Zelenskiy: AQSh Rossiya bilan NATOga oid yangi hujjatni muhokama qilyapti
Ukraina prezidenti Zelenskiy AQSh Rossiya bilan NATOga oid yangi hujjatni muhokama qilayotgani haqida bayonot berdi. Uning aytishicha, bu ehtimoliy kelishuv NATO va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarni belgilashi mumkin.
«Men bilamanki, amerikaliklar, balki ayrim yevropaliklar ham Rossiya bilan – NATO va Rossiya o‘rtasidagi yangi hujjatni muhokama qilmoqda. Ular shunday hujjatga ega bo‘lsa, barcha masalalarni muhokama qilishlari mumkin. Lekin men uchun muhim jihat – ular bizning NATOdagi ehtimoliy o‘rnimizni biz bilan muhokama qilishsin. Faqat rossiyaliklar bilan emas – biz bilan. Chunki bu bizning taqdirimizga taalluqli», – dedi Zelenskiy.
U shuningdek, «kutilmagan holatlar bo‘lsa, Ukraina munosabat bildiradi», deya qo‘shimcha qildi.
Zelenskiy Jenevada bo‘lib o‘tgan uch tomonlama muzokaralarga ham izoh berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiy yo‘nalishdagi muzokaralar siyosiy masalalarga qaraganda tezroq ilgarilagan.
Prezidentning ta’kidlashicha, harbiylar ehtimoliy o‘t ochishni to‘xtatish rejimi joriy etilsa, uni kuzatish bo‘yicha missiyani qanday tashkil etish mumkinligi haqida gaplashgan. Shuningdek, texnik detallar ham muhokama qilingan.
Ukraina uchun asosiy masala – mamlakatning xavfsizlik kafolatlari va kelajakdagi NATO bilan munosabatlari. Kiyev pozitsiyasiga ko‘ra, Ukraina taqdiriga daxldor har qanday kelishuv uning ishtirokisiz qabul qilinishi mumkin emas.
Hozircha AQSh yoki NATO rasmiylari Zelenskiy bayonotiga javob bermagan. Muzokaralar davom etishi kutilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter