Fotogalereya. Turkmaniston Prezidenti — O‘zbekistonda (birinchi kun)

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov kecha, 23-aprel kuni davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keldi.
Tashrifning asosiy tadbirlari Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tdi.
Rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng davlat rahbarlari tor doirada uchrashuv o‘tkazdilar.
O‘zbekiston va Turkmaniston iqtisodiyotida hali to‘la ishga solinmagan ko‘plab imkoniyatlar mavjud. Ulardan foydalanib, o‘zaro savdo aylanmasini jadal oshirish va nomenklaturasini kengaytirish zarurligi ta’kidlandi. Ikki mamlakat bozorlariga xaridorgir mahsulotlar yetkazib berish, hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, tadbirkorlik sub’yektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi. 2020-yilga borib tovar ayirboshlash hajmini 500 million dollargacha yetkazish uchun zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishga kelishib olindi.
Muzokaralar davomida transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, bu orqali mamlakatlarimizning ushbu yo‘nalishdagi raqobatbardoshligini oshirish zarurligi qayd etildi. Qishloq xo‘jaligi texnikasi, avtomobillar, elektr texnikasi uskunalarini hamkorlikda ishlab chiqarish, neft va neft mahsulotlari yetkazib berish, chegaraoldi hududlar o‘rtasida savdo-sotiqni oshirish, xizmatlar ko‘rsatish va boshqa masalalar bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. O‘zbekistonning Turkmaniston – Afg‘oniston – Pokiston – Hindiston gaz quvuri qurilishi loyihasida ishtirok etishi qayd etildi.
Ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Qo‘shma bayonotni imzoladilar.
Ikki tomonlama hamkorlikni siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, ta’lim va sport sohalarida yanada mustahkamlashga va o‘zaro aloqalarni izchil rivojlantirishga doir 17 hujjat imzolandi.
Mintaqalararo hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim, 2018-2020-yillarga mo‘ljallangan transport sohasida hamkorlik to‘g‘risida hamda 2019-2021-yillarga mo‘ljallangan ilmiy-texnikaviy hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo dasturlar, O‘zbekiston va Turkmanistonda savdo uylarini tashkil etish, ikki mamlakat Savdo-sanoat palatalari o‘rtasida ishbilarmonlar kengashini tashkil etish to‘g‘risida bitimlar, O‘zbekiston va Turkmaniston Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2019-yilga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi imzolandi.
Shuningdek, tashrif doirasida oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida va axborot-kommunikatsiya sohalariga oid 15 hujjat imzolandi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Prezidentlar muzokaralar ochiq, samimiy, ishchanlik ruhida o‘tgani, imzolangan hujjatlar O‘zbekiston va Turkmaniston xalqlari manfaatlari yo‘lidagi serqirra va do‘stona munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini qayd etdilar.
Kunning ikkinchi yarmida Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Mustaqillik maydoniga tashrif buyurdi. Oliy martabali mehmon hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi.
Shundan so‘ng, Gurbanguli Berdimuhamedov O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykali poyiga gul qo‘yib, Buyuk Yo‘lboshchimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
2017-yil may oyida o‘zbek va turkman xalqlari boqiy do‘stligi hamda qardoshligining ramzi sifatida Toshkent shahrida Maxtumquli nomidagi ko‘cha va unga bag‘ishlangan me’moriy yodgorlik ochilgan edi.
Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov Maxtumquli ko‘chasiga tashrif buyurdi. Prezidentlar mashhur turkman shoiri va mutafakkiri yodgorligi poyiga gul qo‘ydi.
Turkmaniston Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi sharafiga Maxtumquli ko‘chasida “Ashxobod saylgohi” barpo etildi. Ikki davlat rahbarlari ushbu saylgohning ochilish marosimida qatnashdilar.
Prezidentlar bog‘da yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Ikki davlat rahbarlari Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik aloqalarining ramzi sifatida "Ashxobod saylgohi"ga ko‘chat o‘tqazdi.
Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning mamlakatimizga davlat tashrifi davom etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter