O‘zbekiston elchixonasi Moskvadagi voqea bo‘yicha Rossiya TIVga nota yubordi

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligida migratsiya masalalari bo‘yicha Rossiya tomoni bilan har oy o‘tkaziladigan navbatdagi uchrashuv tashkil etildi. Bu haqda vazirlik matbuot kotibi Ahror Burhonov ma’lum qildi.
Uchrashuvda Rossiya hududidagi ayrim holatlarda O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan ruxsatsiz tekshiruvlar, hurmatsizlik va qo‘pol muomalalar kuzatilayotgani to‘g‘risidagi xabarlar tashvish uyg‘otayotgani ta’kidlangan.
Bunday holatlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarga aslo to‘g‘ri kelmasligi, ularning oldini olish uchun aniq chora-tadbirlar zarurligiga e’tibor qaratdik, deb yozdi Burhonov.
O‘zbekiston Respublikasi xorijda yashayotgan va vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilishni o‘zining ustuvor vazifasi deb biladi.
Ushbu masala yuzasidan O‘zbekistonning Moskva shahridagi elchixonasi tomonidan ham Rossiya tomoni bilan tegishli diplomatik kanallar orqali muloqot olib borilmoqda.
O‘zbekiston tomoni barcha fuqarolarga nisbatan xalqaro huquq va inson huquqlariga rioya qilinishini ta’minlashga chaqiradi. Shu munosabat bilan, Rossiya Federatsiyasining tegishli idoralari O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitmaslikka chaqirildi.
Moskvadagi holat yuzasidan Rossiya tashqi ishlar vazirligiga O‘zbekiston elchixonasi tomonidan nota yuborilib, ushbu holatga izoh berish hamda inson huquqlari yaqqol buzilganligi aks etganligi, bu esa qabul qilib bo‘lmas holatligi ta’kidlanib, kuch ishlatar tashkilot vakillarining harakatlariga huquqiy baho berish so‘ralgan.
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirligi ushbu masalani o‘zining doimiy nazoratida ushlab turadi va kerakli hollarda qo‘shimcha choralar ko‘rishni davom ettiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter