Davlat xizmatchisi, ogoh bo‘ling!
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018-yil 23-iyul kuni «Ba’zi davlat organlari va tashkilotlarning faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi.
Ushbu qonun asosida davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonun buzilishlariga qarshi qo‘llaniladigan chora-tadbirlarga o‘zgartishlar kiritildi. Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks quyidagi 2 ta modda bilan to‘ldirilyapti:
215(5)-modda. Davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonun hujjatlarini buzish
Davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonun hujjatlarining arz qiluvchidan murojaatni qabul qilishni rad etganlikda, davlat xizmatlari ko‘rsatish chog‘ida murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibini va muddatlarini buzganlikda, arz qiluvchidan qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan hujjatlarni talab qilib olganlikda, davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi vakolatli davlat organining qonuniy talabini (topshirig‘ini) bajarmaganlikda ifodalangan tarzda buzilishi:
- mansabdor shaxslarga va xizmatchilarga eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa:
- mansabdor shaxslarga va xizmatchilarga eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
245(5)-modda. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi organlari
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi organlariga ushbu Kodeksning 215(5)-moddasida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar taalluqlidir.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi organlari nomidan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga va jarima tariqasidagi ma’muriy jazo choralarini qo‘llashga quyidagilar haqli:
- O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi direktori va uning o‘rinbosarlari;
- O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi hududiy boshqarmalarining boshliqlari va ularning o‘rinbosarlari.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter