O‘zbekiston germaniyaliklarda qay jihatdan qiziqish uyg‘otmoqda? Elchi Tilo Klinner aniqlik kiritdi

Germaniya elchisi Tilo Klinner.
6 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi va Germaniya Federativ Respublikasi o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 30 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan videomurojaat yo‘llagan Germaniyaning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi, huquqshunoslik fanlari doktori Tilo Klinner ikki tomonlama hamkorlik holatiga baho berdi.
«Iqtisodiy sohadagi yutuqlarni alohida mamnuniyat bilan qayd etishni istardim. Ko‘plab qiyinchiliklar, jumladan, pandemiyaga qaramay, savdo aloqalarimiz yaxshigina rivojlandi. GSP+ maqomi orqali O‘zbekiston Yevropa bozoriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatiga ega. O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlari endilikda Yevropada boj to‘lovlarisiz sotilishi mumkin. Paxta terimida korxonalar tomonidan qo‘llangan bolalar mehnati va majburiy mehnatni bartaraf etishda O‘zbekiston sezilarli yutuqlarga erishdi», – deydi diplomat.
Qayd etilishicha, germaniyalik sarmoyadorlarning O‘zbekistonga qiziqishi ortmoqda. Bu borada 2021 yil oxirida bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida 100 kishili delegatsiyaning Frankfurt va Myunxenga tashrifini eslab o‘tish joiz.
«Insonlar uchun adliya sohasidagi islohotlar ustida ham birgalikda ishlamoqdamiz. Huquqiy davlat qurish – raqobatbardosh hamda muvaffaqiyatli davlat barpo etishda muhim talablardandir. Biz O‘zbekistonni ko‘p sohalarda, professional va oliy ta’lim bo‘yicha hamkorlik hamda barqaror rivojlanish asosida modernizatsiyaga qaratilgan sa’y-harakatlarida qo‘llab-quvvatlaymiz», – deydi olmon elchisi.
Diplomat pandemiya tugagach, O‘zbekistonga Germaniyadan ko‘p sonli sayyohlar kelishi kutilayotganini ham ma’lum qilgan.
«O‘zbekiston ko‘plab germaniyaliklarda o‘zining boy madaniyati, Buyuk ipak yo‘lining madaniy va iqtisodiy markazi sifatida alohida qiziqish uyg‘otadi. Aminmanki, pandemiya tugashi bilan yanada ko‘plab germaniyalik sayyohlar O‘zbekistonga tashrif buyuradi», – deydi Tilo Klinner.
Germaniya mamlakatimiz mustaqilligini 1991 yil 31 dekabrda tan olgan, 1992 yil 6 mart kuni o‘zaro diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan.
Germaniya O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi davlatlari orasida asosiy savdo-iqtisodiy hamkori sanaladi. Keyingi yillarda o‘zaro savdo aylanmasi qariyb 60 foizga o‘sdi. O‘zbekistonda Germaniya sarmoyasi ishtirokidagi 200 ga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda. MAN, Claas, Knauf, Papenburg, Volkswagen, Viessmann, Siemens, Bosch kabi mashhur shirkatlar bilan loyihalar amalga tatbiq etilmoqda.
O‘sib borayotgan savdo-iqtisodiy munosabatlarda, shubhasiz, til omili ham muhim o‘rin tutadi. O‘zbekiston mazkur tilni o‘rganuvchilar soni bo‘yicha Osiyoda yetakchi sanaladi. Hozirda yurtimizdagi 1600 maktabning 300 mingdan ziyod o‘quvchisi olmon tilini o‘rganmoqda. 10 ta maktabda olmon tili chuqurlashtirilgan holda o‘qitiladi. 6 ta o‘rta ta’lim maktabi esa mazkur til bo‘yicha diplom (DSD) berish huquqiga ega. Oliy o‘quv muassasalarida Gyote tilini o‘rganayotganlar soni 19 mingni tashkil etadi.
Germaniya pandemiya oqibatlarini yengish bo‘yicha xalqaro tashabbuslarni ilgari surib, jahon mamlakatlari, jumladan, O‘zbekistonga amaliy yordam ko‘rsatdi. Xususan, Germaniya ko‘magi bilan mamlakatimizga koronavirusga qarshi vaksinaning yirik partiyasi yetkazib berildi. Rasmiy Berlin O‘zbekistonga pandemiyaga qarshi kurash doirasida moliyaviy ko‘mak ham ajratdi.
O‘zaro hamkorlikni rivojlantirishda oliy darajadagi tashriflar muhim ahamiyat kasb etadi. 2019 yil yanvar oyida prezident Shavkat Mirziyoyev Germaniyaga safar qilgan. O‘sha yilning may oyida Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer yurtimizda mehmon bo‘lgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter