Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zLiDeP tashabbusi bilan eng chekka mahallalardan yangi tadbirkorlar kashf etilmoqda

O‘zLiDeP tashabbusi bilan eng chekka mahallalardan yangi tadbirkorlar kashf etilmoqda

Xorazmda “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida “Ishbilarmon ayol” tanlovining hududiy respublika bosqichi o‘tkazildi. O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tanlovda viloyatning 500 dan ortiq mahallasi va tadbirkorlik subyekti qamrab olindi.

Saralash bosqichlarida 3054 nafardan ziyod tadbirkor xotin-qiz ishtirok etdi. Ular orasidan 13 nafar eng istiqbolli ishbilarmon ayol viloyat bosqichida o‘z biznes loyihalari va faoliyatini namoyish qildi.

Tanlovning o‘ziga xos jihati – tadbirkorlarni faqat yirik shaharlardan emas, mahallalardan izlashga urg‘u berilgani. Yangi ish o‘rinlari yaratayotgan, mahalliy mahsulot ishlab chiqarayotgan, eksport qilayotgan yoki qishloq xo‘jaligida yangi yondashuvlarni qo‘llayotgan ayollar saralash jarayonida aniqlandi.

Viloyat bosqichida Xiva shahridagi “Khiva Plaza” MChJ rahbari Lola Mirzayeva birinchi o‘rinni egalladi. Korxonada 150 nafar xodim ishlaydi. Ikkinchi o‘rin “Shovot-Qumtepa” fermer xo‘jaligi rahbari Oychehra Tohirovaga nasib etdi. Xo‘jalikda shifobaxsh giyohlar yetishtirilmoqda.

Uchinchi o‘rinni “Marjona tekstil” MChJ rahbari Dilafro‘z Bekjanova oldi. Korxonada 70 nafar xotin-qiz doimiy ish bilan ta’minlangan. 2025 yilda korxona Rossiyaga 200 ming dollarlik bolalar kiyimlari eksport qilgan.

Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, tanlovdan maqsad – mahallalarda o‘z ishini yo‘lga qo‘ygan xotin-qizlarni aniqlash, ularning tajribasini ommalashtirish va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash.

Xorazmdagi 3054 nafar ishtirokchi esa mahallalarda tadbirkorlik salohiyati qanchalik keng ekanini ko‘rsatmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring