha tarqalgandi.

Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev ushbu holatga munosabat bildirdi.

«Koronavirus bilan qarshi kurashda aholini hushyorlikka chaqirib, karantin qoidalarini buzganlik uchun qat’iy choralar qo‘llanayotgan bir vaqtda, qator mas’ullarning o‘zlari koranavirusni tarqatishga atayin yo‘l qo‘yib berishmoqda.

Zangiota tumanida tashkil etilgan koranavirusga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus kasalxonada kasallangan bemorlar uchun ishlatilgan tibbiy buyumlardan iborat chiqindilarning bir qismi atrof muhitga tashlanmoqda. Xususan, kuni kecha Toshkent viloyati Zangiota, Quyi Chirchiq tumanlari, Chirchiq daryosi atrofiga tashlangan bunday chiqindilar aholining keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi.

Bugun menga kelgan murojaat va ma’lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda uchta hududda ana shunday chiqindilarni tashlab ketish holatlari aniqlangan. Achinarlisi, koronavirusda ishlatilgan chiqindilar daryo suviga qadar sochilib ketgan.

 O‘rganish davomida yaqin vaqtgacha bunday chiqindilarni yo‘q qilish bilan shug‘ullanib kelgan «Med class plus» MChJ bu xizmatni to‘xtatishi oqibatida shunday muammo kelib chiqqani ma’lum bo‘ldi. Ushbu tadbirkorlik sub’yekti standartlarga muvofiq, koronavirusda ishlatilgan buyumlar chiqindisini yoqib, yo‘q qilish bilan shug‘ullanib kelgan. Biroq mas’ullar tomonidan negadir ushbu MChJdan bu xizmat olinib, boshqa tadbirkorga berilgan va yangi tadbirkor chiqindilarni to‘liq yoqib, yo‘q qilishning uddasidan chiqa olmagach, yashirincha atrofga chiqarib to‘kishni boshlagan.

Ozgina foyda olaman deb, o‘z yaqinlari, yurtdoshlari qolaversa, mamlakat taqdirini xavf ostiga qo‘yib, bunday ish bilan shug‘ullanishni nima deb atasa bo‘ladi o‘zi? Pastkashlik. Bunday qilayotgan odamning o‘zi ham, uni yashirincha qo‘llab-quvvatlab foydani «arra» qilmoqchi bo‘lgan mas’ullar ham eng pastkash va kechirib bo‘lmaydigan ishga qo‘l urishibdi. Buning boshqa nomi yo‘q. Bu xalqni og‘ir kunidan foydalanib qilingan jinoyat.

Umid qilamanki, barcha darajadagi huquqni muxofaza qilish organlari va vijdoni bor mas’ullar bu vaziyatni shunchaki qoldirmay tezkor choralar ko‘rishadi.

Shuningdek, qonunga muvofiq chiqindi tashlangan hududlarni virusdan to‘liq zararsizlantirish, muammoni hal etish va aybdorlarni jazolashlarini ham talab qilamiz», deb yozadi deputat.   

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring