Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mintaqadagi yangilanishlar fasli

Mintaqadagi yangilanishlar fasli

Foto: «xs.uz»

Hech e’tibor berganmisiz, qanchadan-qancha imperiyalar – turfa millatlar, xalqlar, madaniyatlarni bir markaz atrofida qovushtirib, ushlab turish yo‘lida paydo bo‘lgan ulkan kengliklar tarix qa’riga sho‘ng‘ib ketdilar. Tarixiy, diniy, madaniy ildizlari bir yoki juda yaqin xalqlar, makonlar bir musht bo‘lolmayotganiga hozir ham misol ko‘p. Necha ming yillik borlig‘i davomida Turon, Turkiston, bugun esa Markaziy Osiyo deb ataladigan, asrlar ichra buyuk yuksalishlar qatori, fojia va ulug‘ yo‘qotishlarni boshidan kechirgan mintaqamiz ham yaqin-yaqingacha ulardan biri edi. Biroq bir yarim yilda mazkur muhitda ochilgan yangi sifat bosqichi ushbu hududning o‘zgalardan farqini namoyon qildi. Bu uning tabiatidagi tarqalishdan ko‘ra birlashish omilining kuchliligidir!

Umum tariximizga tezkor ko‘z tashlashning o‘ziyoq ahamoniylar, yunon, arab, mo‘g‘ul, rus bosqinlari, turli madaniyatlar, dinlarning kesishuvi bo‘ladimi, siyosiy, iqtisodiy haqsizliklaru chegaralarning o‘zgarishi, ma’naviy-madaniy tahqirlanishlaru qatag‘onlar bo‘ladimi, bularning bari xalqlarimizning birlashib, o‘zaro hurmat va izzatda yashash, umumiy va xususiy muammolarni kengashib, murosa va o‘zaro manfaat ilmi orqali hal etish, barcha sohalarda yelkama-yelka hamkorlik qilishni chuqur anglashdek fazilatini baribir yo‘q qilolmaganini ayonlashtirmoqda. Aqli rasolik nuqtai nazaridan baholaganda, boshqacha bo‘lishi ham mumkin emasdi. Negaki bo‘linish va tarqalish har birimiz hamda barchamizni ne ko‘ylarga solishini o‘z qismatimizda necha bor sinovdan o‘tkazdik.

Xolislik va adolat nuqtai nazaridan yana bir jihatni tilga olishga to‘g‘ri keladi. Mintaqamizning o‘ziga xosliklaridan biri – ikki daryo oralig‘ida yastangan O‘zbekistonning alohida o‘rnidir. Bu yerda gap qandaydir o‘ziga bino qo‘yish, ustunlik haqida emas. Aksincha, o‘z mavqeini chuqur va har tomonlama anglagan holda necha-necha asrlik taraqqiyot tajribasi va qonuniyatlaridan donishmandlarcha xulosa chiqara bilishda va uni mintaqamiz ro‘shnoligi yo‘lida qo‘llay olishdadir. Qolaversa, mamlakatlarimizning so‘nggi chorak asrdan ortiqroq mustaqil rivojlanish bosqichi mazkur omilning hech kim va hech narsaga bog‘liq bo‘lmagan tarzdagi hayotbaxshligi, ijobiy yoki salbiy ta’sirchanligini yana bir bor isbotlab bo‘ldi. Ushbu mavzuda qalam tebratishni tarixchilar, siyosatshunoslarga qoldirsak-da, diqqatni har birimiz davlat mustaqilligimizning yigirma besh yilligi nishonlangandan keyingi o‘ta qisqa muddatda boshlangan tarixiy o‘zgarishlarning ayrimlariga qaratsak.

Prezident Shavkat Mirziyovning tashqi siyosatda Markaziy Osiyoni bosh yo‘nalish sifatida e’tirof etishi, xalqlarimiz uchun tabiiy va an’anaviy ehtiyoj, qoidaga aylanib bo‘lgan «hovli olma, qo‘shni ol» o‘gitiga rioya qila boshlashi, qo‘shnilar bilan munosabatlarda oqilona murosa tamoyiliga tayanilishi, eng muhimi, olg‘a surilayotgan siyosatning chin ko‘ngildanligi Markaziy Osiyo ijtimoiy-siyosiy muhitining poydevorini belgilab bermoqda. Shuning uchun ham davlatimiz rahbarining Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistonga tashrifi, qo‘shni mamlakatlar yetakchilarining O‘zbekistonga safarlari chindan ham bozori va mozori bir qo‘shnilar, qarindoshlarga xos samimiy o‘tmoqda. Munosabatlardagi samimiylik esa o‘zaro ishonchning garovi ekanligini isbotlashga hojat bo‘lmasa kerak. Shu o‘rinda ikkita jihatga diqqatni qaratamiz.

Ishonchga kuch beradigan ozuqalardan biri, shubhasiz, oqibatdir. Oqibat ustun oila, jamoa va jamiyatda ishonch shunchaki gap bo‘lib qolmaydi. Chunki oqibat mehr tug‘diradi, mehr esa odamlarni birlashtiradi, bir-birini ayashga o‘rgatadi. Pirovardida millat va yurt asraladi. Shu ma’noda, mustaqil davlatchiligini endi va butkul o‘zgacha sharoitda yo‘lga qo‘ygan mamlakatlarimiz ahli uchun ushbu ilk tarixiy bosqichni boshlab bergan, eng og‘ir pallada baholiqudrat yetakchilik qilgan shaxslarga munosabat mavzusi eng avvalo insoniy, ma’naviy-tarbiyaviy ahamiyat kasb etishi tabiiy edi. Mustaqilligimiz asoschisi, Birinchi prezidentimiz Islom Karimovni yuksak ehtirom bilan, o‘zbek millati va davlatining obro‘siga obro‘ qo‘shgan tarzda so‘nggi yo‘lga kuzatish, uning nomini abadiylashtirish, xizmatlariga haqqoniy baho berish, aytishga oson, lekin o‘ta og‘ir muhitda el-yurt himoyasida turib bergan Sharof Rashidovning ruhini shod etish, zamona zayli bilan yurt ichkarisi va tashqarisida yomonotliqqa chiqarilgan millatdoshlarga qayg‘urish, ularni jamiyatga qaytarishni o‘z ichiga olgan oqilona, adolatli va mardona siyosat – oqibat Shavkat Mirziyoyevning dunyoqarashi hamda fe’l-atvorining ko‘rsatkichi sifatida o‘zimizdan tashqari qo‘ni-qo‘shnilarimiz tomonidan ham munosib baholanganiga aminmiz.

2016-yil kuzida yurtimiz hayotida boshlangan yangi sifat bosqichining ahamiyati birgina O‘zbekiston bilan chegaralanib qolmasligini davlatimizning mintaqa o‘tmishi va rivojida tutib kelgan o‘ziga xos o‘rni bilan bog‘lasak, hech kim qarshi chiqmasa kerak. Bir tomondan eski zamonlar ta’sirida, ikkinchi tomondan esa tarixiy pallaning murakkabligi o‘laroq yuzaga kelgan holat – uzoq muddat siyosiy sahna to‘rida bo‘lib kelgan va mamlakat ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayotini ko‘p jihatdan o‘ziga bog‘lab qo‘ygan shaxsning vafotidan so‘ng tug‘ilajak vaziyat qanday rivoj topishi, yangilanishlarga chanqoq birgina o‘zbekistonliklar uchun emas, xuddi shu ko‘ydagi atrof jamiyatlar uchun ham g‘oyatda dolzarb sanalgani tabiiy. Binobarin, oxirgi o‘n sakkiz oyda mintaqa yuragida yuz bergan, ma’lum ma’noda hech kim kutmagan o‘zgarishlar: erkinlik, turfa fikrlilik, raqobat muhitining qaror topishi, bozor iqtisodiyoti qonunlari hamda aqli rasolik tamoyiliga qat’iy rioya etila boshlangani, xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak siyosatining joriy etilishi, ilg‘or xalqaro tajribalardan oqilona foydalanish, muammolarga ko‘z yummasdan ularning yechimini topish, balandparvoz shiorlarga berilmaslik, tashqi siyosatda ishonch va manfaatlarni hisobga olishga asoslanish, bir so‘z bilan aytganda, XXI asr jamiyatiga xos turmush tarzining shakllanishi bu yog‘iga nima bo‘lar ekan deya bizni kuzatib turgan mintaqa xalqlari ongi va qalbiga katta ta’sir ko‘rsatganligi bor gap.

Mazkur ikki jihat bir bo‘lib qo‘shni mamlakatlar ahlida O‘zbekistonga, uning rahbariga ishonchni yanada mustahkamlagani shubhasizdir. Yillar mobaynida yig‘ilib kelgan, chorasi ko‘rilmasa, oqibati yomon bo‘lishi ko‘rinib qolgan, «birlashgan o‘zar»ga to‘sqinlik qilayotgan muammolar – chegara, kirdi-chiqdi, oldi-sotdi, eng muhimi, o‘tkinchi siyosatdan ming chandon qadimroq insoniy munosabatlar yo‘lida tug‘ilgan chigallarning tez va oqilona hal etilishi qo‘shnilarimizda ham o‘zbek yetakchisi, ham uning nomi bilan bog‘liq yangi davrning afzalligiga ishonchni kuchaytirgani muqarrar. Ikki va ko‘p tomonlama aloqalarimizning samarasini tahlil etishda so‘z ketayotgan jihatlarning alohida o‘rni va tengsiz ta’sirini e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi.

Qisqa muddat ichida O‘zbekistonda yuz bergan sifat o‘zgarishlari va uning ta’siri o‘laroq mintaqamizdagi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlikning jonlanib ketishi qandaydir mantiqiy va oraliq yirik natijaga olib kelishi turgan gap edi. Biz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Ostonada bo‘lib o‘tgan uchrashuvini ko‘zda tutmoqdamiz. Yillar o‘tgani, mintaqamizdagi izchil hamkorlik yanada rivojlanib, o‘z mevalarini bergani sayin mazkur tadbir hali ko‘p eslanadi. Negaki, aynan shu yig‘ilish o‘zligimizni anglash va asrash jarayonida bo‘y ko‘rsatishi, ma’lum ma’noda tabiiy bo‘lmish yakka-yolg‘izlik, bir-biridan ortda qolmaslik kasali bilan og‘rish pallasi chekinganini tasdiqlab berdi va Markaziy Osiyo siyosiy bahoridagi o‘ziga xos navro‘z bo‘ldi deyish mumkin. Mintaqaviy ahillik va hamkorlik haqida ilgari ham yaxshi niyatlar bildirilgani, bu borada muayyan intilishlar ham bo‘lganini bilamiz. Biroq so‘nggi yillarda birlashishdan ko‘ra tarqalish mayli ustunlik qilib kelganini ham tan olmaslik haqiqatga ters bo‘ladi. Mazkur holatda bizning inoq kun kechirishimizdan manfaatdor bo‘lmaganlarning ulushi ham bo‘lganini urg‘ulash qanchalik adolatdan ersa, bunga o‘rgangan ko‘ngillar bu yog‘iga endi o‘rtanmaydi degan xayolga borish ham g‘irt soddalikdir. Boshqacha aytganda, Markaziy Osiyo doirasida har bir yurt manfaatlarini inobatga olgan zamonaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xususan, uzoq tanaffusdan so‘ng besh og‘a-inini bir dasturxon atrofida jamlash o‘z-o‘zidan bo‘lgan va bo‘layotgan ish emas! Shu o‘rinda masalaning yana bir jihatiga diqqatni qaratamiz.

Davlatimiz boshlig‘ining o‘tgan yili Bishkekka tashrifi chog‘ida «parchalab, hukmronlik qil» qoidasi endi o‘tmasligi haqidagi ochiq-oydin va dadil bayonoti o‘zbek davlatining mintaqa birligi yo‘lidagi qat’iyatining o‘ziga yarasha ko‘rsatkichi bo‘lgandi. Manaman degan davlatlar, xalqaro tashkilotlar va jamoatchilik bilan oqilona, o‘zaro manfaatli siyosatning o‘rniga qo‘yilishi, eng muhimi, mamlakatimizning o‘zida kechagina boshlangan ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy islohotlar o‘z natijasini bera boshlaganini ham qo‘shib xulosalasak, mintaqamizda kechayotgan zalvorli o‘zgarishlarning tabiati va omillarini teranroq anglash, kelajagiga nazar tashlash imkoniga ega bo‘lamiz. Qolaversa, ertangi kun borasida shundoq ham yaqqollashib borayotgan bir mavzu borki, uni ijobiy hal etmasdan Markaziy Osiyo hamkorligi, barqarorligi va xavfsizligiga erishib bo‘lmaydi. Gap Toshkentda Afg‘oniston bo‘yicha bo‘lib o‘tgan «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzusidagi xalqaro anjuman haqida.

Shavkat Mirziyoyev o‘z chiqishida asrlar davomida bir daryodan suv ichib kelgan xalqlarimiz erkinlikda, savdo aloqalarini yaqindan rivojlantirish, ilm-fan yutuqlari bilan o‘rtoqlashish va bir-birini madaniy jihatdan boyitish muhiti va an’analarida yashab kelganiga bejiz urg‘u bermadi, albatta. Biz o‘rganib ketgan tushunchadagi Markaziy Osiyo aslida barcha imperiyalarga xos ravishda Rossiya imperiyasining ham «maydalab yut» siyosati o‘laroq uzoqni ko‘zlab shakllantirilgan makon sanaladi. Geografiya fani nuqtai nazaridan, shuningdek UNESKO e’tirofiga ko‘ra esa Markaziy Osiyo deganda ancha katta hudud, jumladan Afg‘oniston ham anglashiladi. Bir so‘z bilan aytganda, qadimdan Amudaryoning ikki tarafini qamrab olgan ulkan tarixiy-geografik mintaqa prezident urg‘u bergan yagona madaniy-sivilizatsiya makonining o‘zginasidir. Mazkur kenglikda ming yillar ichra kechgan siyosiy, iqtisodiy, madaniy munosabatlar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tmaymiz. Zero, ma’ruzada afg‘on yerida Abu Rayhon Beruniy, Lutfiy, Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab kabi buyuk namoyandalar va boshqa ko‘plab ulug‘ ajdodlarimiz yashab ijod qilgani eslatilishining o‘ziyoq gapning isboti ham borligiga ishoradir.

Ma’ruza boshidayoq «urush olovi» afg‘on xalqiga chetdan tiqishtirilganini urg‘ulash o‘zbek rahbarining ham tor, ham keng ma’nodagi Markaziy Osiyo barqarorligi masalasida kuchli siyosiy iroda egasi ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi. Agar xuddi shu yig‘ilishda so‘nggi ikki yuz yil ichida Afg‘onistonda necha karra ulush olovini yoqqan kuchlarning vakillari ham, XIX asr geosiyosiy qarama-qarshiligi «namuna»si, aslida sarqiti o‘laroq muomalaga kirib qolgan «katta o‘yin» (Great (Grand) game) XXI asrda ham «hayotbaxshligi»dan u yoki bu darajada manfaatdorlar ham borligi inobatga olinsa, yigirma besh davlat va xalqaro tashkilot, jumladan BMT va YeI rahbarlari, vakillarini bir yerga yig‘ib, «xavfsizlik yagona va bo‘linmasdir, uni faqat birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan ta’minlash mumkin. Biz xavf-xatarlarning ba’zi birlarini «o‘zimizniki», boshqasini esa «birovniki» deb qabul qilmasligimiz kerak, aniqroq aytganda, bunday qilishga haqqimiz yo‘q» degan fikrni singdirish va ularni bunga rasman ko‘ndirish oson ish emasligini tasavvur qilish qiyin emas.

Qirq yildan beri davom etib kelayotgan, «afg‘on mojaro»si deya ataladigan, aslida esa «katta o‘yin»lar mojarosidan azob chekib kelayotgan ko‘p millatli bu yurt hayotini o‘nglash, tinch muzokaralar yo‘rig‘iga solib yuborishda Toshkent anjumani asosli umid va ishonch tug‘dirishi tabiiy deb o‘ylaymiz. To‘g‘ri, O‘zbekiston tashabbusi bilan 1999 yili poytaxtimizda «6+2» guruhining uchrashuvi bo‘lib o‘tgan, unda Shimoliy ittifoq va «Tolibon» harakati vakillari ham ishtirok etgan edi. Lekin o‘tgan deyarli yigirma yil ichida Afg‘onistonning o‘zida ham, atrofida, xususan Markaziy Osiyoda, hatto uzoqlarda ham e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydigan o‘zgarishlar yuz berganini esda tutishga to‘g‘ri keladi. Davlatimiz rahbari mazkur omillarga ham to‘xtaldi. Ulardan eng asosiysi, shubhasiz, «urush, muhtojlik va qiyinchiliklardan charchagan afg‘onlarning o‘zaro nizolarga chek qo‘yib, tinch hayotga, o‘z mamlakatini taraqqiyot va farovonlikka olib boradigan bunyodkor mehnatga qaytishni xohlashlari va shunga intilishlaridir». Mazkur xohish va intilishlarni ro‘yobga chiqarish masalasida ham ma’ruzada aniq g‘oya va takliflar bor: islom dinining insonparvarlik mohiyatini aholi va ayniqsa yoshlarga tushuntirish, Afg‘onistonda ta’limni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus xalqaro jamg‘arma tuzish, jamiyatda ta’limning nufuzini oshirish va yoshlarning kamolotga intilishini rag‘batlantirish orqali barqaror va izchil taraqqiyotni kafolatlash, eng muhimi, yosh avlodni zo‘ravonlik va radikalizm mafkurasidan himoya qilish!

Shavkat Mirziyoyevning «ochiq demokratik saylov o‘tkazilgan paytdan boshlab bu yurtda davlat qurilishining yangi davri boshlandi» degan ta’kidi tilga olingan omilga uyg‘unligini ham nazardan qochirib bo‘lmaydi. Asrlar davomida yakkahukmronlik negizida boshqarib kelingan davlat va jamiyatning 2004 yildan xalq irodasi va demokratiyaga asoslangan tuzum barpo etish, davlat hokimiyatini erkin saylov orqali shakllantirish bosqichiga qadam qo‘ygani, qanchalik qiyin bo‘lmasin, shu tarzda o‘tgan o‘n to‘rt yil bugungi afg‘on jamiyati, ayniqsa yosh avlod ongiga ijobiy ta’sir o‘tkazgani shubhasizdir. Shu ma’noda, ma’ruzada topib aytilganidek, «Afg‘onistondagi qurolli qarama-qarshilik va zo‘ravonlik sharoitida voyaga yetgan butun bir avlod... «boy berilgan avlod» emas». Aksincha, aynan ular – qariyb yarim asrlik urush fojiasini boshdan kechirganlar tinchlikning qadrini chuqurroq anglaydilar.

Demak, hozir ko‘p narsa siyosatchilar – Afg‘oniston ichkarisi va tashqarisidagi arboblarga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Aynan shu sababdan ham O‘zbekiston prezidenti tashabbus ko‘rsatib, barcha manfaatdor, umumiy ishga foydasi tegishi mumkin bo‘lgan taraflar, kuchlarni Toshkentga chorlab, birgalikdagi sa’y-harakatlarning asosiy maqsad va vazifalarini, keng qamrovli tinchlik jarayonini amalga oshirishning uchta o‘zaro bog‘liq darajasini (Afg‘oniston, mintaqa va yalpi) – o‘ziga xos «yo‘l xaritasi» tamoyillarini taqdim etdi. Ularga erishish yo‘lida barcha imkoniyatlarni ishga solish, sharoit yaratib berishga tayyorligimizni e’lon qildi. Zero, «Afg‘oniston xavfsizligi – O‘zbekiston xavfsizligi, butun bepoyon Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasi barqarorligi hamda taraqqiyotining garovidir».

Azamat Ziyo,
tarix fanlari doktori, professor

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring