Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Britan vaksinasi, Breksit, jurnalistlarga tаzyiqlar...» — Buyuk Britaniya elchisi bilan intervyu

«Britan vaksinasi, Breksit, jurnalistlarga tаzyiqlar...» — Buyuk Britaniya elchisi bilan intervyu

Tim Torlot, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi

«Xabar.uz» axborot tahliliy portali xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi elchilari bilan intervyular o‘tkazishni boshladi. Birinchi mehmonimiz Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Tim Torlot bo‘ldi.

Tim Torlot kuchli diplomat bo‘lib, Buyuk Britaniyaning eng muhim strategik nuqtalarida faoliyat olib borgan, 2019-yilda Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi etib tayinlangan.

Assalomu alaykum, janob Tim Torlot! Avvalo, biz bilan suhbatlashishga rozi bo‘lganingiz uchun tashakkur! 2020-yil jamiiyki insoniyatga og‘ir yil bo‘ldi, deyishimiz mumkin. Janob elchi, aytingchi, 2020-yil siz va Buyuk Britaniya uchun qanday o‘tdi?

— O‘zbekistonlik do‘stlarimizga assalomu alaykum! Sizlar («xabar.uz» nazarda tutilyapti – tahr.) va o‘quvchilaringiz bilan suhbat qilishdan mamnunman. Meni intervyuga taklif qilganingiz uchun minnatdorman. To‘g‘ri aytib o‘tdingiz, 2020-yil barchamiz uchun mashaqqatli bo‘ldi. «COVID-19» Buyuk Britaniya uchun juda qattiq zarba bo‘ldi. Angliyaning o‘zida (Angliya Buyuk Britaniyaning 4dan 1 qismi) 2 milliondan ortiq inson virusni yuqtirib oldi va 70,000dan ortiq odam vafot etdi. Bu iqtisodiyotimizga ham katta zarar yetkazdi. Ammo shuni aytish joizki, koronavirus insoniyatni qiyinchilik yuzaga kelganda juda noodatiy tarzda birlashishini ko‘rsatdi. Dunyoning barcha kuchli ilmga ega olimlari bir joyga to‘planib, eng qisqa vaqtda muvaffaqiyatli vaksina ishlab chiqa oldilar. Britaniyalik olimlar va Britaniyaning sanoati bu masalada muhim rol o‘ynadi. Biz «COVAX» tashabbusining yetakchi asoschilaridan bo‘ldik. Yaqin haftalarda «AstraZeneca» vaksinasining birinchi partiyasi O‘zbekistonga olib kiriladi. Umid qilamanki, bu yil barchamiz birlashib, ishtiyoq va kuch bilan iqlim o‘zgarishi hamda shu kabi global muammolarni yechishga bel bog‘laymiz.

— Britaniyaliklar sog‘lom turmush tarziga amal qiladigan millat. Koronavirusning yangi shtammlari mamlakatingizda avj olib ketishiga nima sabab bo‘ldi, deb o‘ylaysiz? Koronavirus pandemiyasi o‘zaro aloqalarimizga qay darajada ta’sir qilmoqda?

— Biz hali ham koronavirusni o‘rganmoqdamiz va shuning uchun uning turli shakllarini aynan nima yaratganini aniq ayta olish qiyin. Muhimi shundaki, barchamiz bir birimizni asrashimiz, virusning tarqalishini oldini olishimiz uchun qo‘limizdan kelganini qilishimiz shart. Bu borada bilgan narsamiz shuki, hali ham tibbiy niqoblarimizni taqib, qo‘llarimizni sovunlab yuvishimiz zarurdir. Koronavirus, albatta, bizning yuzma-yuz ko‘rishishimiz va o‘z istaganimizdek sayohat qilishimizni cheklab qo‘ydi. Ammo shu bilan bir qatorda bu holat bizlarga ishlashning yangi usullarini ko‘rsatdi. Aloqalarimiz pandemiyaga qaramay naqadar kuchli bo‘lib qolishini isbotladi. Yilning boshida bizning Inson Huquqlari bo‘yicha elchimiz O‘zbekistonga virtual tashrif buyurdi. Bizning tajribamizdagi eng katta O‘zbek-Britan Savdo va Sanoat Kengashi bo‘lib o‘tdi. Chevening granti sohiblari Britaniyaga ta’lim olmoqdalar. Shuningdek bizning siyosiy muzokaralarimiz jismoniy uchrashuvlar tashkil qilingunga qadar onlayn tarzda davom etmoqda. Britaniya va O‘zbekiston aloqalari mahkamdir va yanada o‘sishiga «COVID-19» to‘sqinlik qila olmaydi.

— Siz O‘zbekistonga Britaniya elchisi etib tayinlanguningizga qadar bir qancha davlatlarda diplomatik missiyalar bilan bo‘lgansiz. Aytingchi, O‘zbekiston boshqa davlatlar bilan qanchalik farq qiladi?

— Har bir davlat o‘zgachadir. Men Yaqin Sharq, Janubiy Amerika, Avstraliya, Yevropa va mana endi O‘rta Osiyoda faoliyat yuritganimdan o‘zimni baxtli his qilaman. Bu o‘lka men uchun tamoman yangi tajribadir. Ikki g‘aroyib tillarga moslashishga to‘g‘ri kelyapti. Tan olishim joizki, bu diyorning o‘zgacha chuqur tarixi va madaniyati haqida o‘ylaganimdan oz bilgan ekanman. Shuningdek bu yerda faoliyat yuritish ham o‘zgacha. Bu davlat men yashagan va ishlagan boshqa davlatlarga nisbatan ko‘proq rasmiy ekan. O‘zbekiston juda ajoyib diyor, odamlarning mehmondo‘stligi ajoyibdir. Mening elchilik davrim ham davlatlarimizning aloqalari uchun juda ham ijobiy bo‘ldi va bo‘lmoqda.

— Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqini tark etdi. Yevropa Ittifoqini tashkillashtirishda katta rol o‘ynagan Britaniyaning bu harakatini qanday izohlash mumkin? Breksit O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi munosabatlarga qanday ta’sir qiladi?

— Yevropa Ittifoqini tark etish Buyuk Britaniya fuqarolari ovoz bergan referendum natijasida qabul qilingan qarordir. Hozirda esa, Yevropa Ittifoqini tark etgan ekanmiz, bu bizga yangi savdo shartnomalarini tuzib, oldingi aloqalarni mustahkamlab, yangilarini qurish imkoniyatini berdi. O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasida ta’lim kabi bir necha sohalarda allaqachon kuchli hamkorliklar yo‘lga qo‘yilgan. Shuning bilan birga, parlamentlarimiz savdo-sotiq borasida yanada yaqinroq hamkorlik o‘rnatishiga umid qilamiz.

— Xabaringiz bo‘lsa kerak, O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kuzatuvchi maqomida kirdi. Fikringizcha, iqtisodiy ittifoqlarga a’zo bo‘lish mamlakat uchun foydalimi yoki..?

— Bu a’zolik yaqin va uzoq muddatda foydali bo‘lish bo‘lmasligi faqatgina O‘zbekistonga bog‘liq.

— Buyuk Britaniya Oliy ta’lim berish tizimida eng yuqori ko‘rsatgichlarni qayd etib keladi. O‘zbekistondagi oliy ta’lim tizimini qanday baholagan bo‘lardingiz va kelajakda Buyuk Britaniya-O‘zbekiston o‘rtasida ta’lim sohasida qanday hamkorlik loyihalari rejalashtirilyapti?

— Buyuk Britaniya bilim olish va ilm-fan tadqiqotlari uchun dunyoning eng yetakchi davlatlaridandir. Britaniyaning 4 ta universiteti dunyo universitetlari reytingida TOP-10 talikka, 18 ta universiteti esa TOP-100 talikka kiradi. O‘zbekistonning milliy ta’lim tizimida ham katta islohotlar ketyapti. Alohida e’tibor bilimning sifati va ahamiyatiga qaratilishi, bilim olishga imkoniyatlar kengaytirilishi, xalqaro miqyosdagi ta’lim o‘rnatilishi, dunyo bo‘ylab hamkorlar bilan aloqalar yo‘lga qo‘yilishini alohida aytib o‘tishim mumkin.

Britaniya Kengashining Oliy Ta’lim dasturi islohotlar dasturining talablariga javob berib, uzoq-muddatli barqarorlik uchun ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlaydi. Bu esa ta’limning institutsional va davlat miqyosida kuchayishi hamda xilma-xilligini ta’minlaydi. Bu loyiha O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, «El Yurt Umidi» jamg‘armasi va boshqa qator muhim hamkorlar bilan birgalikda amalga oshirilyapti.

Britaniya Kengashining loyihalaridan biri «Creative Spark» dasturi bo‘lib, ikki tomonlama universitetlar va ijodiy institutlarning hamkorligini rivojlantiradi. Bitiruvchilarning Istiqbollarini Oshirish (Higher Education for Employability) dasturi yetakchi oliy bilim yurtlari bilan mehnat sifati agentliklari orasidagi hamkorlikni mustahkamlaydi. Xalqaro ta’limni rivojlantirish uchun biz ikki tomonlama hamkorliklarni olib borib, foydali bilim almashuvi dasturlarini yo‘lga qo‘yamiz. Va bu borada yaqinda bo‘lib o‘tgan «Buyuk Britaniyaga Yo‘l» nomli Britaniya Kengashi tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazma kabi ko‘plab tadbirlar Britaniya o‘quv yurtlarining tobora o‘sib borayotgan o‘zbek ta’lim bozoriga kirib kelishiga ko‘maklashmoqda. Mazkur ko‘rgazmada 45 ta Britaniya oliy ta’lim muassasalari ishtirok etib, 2000dan ortiq o‘zbekistonlik qatnashchilarni jalb etdi.

— Buyuk Britaniyada OAVlar yaxshi rivojlangan. Siz diplomatik missiyalaringizning aksariyati senzura va OAV erkinligi past baholanadigan hududlarda bo‘lgan. Bu faoliyatingizda to‘sqinlikka uchrashingizga sabab bo‘lmaganmi? Umuman olganda, O‘zbekistondagi OAVlarni qanday baholagan bo‘lardingiz va sizni e’tiboringizni nimalar tortdi?

— O‘zbekistonda bir qator a’lo, professional jurnalistlar va blogger bor. Ularning axborot yetkazishi e’tiborga muhtoj sohalarni va muammolarni ko‘tarishda muhim rol o‘ynaydi. Bu borada mavzular inson huquqlaridan parklarni himoyalashgacha borishi mumkin. OAV jamiyatdagi ochiq va muhim bahslarni olib borishni kafolatlaydilar. Bunday bahslar turli fikr almashuvi va iqlim o‘zgarishi kabi muhim global mavzularni ommaga tanishtirish uchun zarurdir.

Yaqinda ko‘ngilni xira qiluvchi bir necha ziddiyatlar kuzatildi. Bloggerlar va jurnalistlar tazyiq-u xavf ostida qolmoqdalar, tanqid va bahslarni o‘chirish uchun turli vaziyatlar kuzatilmoqda. Bunday ishlar, ochiqchasiga aytsam, to‘g‘ri emas va hukumat vakillari OAV o‘z ishini bemalol bajara olishini va himoyada bo‘lishini kafolatlashi zarurdir. Prezident Mirziyoyev ham buni shaxsan o‘zi ta’kidlab o‘tdi. Bu borada Janob Prezident juda haq.

— Janob Tim Torlot, mazmunli suhbatingiz va bizga vaqt ajratganingiz uchun minnaddorchilik bildiramiz.

Sanjar Mashriqiy suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring