Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston «Afg‘on masalasi» bo‘yicha taklif bilan chiqdi

O‘zbekiston «Afg‘on masalasi» bo‘yicha taklif bilan chiqdi

Joriy yilning 30 va 31 mart kunlari Xuanshan shahrida (XXR) Afg‘onistonga qo‘shni davlatlarining 3-vazirlar konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Rossiya, Xitoy, Eron, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston hukumatlari a’zolari va tashqi ishlar vazirlari ishtirok etdi.

Konferensiya doirasida Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar tashqi ishlar idoralari rahbarlarining Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amir Xon Muttaqiy boshchiligidagi Afg‘oniston muvaqqat hukumati delegatsiyasi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda Indoneziya va Qatar tashqi ishlar vazirlari mehmon sifatida qatnashdilar.

Ushbu tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi nomidan Bosh vazir o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov ishtirok etdi.

Konferensiyada mojarodan keyingi davrda Afg‘onistondagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida ko‘p tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Tomonlar ichki va tashqi muammolarni hal qilishda Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlashning eng samarali yondashuvlari yuzasidan fikr almashdilar. Shu bilan birga, mamlakat muvaqqat hukumati tomonidan ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar e’tirof etildi.

Afg‘oniston inqirozini tinch yo‘l bilan hal qilish uchun mintaqa davlatlarining sa’y-harakatlarini birlashtirish, mamlakatda barcha etnik va siyosiy guruhlarning ishtirokiga asoslangan inklyuziv hukumat tuzishni jadallashtirish, shuningdek, inson hamda ayollar va milliy ozchiliklarnining huquqlarini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi. Afg‘oniston muvaqqat hukumati tomonidan mamlakatdagi terroristik tashkilotlar faoliyatiga yo‘l qo‘ymaslik hamda Afg‘oniston hududidan qo‘shni davlatlarga tahdidlarning oldini olish bo‘yicha o‘z majburiyatlari bajarilishining muhimligiga, shuningdek, xalqaro hamjamiyatning boshqa talablariga alohida e’tibor qaratildi.

Konferensiyada so‘zga chiqqan S.Umurzoqov Afg‘onistonga mavjud muammolarni bartaraf qilish, milliy iqtisodiyotni qayta jonlantirish, ijtimoiy masalalarni hal etish va mamlakat hayotini normallashtirishda ko‘maklashishga qaratilgan mintaqaviy hamkorlikni muvofiqlashtirishni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi. Afg‘oniston muvaqqat hukumatini xalqaro miqyosda tan olishning mexanizmi va mezonlarini ishlab chiqish taklif qilindi. Ushbu choralar mamlakatning mintaqaviy makon va xalqaro hamjamiyatga integratsiyalashuvini tezlashtirish imkonini beradi.

Shuningdek, O‘zbekiston tomoni mintaqa davlatlari, hamkor mamlakatlar va Afg‘oniston bilan barcha ustuvor yo‘nalishlarda, jumladan, iqtisodiy jihatdan tiklashni tezlashtirish va afg‘on xalqining turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan yirik infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishda hamkorlikni davom ettirishga sodiqligini bildirdi.

Anjuman yakunida taraflarning qo‘shma bayonoti va Afg‘onistonni iqtisodiy jihatdan tiklashni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «Tunsi tashabbusi» qabul qilindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring