Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zilzilalar: magnitudami yoki ball, sunamidan qochib qutulgan orolliklar va boshqalar haqida

Zilzilalar: magnitudami yoki ball, sunamidan qochib qutulgan orolliklar va boshqalar haqida

Turkiyada 6-fevral kuni yuz bergan zilzila oqibatlari.

2004-yil Hind okeanida sodir bo‘lgan zilzila va uning ortidan kelgan sunami oqibatida 300 minggacha odam halok bo‘lgan va bedarak yo‘qolgan. Biroq zilzila markazi (epitsentri)ga eng yaqin joylashgan Simyolue orolida yashovchi salkam 80 ming aholi, 7 nafar qurbonni hisobga olmaganda, omon qolgandi. Yer silkinishlaridan so‘ng, oradan 15 daqiqa o‘tib vayronkor ummon to‘lqinlari kelib urilganida, deyarli barcha orolliklar tepalikka qochishga ulgurishgandi.

Odamlarni xalq og‘zaki ijodiyoti — bolalikdan quloqqa quyilgan hikoyalar va she’rlar qutqargandi (orolning yarim aholisini nobud qilgan 1907 yilgi sunami mahalliy aholiga katta saboq bo‘lgan). O‘shandan buyon orolliklar oddiy bir qoidani bolalariga o‘rgatib kelishadi: «Yer silkinib, suv ko‘tarilyaptimi, hamma narsangni tashlab, yuqoriga qarab chop!».

Biroq 1958-yilda Alyaskada yuz bergan megatsunamidan folklor ham qutqarolmasdi. O‘shanda insoniyat tarixidagi eng baland — 524 metrli (!) to‘lqin tog‘larga borib urilgan. Bu yerlarda odam kam yashaganligi bois atigi ikki kishi halok bo‘lgan.

Magnituda va ballar — ikki xil tushuncha

Ko‘pincha oddiy odamlar va jurnalistlar bu ikki tushunchani yanglish qo‘llashadi. Magnituda — zilzilaning kuchi (seysmomarkazlar e’lon qiladigani shu), ballar — vayronkorlik darajasi va odamlarning yer qimirlashiga reaksiyasi.

Zilzila paytida magnituda aniqlanadi — bu 1 dan 9,5 gacha («ball» so‘zi ishlatilmaydi) shartli birliklardagi cheksiz kattalik. Uni Rixter shkalasi ham deyishadi. «Z magnitudali zilzila» yoki «magnitudasi 3 ga teng zilzila» deyish — to‘g‘ri. 3 balli zilzila deyish — noto‘g‘ri.


Mavzuga oid: Toshkent zilzilasi kuni 66 yoshini qarshilagan Rixter haqida


Zilzilaning haqiqiy kuchi faqat u tuganidan so‘ng, qanday oqibatlariga olib kelganiga qarab aniqlanadi. Bu narsa Merkalli-Kankani tizimi (Merkalli-Kankani shkalasi)da 7 yoki 12 balli tizimda aniqlangan. Tashqi alomatlar — odamlarga, binolarga, tabiat ob’yektlariga ta’siri ifodalangan.

1902-yilda yaratilgan Merkalli-Kankani tizimi ham hozir eskirgan, biroq aynan uning asosida zamonaviy 12 balli shkalalar, jumladan, eng ommalashgan Medvedev-Shponhoyer-Karnik shkalasi (MSK-64) qo‘llanilmoqda.

Eng ommalashgan uchta shkala solishtirilganda: Rossi-Forel (sarg‘ish); MSK-64 (yashil) va Yaponiya meteorologiya agentligi shkalasi (havorang).

 

Zilzila oqibatida yuzaga kelgan sunami. Yaponiya, Miyako shahri, 2011-yil.

Dunyodagi ilk seysmograf milodiy 132-yilda Xitoyda yasalgan: yer qimirlasa mis zoldir ajdarho va qurbaqa og‘ziga borib tushgan.

Olimlar hamjamiyati zilzilani sun’iy yuzaga keltirish mumkin emas, deb hisoblashadi. Biroq AQSh va sobiq Ittifoq tektonik qurollar ustida ish olib borgani ma’lum.

Insoniyatga ma’lum zilzilalar orasida eng kuchlisi 1960-yilda Chilida yuz bergan: magnitudasi 9,5 ni tashkil etgan ushbu tabiiy ofat 6 ming kishining umriga zomin bo‘lgan.

Eng ko‘p o‘lim keltirgan zilzila esa Xitoyning Shensi provinsiyasida 1556-yilning 23-yanvarida sodir bo‘lgan. Buyuk Xitoy zilzilasi deya tarixga kirgan ushbu ofat 830 mingdan ziyod odamning umriga nuqta qo‘ygan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring