O‘zbekistonda yangi partiya tuzildi
Bugun, 14-noyabr kuni Toshkent shahridagi Xalqaro savdo markazida ekologik siyosiy partiya tuzish bo‘yicha tashabbuskorlar majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Ekoharakat matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda ekologik siyosiy partiyaning ta’sis hujjatlarini tayyorlash, uning a’zolar tarkibini shakllantirish hamda ta’sis s’yezdini chaqirish vazifalarini amalga oshiruvchi tashkiliy qo‘mitani tuzish, shuningdek, tashkiliy qo‘mitaning tarkibi, rahbari, joylashgan manzili va ta’sis se’zdini chaqirish muddati masalalari muhokama qilindi.
Qizg‘in muhokamalardan so‘ng, tashabbuskorlar tomonidan bir ovozdan O‘zbekiston fuqarolarining bugungi va kelajak avlodlarini qulay sharoitda yashash huquqini himoya qilish, barqaror rivojlanish maqsadlarida iqtisodiyot, ijtimoiy soha, atrof muhitni muhofaza qilish va fuqarolar salomatligini saqlashga yo‘naltirilgan tizimli o‘zgarishlarga jamiyatning barcha kuchlarini birlashtirishga da’vat qiladigan siyosiy kuch — ekologik siyosiy partiya tuzish taklifi ma’qullandi.
Shuningdek, majlisda atrof muhitni va aholi salomatligini muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga hayrixoh bo‘lgan keng jamoatchilik vakillaridan tashkil topgan ekologik siyosiy partiya tuzish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita shakllantirildi. Tashkiliy qo‘mitaga partiyani tashkil etish «yo‘l xaritasi»ni, ta’sis hujjatlarini tayyorlash va boshqa tashkiliy-huquqiy jarayonlarni amalga oshirish vazifalari yuklatildi.
Muhokamlardan, taklif va mulohazalardan so‘ng yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan partiyani «O‘zbekiston ekologik partiyasi» deb nomlash yuzasidan qaror qabul qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter