O‘zbekistonning Serbiyadagi yangi elchisi tayinlandi

O‘zbekistonning Favqulodda va Muxtor Elchisi (qarorgohi Budapesht shahrida joylashgan) Oybek Shaxavdinov Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchichga ishonch yorliqlarini topshirdi.
Marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Serbiya munosabatlarining bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Serbiya tomoni O‘zbekistonning Janubi-Sharqiy Yevropadagi diplomatik ishtirokini kengaytirish bo‘yicha qadamlarini ijobiy baholab, hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.
Siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish uchun salmoqli salohiyat mavjudligi ta’kidlandi. Tomonlar turli darajadagi munosabatlarni faollashtirish, hamkorlikning huquqiy asoslarini ishlab chiqish va bevosita ishbilarmonlik aloqalarini qo‘llab-quvvatlashdan manfaatdorligini bildirishdi.
Sanoat, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, mehnat migratsiyasi, ta’lim va turizm kabi sohalardagi loyihalarni ilgari surishning muhimligi qayd etildi. Ikki mamlakat iqtisodiyotining bir-birini to‘ldiruvchi xususiyatini hisobga olgan holda, qo‘shma tashabbuslar, jumladan, xususiy sektorni jalb qilish imkoniyatlariga e’tibor qaratildi.
Eslatib o‘tamiz, Oybek Shaxavdinov 2024-yilning mart oyida O‘zbekistonning Vengriyadagi birinchi elchisi etib tayinlangan edi. Keyinchalik u Xorvatiya (2024-yil noyabrdan), Chernogoriya (2024-yil noyabr) va Sloveniyada (2024-yil dekabr) elchi sifatida akkreditatsiyadan o‘tdi.
Xorijiy diplomatik lavozimlarga tayinlangunga qadar u O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining Yevropa mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi institutlari bilan hamkorlik boshqarmasi rahbari lavozimida ishlagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter