Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bolalik Shimoliy Koreyada ham bolalik

Bolalik Shimoliy Koreyada ham bolalik

Foto: «Adme.ru»

Dunyodagi eng yopiq mamlakat bo‘lmish Shimoliy Koreya hayoti haqida hamma ham bilavermaydi. Ammo ba’zan shunday ma’lumotlar chiqib turadiki, ularga asoslanib shimoliy koreyaliklarning kundalik hayoti haqida birmuncha tasavvurga ega bo‘lish mumkin.

Quyida ushbu mamlakat bolalarining hayoti haqida qiziqarli faktlarni e’tiboringizga havola etamiz. Maqolani tayyorlashda «adme.ru» sayti materiallaridan foydalandik.

1. Shimoliy Koreyada tug‘ilgan chaqaloq sonbun deb nomlanuvchi ijtimoiy maqom oladi. Uning mohiyati shundaki, davlat chaqaloqni darhol aholining «sadoqatli», «mo‘’tadil» va «dushman» qatlamiga kiritadi. Sonbun otadan bolaga meros sifatida o‘tadi va bolaning qayerda o‘qishini, qaysi universitetga kirishini, Koreya mehnat partiyasiga a’zo bo‘la oladimi-yo‘qmi, belgilab beradi.

2. Ta’lim bog‘chadan boshlanadi. Bolalar 4 yoshidan boshlab ota-onasining xohishiga ko‘ra, 5 yoshidan boshlab majburiy tarzda bog‘chaga boradi. 1-sinfga borishdan oldin har bir bola bir yil bog‘chaga borishi majburiy hisoblanadi.

3. Bolalar uyida ota-onasi bor bolalar ham yashaydi. Chunki har doim ham yosh oilalar bolani boqishga qodir bo‘lmaydi. Ba’zan asrab olingan yetim bolalar ham bolalar uyiga qaytib keladilar.

4. Maktablarda mamlakat rahbarlarining tarjimai holi va rus tili o‘rgatiladi. Maktab dasturiga Koreya inqilobi namoyandalari bo‘lmish Kim Ir Sen, Kim Chen Ir va Kim Chen Inning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan alohida darslar kiritilgan. Maktablarda nafaqat rus tili, balki ingliz tili ham o‘qitiladi. O‘quvchilar o‘n yoshida Koreya bolalari ittifoqiga a’zo bo‘ladilar va shu davrdan siyosiy-g‘oyaviy majlislarda ishtirok etishni boshlaydilar.

5. Darslar va tadbirlarda g‘oyaviy tashviqot olib boriladi. Maktab koridorlarida tashviqot plakatlari, darsliklarda vatanparvarlik shiorlarini uchratish mumkin. Ertalabki yig‘in vaqtida o‘quvchilar siyosiy sahnalarni namoyish etadilar. Katta bayramlar bolalar harbiy paradisiz o‘tmaydi. Unda o‘quvchilar harbiy libosda raketa tizimlarining maketlarida yig‘ilganlar oldidan o‘tadilar.

6. Bolalar ommaviy qatllarda ham ishtirok etadi. Qanchalik dahshatli tuyulmasin, Shimoliy Koreyaning yosh grajdanlari uchun bu tajriba normal holat, hatto juda zarur hisoblanadi. Bundan tashqari, bolalar chaqimchilik ham qilib turishadi.

7. O‘quvchilar o‘rim-yig‘imda, daraxt kesishda, tosh tashishda, hatto qurilishda ishlashga majbur. Kattalar kabi bolalar uchun ham mehnat normasi mavjud, uni bajarmaganlar jarimaga tortiladi.

8. Harbiy mavzudagi o‘yinchoqlar. Albatta, do‘konlarda qo‘g‘irchoq va quyonchalar ham sotiladi. Ammo eng ko‘p sotiladigani o‘yinchoq tanklar, vertolyotlar va avtomatlardir. Bular yosh koreyslarda vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirishga xizmat qiladi deb hisoblanadi.

9. Bolalar bo‘sh vaqtini qiziqishiga qarab turli to‘garaklarda o‘tkazadilar. Masalan, poytaxt Pxenyanda O‘quvchilar saroyi faoliyat yuritadi. U yerda bolalar kompyuterda ishlashni, musiqani, rassomchilikni o‘rganishlari va xohlagan sport turi bilan shug‘ullanishlari mumkin. Aynan shu yerdan dunyoga mashhur «Ariran» festivali ishtirokchilari yetishib chiqadi. Kichik tumanlarda ham shunday to‘garaklar mavjud, ko‘pincha ular maktablarga biriktirilgan bo‘ladi.

10. Bolalar uchun ko‘ngilochar sharoitlar kutilganidan ancha ko‘p. Pul bo‘lsa 3D seansli kinoteatrga, hayvonot bog‘iga, okeanariumga yoki attraksionlar bog‘iga borish mumkin. Agar pul bo‘lmasa, uyda multfilm tomosha qilish mumkin (faqat koreys multfilmlari namoyish etiladi). Bolalarni yorqin bo‘yoqlar, musiqa va shirinliklar bilan xursand qiladigan festivallar ham tez-tez o‘tkaziladi. Ish kunlari esa kayfiyatni do‘stlar yordamida ko‘tarish mumkin.

Umuman olganda, bolalik Shimoliy Koreyada ham bolalik, garchi biz ko‘nikib qolgan g‘am-qayg‘usiz bo‘lmasa-da, quvnoq va xushchaqchaq.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring